platina.uz

Xitoyni vayron qilgan madaniy inqilob

Uning oqibatlari shunchalik dahshatli ediki, Den Syaopin boshchiligidagi Xitoy rahbariyati mamlakatni qayta tiklash uchun chuqur islohotlar oʻtkazishga majbur boʻldi.

Tahlil
20-yanvar, 9:04
Xitoyni vayron qilgan madaniy inqilob
Fotokollaj: Platina.uz

XX asrning ikkinchi yarmi Xitoy uchun tub oʻzgarishlar davri boʻldi. Bu buyuk mamlakat tarixidagi eng fojiali va bahsli voqealaridan biri – 1966 yil may oyida boshlanib, 1976 yil oktabrigacha davom etgan “Buyuk proletar madaniy inqilobi” hisoblanadi. Mao Szedun tashabbusi bilan amalga oshirilgan mazkur inqilob mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy tarixida chuqur iz qoldirdi, uning oqibatlarini Xitoy bugun ham his qilmoqda.

Madaniy inqilob nima?

Madaniy inqilob – bu sovet Rossiyasi va Xitoyda jamiyatning madaniy va mafkuraviy hayotini tubdan qayta qurishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.

Mafkuraviy kontekst va falokatning boshlanishi

Madaniy inqilob 1960-yillarning boshlarida Mao Szedun Xitoy Kommunistik partiyasidagi (XKP) taʼsirini yoʻqotganidan soʻng, nazoratni qayta qoʻlga kiritishga boʻlgan shaxsiy ambitsiyalaridan kelib chiqqan. U partiya va hukumatni marksistik-leninistik tamoyillardan chetga chiqishda ayblab, “burjua tafakkuri”ning har qanday unsurlarini yoʻq qilishga qaror qildi.

1966 yil may oyida XKP markaziy qoʻmitasi "May direktivasi"ni eʼlon qildi va bu harakatni boshladi. Mao "toʻrtta eskirgan narsa"(eski gʻoyalar, eski madaniyat, eski urf-odatlar va odatlar)ga qarshi kurash shiori ostida yoshlarni safarbar qildi va tartibsizlik quroliga aylangan Qizil gvardiyalarni (Xunveybinlar) yaratdi. Ularning soni millionlarga yetdi va ular nafaqat madaniy qadriyatlarni, balki odamlarning taqdirini ham yoʻq qilishga kirishib ketdi.

Ijtimoiy va madaniy inqiroz

Madaniy inqilob nafaqat yodgorliklar, kitob va sanʼat asarlarining yoʻq qilinishi, balki ommaviy qatagʻonlarga ham sabab boʻldi. Professor Fu Ley kabi olimlar hibsga olinib, kamsitilgan va oʻz joniga qasd qilishga majbur etilgan.

4,2 milliondan ortiq kitoblar, oʻn minglab tarixiy obidalar, jumladan, qabrlar, ibodatxonalar va qoʻlyozmalar yoʻq qilindi.

Ziyolilar, jumladan, professorlar, doktor, muhandis va rassomlar “jismoniy mehnat vositasida qayta tarbiyalash” uchun qishloq xoʻjaligi ishlariga yoki fabrikalarga majburan joʻnatilgan. Misol uchun, taniqli yozuvchi Ba Szin zavodda ishlagan, u yerda adib uning malakasiga mutlaqo mos kelmaydigan jismoniy ishlarni bajargan.

“Pastga – qishloqqa” dasturi doirasida 1968-1976 yillarda 17 millionga yaqin yoshlar, jumladan, talabalar va bitiruvchilar qishloqlarga joʻnatildi. Ular nafaqat ogʻir sharoitlarda yashagan, balki koʻpincha shahardan tashqariga chiqqanini koʻrgan mahalliy aholining ishonchsizligiga duch kelishgan.

Gansu muzofotida xunveybinlar buzib tashlagan Budda haykali.

Universitetlar yopildi, taʼlim tizimi xarob boʻldi. 1966-1970-yillarda oliy oʻquv yurtlarida talabalar soni 60 foizdan pastga tushib ketdi. Mamlakat samarali mutaxassislarning butun avlodini yoʻqotdi, bu esa iqtisodiy va ilmiy rivojlanishga taʼsir koʻrsatdi.

Yuz minglab oilalar ajrashib ketdi, millionlab odamlar “mehnat orqali qayta tarbiyalash” uchun qishloqlarga surgun qilindi. Ularning koʻplari ochlik, kasallik yoki mashaqqatli mehnatdan vafot etishdi.

"Kichik Qizil kitob" qanday rol oʻynadi?

Mao Szedunning iqtiboslari kitobi, shuningdek, “Kichik Qizil kitob” nomi bilan tanilgan, Lin Byao 1960-yillarning oʻrtalarida tuzgan matnlar, nutqlar va shiorlar toʻplamidir. Madaniy inqilob davrida har bir haqiqiy inqilobchi oʻzi bilan bu kitobning nusxasini yonida olib yurishi va oʻqib yurishi kerak edi. Koʻpincha Qizil gvardiyachilar bir-birlarini ushbu kitobdan olingan iqtiboslar bilan kutib olishar edi. Hozirgacha butun dunyo boʻylab Maoning "Iqtiboslar kitobi"ning 1 milliardga yaqin nusxasi chop etilgan.

Iqtisodiy zarar

Madaniy inqilob jiddiy iqtisodiy yoʻqotishlarga olib keldi. Shanxay kabi ayrim provinsiyalarda sanoat ishlab chiqarishi inqilob davrida 10-20% ga kamaydi. 1968 yilda qishloq xoʻjaligi ishchi kuchining koʻp koʻchishi sababli oqsay boshladi, bu esa gʻalla hosilining pasayishiga olib keldi. Masalan, Anxuy provinsiyasida hosil yetishmasligi sababli ommaviy toʻyib ovqatlanmaslik holatlari kuzatilgan.

Partiya va boshqaruv xodimlarining doimiy “tozalab turilishi” boshqaruv tizimini falajladi. Natijada milliy iqtisodiyot tanazzulga yuz tutdi, aholining turmush darajasi keskin pasaydi. Rasmiy hisob-kitoblarga koʻra, millionlab odamlar ochlikdan yoki qatagʻon oqibatlaridan oʻlgan.

Siyosiy oqibatlar

Madaniy inqilob Xitoy Kommunistik partiyasiga ishonchni susaytirdi. 1971 yilda “Lin Byao jinoyat ishi” kabi partiya ichidagi tozalashlar oʻn minglab partiya amaldorlarining hayotiga zomin boʻldi. Mao Szedun oʻz hokimiyatini mustahkamladi, ammo inqilob oxiriga kelib mamlakat chuqur inqiroz holatiga tushib qoldi. 1976 yil sentabrida – Mao oʻlimidan soʻng, partiya Maoning rafiqasi Szyan Sinni ham oʻz ichiga olgan “Toʻrtlik toʻdasi”ni “Madaniy inqilob”da ayblab, ulardan oʻzini chetga tortdi. 1981 yilda rasmiy partiya plenumida Madaniy inqilob "oʻn yillik falokat" deb taʼriflandi.

“Madaniy inqilob” qanday oqibatlarga olib keldi?

Bugungi hisob-kitoblarga koʻra, madaniy inqilob davrida 1,4 milliondan 1,6 milliongacha xitoyliklar oʻldirilgan. Ularning aksariyati mamlakatda tartib oʻrnatish uchun har qanday yoʻl bilan kurashgan Xalq-ozodlik armiyasining “tozalash” operatsiyalari natijasida halok boʻlgan. “Madaniy inqilob”ning bir qancha ijobiy taʼsirlari orasida sogʻliqni saqlash tizimini joriy etish (rivojlanmagan boʻlsa ham) va ishchilar va dehqonlar uchun maktab taʼlimini isloh qilish kiradi.

Hozir Xitoyda “madaniy inqilob”ga qanday baho beriladi?

1981 yilda Den Syaopin "Toʻrtlik toʻdasi" ustidan ochiq sud oʻtkazishga ruxsat berdi va madaniy inqilobni "partiya va xalq uchun katta falokat" deb atadi. Bugungi kunda rasmiy partiya “Mao 30 foiz nohaq boʻlgan, ammo 70 foiz haq boʻlgan” deb hisoblaydi. Xitoy Maoning “doimiy inqilob” haqidagi gʻoyalaridan voz kechganiga ancha boʻlgan. Bugungi kunda partiya qatʼiy iyerarxiyani ifodalaydi, mamlakatda hokimiyat monopoliyasiga ega va ijtimoiy barqarorlikka alohida eʼtibor beradi.

Nega “madaniy inqilob” barbod boʻldi?

“Madaniy inqilob” boshidanoq hal qilib boʻlmaydigan qarama-qarshiliklarni oʻz ichiga oldi. Mao bir vaqtning oʻzida inqilobchi boʻlishni xohladi, eski iyerarxiyalarni buzdi, lekin ayni paytda toʻliq – avtoritar nazoratni oʻz qoʻlida saqlab qoldi. Bu qarama-qarshilik shiddatli fraksiyaviy janglarga aylanganda, Mao tartibni tiklash uchun harbiylarni jalb qildi.

"Yangi odam" orzusi koʻmildi. Uning oʻrniga "qurolning nayzasidan chiquvchi hokimiyat" keldi. Natijada yana lenincha model asosida qurilgan – iyerarxiya va byurokratiyaga ega partiya paydo boʻldi. Mao oʻlimidan soʻng uning koʻplab raqiblari, jumladan, oʻz islohotlari bilan Xitoyni yangi rivojlanish davriga eltgan Den Syaopin hokimiyatni oʻz qoʻliga oldi.

Fojia saboqlari

Madaniy inqilob ekstremizm, shaxsga sigʻinish va anʼanalarni yoʻq qilish nimalarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirishdir. Uning oqibatlari shunchalik dahshatli ediki, Den Syaopin boshchiligidagi Xitoy rahbariyati mamlakatni qayta tiklash uchun chuqur islohotlar oʻtkazishga majbur boʻldi. 1978 yilda Xitoyni keyinchalik iqtisodiy gigantga aylantirish yoʻlini ochib bergan islohotlar va ochiqlik dasturi boshlandi.

Biroq madaniy inqilob xotirasi ogʻriqli mavzu boʻlib qolmoqda. Modernizatsiyaga boʻlgan intilishlarga qaramay, bu davrning koʻplab jihatlari jamiyatda muhokama qilinyapti va sanʼat, adabiyot va akademik tadqiqotlarda oʻz aksini topyapti. “Madaniy inqilob”ning achchiq tajribasi – Xitoy uchun bu hech qachon unutilmasligi shart boʻlgan saboqdir.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+