platina.uz

Oʻtgan yili Oʻzbekistonga xorijdan salkam 15 mlrd dollar pul joʻnatildi

Ushbu davrda jismoniy shaxslar tomonidan banklarga 16,1 mlrd dollar sotilgan. 

Iqtisod
20-yanvar, 18:00
Oʻtgan yili Oʻzbekistonga xorijdan salkam 15 mlrd dollar pul joʻnatildi

Markaziy bank jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari boʻyicha qisqacha sharhni eʼlon qildi.

2024 yilda Oʻzbekistonga kelib tushgan pul oʻtkazmalari oʻtgan yilga nisbatan 30 foizga yoki 3,4 mlrd dollarga koʻpayib, 14,8 mlrd dollarni tashkil qildi.

Mablagʻlarning 77 foizi Rossiyadan (11,5 mlrd doll) kelib tushgan boʻlib, 2023 yilga nisbatan 29 foizga oshgan. Mazkur transfertlarning qolgan qismi Qozogʻiston (795 mln doll), AQSh (577 mln doll), Janubiy Koreya (534 mln doll), Turkiya (405 mln doll), Buyuk Britaniya (135 mln doll) va boshqa mamlakatlardan oʻtkazilgan.

2024 yilda Oʻzbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmida 2023 yilga nisbatan Buyuk Britaniyadan 83 foizga, Janubiy Koreyadan 56 foizga, AQShdan 35 foizga hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 32 foizga oʻsish kuzatildi.

Shuningdek, 2024 yilda Oʻzbekistondan chet elga yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi 2,8 mlrd dollarni (2023 yilga nisbatan oʻsish 19 foiz) tashkil qildi.

2024 yilda banklar hamda jismoniy shaxslar oʻrtasidagi chet el valyutasi oldi-sotdi operatsiyalari aylanmasining umumiy hajmi 2023 yilga nisbatan 19 foizga (4 mlrd doll) koʻpayib, 25,5 mlrd dollarni tashkil etdi.

Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan banklarga 16,1 mlrd dollar miqdoridagi yoki 2023 yilga nisbatan 31 foizga koʻp (2023 yilda 12,3 mlrd doll) chet el valyutasi sotilgan.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan banklardan xarid qilingan chet el valyutasi hajmi 2023 yilga nisbatan 3 foizga oʻsib, 9,4 mlrd dollarga yetdi (2023 yilda 9,1 mlrd doll).

Natijada, jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan chet el valyutasi hajmi sotib olingan chet el valyutasi hajmidan 6,7 mlrd dollarga koʻp boʻlib, ushbu ijobiy farq oʻz navbatida ichki valyuta bozorida qoʻshimcha taklif manbai boʻlib xizmat qildi.

Banklarning respublika boʻylab valyuta ayirboshlash shoxobchalari umumiy soni yil davomida 20 foizga oshib, 6,2 mingtaga yetkazildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+