platina.uz
Jahon

"Hammasi ertaga boshlanadi": Tramp inauguratsiya oldidan nutq soʻzladi

U millionlab noqonuniy migrantlarni haydab, Uchinchi jahon urushining oldini olishini aytdi. Shuningdek, Tik Tok ilovasi ham qayta ochiladi. 

"Hammasi ertaga boshlanadi":  Tramp inauguratsiya oldidan nutq soʻzladi

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp inauguratsiya arafasida Vashingtondagi Capital One Arena stadionida oʻz tarafdorlari yigʻilishida nutq soʻzladi.

U prezidentlik faoliyatining birinchi kunidayoq koʻplab ijro farmoyishlarini imzolashga vaʼda berdi. "Biz gʻalaba qozondik!" dedi Tramp nutqining boshida olomonni olqishlab.

Uning soʻzlariga koʻra, yangi maʼmuriyat “Vashingtondagi muvaffaqiyatsiz tuzum hukmronligiga barham beradi” va “Amerikani yana buyuk qiladi”.

"Ertaga tushda Amerikaning toʻrt yillik tanazzuliga parda yopiladi va biz Amerika kuchi va farovonligi, qadr-qimmati va gʻururining butunlay yangi bobini boshlaymiz. Keling, buni bir marta va butunlay qaytarib olaylik", dedi Tramp.

U shuningdek, dushanba kungi inauguratsiya nutqida aniq chora-tadbirlarni belgilashga vaʼda berib, AQSh chegarasiga noqonuniy muhojirlarning "bosqinini" toʻxtatishini aytdi.

Mutaxassislarning aytishicha, uning millionlab noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish haqidagi vaʼdasi katta logistik muammolarga duch keladi va oʻnlab yoki yuzlab milliard dollarga tushishi mumkin. Tramp dushanba kuni amerikaliklarni "juda xursand qiladigan" bir qator ijro farmoyishlarini imzolashni rejalashtirayotganini aytdi.

"Hammasi ertaga boshlanadi. Ertaga televizor tomosha qilishdan juda xursand boʻlasiz", deb vaʼda berdi Donald Tramp.

Dushanba kuni u 200 dan ortiq hujjatlarni, jumladan, ijro farmoyishlari va prezidentning boshqa farmoyishlarini imzolashi kutilmoqda.

"Bayden maʼmuriyati bergan har bir radikal va ahmoqona buyruq men qasamyod qilganimdan keyin bir necha soat ichida bekor qilinadi", deya qoʻshimcha qildi Tramp.

Tomoshabinlarga videolar namoyish etildi, biznesmen Ilon Mask sahnaga chiqdi, Tramp yangi maʼmuriyatining asosiy aʼzolarini ham tanishtirdi.

Tramp oʻz nutqida Gʻazodagi oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi va Tik Tok ijtimoiy tarmogʻi bilan bogʻliq vaziyatga toʻxtalib oʻtdi, shuningdek, yana Ukrainadagi urushni tugatishga vaʼda berdi, biroq qanday qilib buni amalga oshirishini aytmadi.

“Bu kelishuvga faqat noyabrdagi tarixiy gʻalabamiz natijasida erishilishi mumkin edi”, dedi u Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida. Tramp, xususan, Yaqin Sharq boʻyicha maxsus vakili Stiv Vitkoffga kelishuvga erishishga yordam bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Biz prezident boʻlmasdan turib, ular prezident bilan toʻrt yil davomida erishganidan koʻra koʻproq narsani uddaladik”, dedi Tramp. Shuningdek, saylangan prezident Tramp Tik Tokni qayta ochishini aytdi va

"TikTokni saqlab qolish kerak" dedi u.

"Bugundan boshlab TikTok AQShga qaytadi", dedi Tramp. “Ochigʻini aytsam, boshqa ilojimiz yoʻq, uni saqlab qolishimiz kerak. Ishlar koʻp. Biz oʻz biznesimizni Xitoyga bermoqchi emasmiz”, — deya qoʻshimcha qildi u.

Miting boʻlib oʻtgan Vashington markazidagi Capital One Arena 20 mingga yaqin odamni sigʻdira oladi.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid