Ochilmagan sirlar: hech kim oʻqiy olmagan kitob – Voynich qoʻlyozmasi
U dunyoning tilshunos olimlari va kriptograflari uchun erishib boʻlmaydigan Everest choʻqqisi boʻlib qolyapti. Dahshatlisi, kelajakda ham zabt etilmay qolaverishi mumkin.
Hozirgacha olimlar hattoki 5000 yil avvalgi oʻtmishdan bizgacha yetib kelgan koʻplab yozma manbalarni oʻqish va tarjima qilishning uddasidan chiqishgan. Hatto Yaqin Sharqdagi sopol, devor va yogʻochlarga qoldirilgan mixxat yozuvlari, Misr iyerogliflari, Lotin Amerikasidagi Mayya tamadduni va Atstek vakillaridan qolgan yozuvlar ham oʻqilib, tarjima qilingan.
Biroq nisbatan yaqin oʻtmishimizdagi bir kitob borki, uni 100 yildan beri hech qaysi buyuk deshifrator, mantshunos, manbashunos yoki boshqa mutaxassilar oʻqiy olishmagan. Hatto bu kitobning nima maqsadda yozilgani va unda nimalar yozilgani ham nomaʼlum qolmoqda.
Bir asrlik jumboq
Ushbu qadimiy qoʻlyozma sahifalarida gʻalati shakldagi idishlar ichida oʻtirgan odamlar, tabiatda uchramaydigan gul va oʻsimliklar, yalangʻoch badanlarning gʻalati tasvirlari, yashil suyuqlikda choʻmilayotgan ayollar tasvirlangan. Qalam bilan yozilgan harflar biroz tanish koʻrinadi, lekin ayni paytda ular boshqa hech qaysi alifbo hamda yozuv turlariga oʻxshamaydi. Dunyoning eng yaxshi kriptograflari bu kitob matnini oʻqishga harakat qilmoqda, biroq ushbu oʻrta asr osori-atiqasini oʻqishning imkoni boʻlmayapti.
Bu kitobning nomi va muallifi nomaʼlum. Ehtimol, bu ikki maʼlumot kitobning forzatsida yozilgandir, lekin ularni hozirgacha hech kim oʻqiy olmagan. Uni topgan olim sharafiga shartli ravishda “Voynich qoʻlyozmasi” deb ataladigan ushbu qoʻlyozma kitob 500 yil avval yozilgan boʻlib, 240 sahifali pergamentdan iborat.
Bu kitob, shartli ravishda, chizmalar mavzusiga koʻra olti qismga boʻlinadi. Baʼzi olimlar qoʻlyozmani aqlli yolgʻon deb hisoblasa, boshqalari bu allaqchon yoʻqolib ketgan tilda yoki sunʼiy tilda yozilgan mazmunli matn ekaniga ishonchi komil. Qanday boʻlmasin, Voynich qoʻlyozmasi hanuzgacha butun dunyo kriptograflarini oʻziga jalb qiladi va hayratda qoldiradi. Tarixchi Sinkler Makkay oʻzining "Sivilizatsiya shifrlari" kitobida ushbu sirli qoʻlyozmaga alohida, kattagina bir bob bagʻishlagan. Makkay ushbu asarida sirli kitob haqidagi tekshirilgan va ishonchli maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashadi; matn atrofida paydo boʻlgan mashhur afsonalarga toʻxtalib oʻtadi.
Sirli qoʻlyozma
Bugungi kunda Voynich qoʻlyozmasi Yel universitetining Nodir kitob va qoʻlyozmalar kutubxonasida saqlanmoqda. Qoʻlyozma XX asr boshlarida Rimdagi diniy seminariyada asli polyak-litvalik boʻlgan nyu-yorklik antikvar Vilfred Voynich tomonidan 1912 yilda topilgan. Qoʻlyozma kitob ichida XVII asr oʻrtalarida qandaydir Iogann Marzi tomonidan yozilgan xat ham boʻlgan. Xatda yozilishicha, ushbu qoʻlyozma avval imperator Rudolf Ikkinchiga, keyin esa alkimyogar Georg Bareshga tegishli boʻlgan. Voynich qoʻlyozmani qanday qoʻlga kiritgani va uni AQShga qanday olib kelgani haqida hech qanday maʼlumot yoʻq.
AQShda Voynich qoʻlyozmasi Amerikaning eng yaxshi kriptograflaridan biri Uilyam Fridmanning qoʻliga tushdi. Olim bir necha oʻn yillar davomida qoʻlyozmani oʻqish uchun kurashdi, ammo harakatlari hech qanday natija bermadi. Fridman maxfiy kodlar, shifrlar, yozuvlar boʻyicha eng yaxshi mutaxassislarni oʻz ichiga olgan butun bir “kodbuzarlar” jamoasini tuzdi. Ular deshifrovka va matnshunoslik faniga maʼlum barcha usullarni ishga solishsa ham jumboqning tagiga yeta olishmadi.
Sinkler Makkay oʻzining "Sivilizatsiya shifrlari" kitobida 1951 yilda Fridman oʻzining hamkasbi Jon Tiltmanga yordam soʻrab murojaat qilganini, u eng murakkab kodlarni, shu jumladan, Yaponiya imperatorlik armiyasining kodlarini buzishda ajoyib qobiliyatga ega boʻlganini aytadi. Olim Voynich qoʻlyozmasi yechimiga turli tomonlardan yondashib koʻrgan. Masalan, u qoʻlyozma varaqlari boʻylab sochilib yotgan gullarning gʻaroyib tasvirlarini oʻrgandi, lekin u bilan bogʻlangan botanik va bogʻbonlarning hech biri bu oʻsimliklarning tabiatda borligini tasdiqlay olmadi; Tiltman yulduz burjlari (zodiak) ramzlari va yulduzli osmon tasvirlarini oʻrganib chiqdi, lekin sahifalarda tasvirlangan yulduz turkumlari butunlay xayoliy edi yoki Yevropaning turli nuqtalaridan koʻrish mumkin boʻlgan turli burjlardan tashkil topgan "yulduz ximeralari" edi.
Sunʼiy tilda yozilganmi?
Deshifrlovchi, shuningdek, qoʻlyozma matni esperanto kabi sunʼiy tilda yozilgan boʻlishi mumkin, degan gʻoyani ham tekshirib koʻrdi. Biroq yozuvdagi biron-bir soʻzni aniqlay olmadi. Uning bu til korn tili ekani, baʼzi soʻzlar atstek tilida, ayrimlari esa oʻrta asr lotin tilida yozilgan qabilidagi farazlari bor edi. Ammo bu nazariyalarning hech biri Voynich qoʻlyozmasi sirini yechishga yaqin ham yoʻlatmadi.
Tabiiyki, qoʻlyozma topilgandan soʻng darhol bu haqda turli afsonalar shakllana boshladi. Baʼzilar uning muallifi XIII asr faylasufi Rojer Bekon ekaniga ishonishgan. Boshqalar esa kitobni alkimyogar va tabiat faylasufi Jon Di – Yelizaveta Ikkinchining "saroy sehrgari" yozgan, u Yenoxian tili yoki farishtalar tili deb ataladigan tilga qiziqqan deb hisoblashadi.
Zamonaviy urinishlar
XX asrning soʻnggi oʻn yilliklarida sirli qoʻlyozmaga tatbiq etilgan yangi tadqiqot texnologiyalari paydo boʻldi. Voynich qoʻlyozmasining “yoshini” aniqlash uchun radiokarbonli uslub qoʻllab koʻrildi. Natijalar matn 1404-1438 yillar orasida yozilganini koʻrsatdi, garchi qoʻlyozma haqida birinchi eslatma pragalik kimyogar Jiri Baresning 1639 yilda tilshunos Afanasiy Kirxerga yoʻllagan maktubida uchraydi. Bu dalil Rojer Bekon bir asr oldin yashagani sababli matn muallifi boʻlishi mumkin emasligini isbotlaydi. Bundan tashqari, 1527 yilda tugʻilgan Jon Di ham shubhadan chetda qoladi.
Bu orada yana bir taxmin paydo boʻldi: Voynich qoʻlyozmasi Voynichning oʻzi tomonidan yaratilgan emish! Ayyor antikvar goʻyo bir dasta pergament topib, siyoh yordamida 240 sahifani maʼnosiz belgilar va sirli chizmalar bilan toʻldirgan emish!
Eng yangi taxminlar ham diqqatga sazovor. AQSh Milliy xavfsizlik agentligida ishlaydigan hind-yevropa tillari boʻyicha lingvist Jeyms Chayld 1976 yilda NASA Technical Journal nashrida (dastlab maxfiy boʻlgan, ammo keyinroq maxfiylikdan chiqarilgan) matn "avval nomaʼlum boʻlgan oʻrta asr shimoliy german dialektida" yozilganini daʼvo qilgan.
Chayld 2007 yildagi maqolasida “ayrim german tillariga oʻxshash bir necha elementlarning skelet sintaksisi”ni topganini va qoʻlyozma mazmuni “juda noaniq” ekanini taʼkidladi.
Balki oʻzga sayyoraliklardir?
Qoʻlyozmaning mazmuni haqida koʻplab nazariyalar mavjud, ammo koʻplab aql bovar qilmaydigan taxminlar bor. Voynich qoʻlyozmasi Atlantida yoki Lemuriya kabi qadimiy sivilizatsiyalar sirlarini ochishning kalitidir, degan nazariya ham yoʻq emas.
Boshqa bir taxminga koʻra, qoʻlyozma Yer sayyorasidan tashqarida, yaʼni oʻzga sayyoraliklar tomonidan yaratilgan. Qoʻlyozmada materiyani oʻzgartirish va abadiy hayotga erishish imkonini beruvchi faylasuf toshining retsepti borligi haqidagi taxminlar bor. Zamonaviy mistiklar qoʻlyozmada sehrli marosimlar va afsunlar tasvirlanganiga ishonishadi. Keyinchalik tadqiqotchilarning fikriga koʻra, matnning "botanika" qismi kasalliklarning tavsifi va turli kasalliklarni davolash usullarini oʻz ichiga olgan, favvoralar va oʻzaro tutashgan idishlari shaklida allegorik tarzda tasvirlangan farmakopiyadir.
Qoʻlyozma boʻyicha tadqiqotlar davom etmoqda. Nemis misrshunosi Rayner Xannig qoʻlyozmani chuqur oʻrganmoqda. Uning taʼkidlashicha, matn somiy (oromiy arab ivrit tillari guruhi) tiliga asoslangan, ammo rasmlar sof yevropacha uslubda yaratilgan, bu esa muallifni Yevropaga geografik jihatdan yaqin joyda izlash kerakligini anglatadi. Misrshunosning soʻzlariga koʻra, qoʻlyozma oʻsha davrdagi baʼzi yevropalik olimlar yaxshi bilishgan oromiy yoki ibroniy (ivrit) tillarida yozilgan. 2016 yilda xuddi shunday nazariyani kanadalik olimlar Gjegoj Kondrak va Bredli Xauer ilgari surishdi; Ularning taʼkidlashicha, sunʼiy intellekt ularga qoʻlyozmaning faqatgina birinchi jumlasini deshifrlashga imkon bergan, bu esa goʻyoki "u ruhoniyga, uy xoʻjayini, menga va odamlarga koʻrsatmalar berdi" deb tarjima qilinadi (She made recommendations to the priest, man of the house and me and people). Biroq keyingi tadqiqotlarda yana boshqacha tarjimalar berilgan. Bir soʻz bilan aytganda, sunʼiy intellekt ham hozircha bu qoʻlyozmani oʻqiy olmayapti.
Kutamiz...
Xullas, Voynich qoʻlyozmasi dunyoning tilshunos olimlari va kriptograflari uchun erishib boʻlmaydigan Everest choʻqqisi boʻlib qolyapti. Dahshatlisi, u kelajakda ham zabt etilmay qolaverishi mumkin. Bir narsa aniq: qoʻlyozma kriptografiya olamini abadiy oʻzgartirib, shifrlash sanʼatining goʻzal va jozibali durdonalari – buzilmas kodlar ham mavjud boʻlishi mumkinligini koʻrsatdi.
Ehtimol siz bu kitobni oʻqishga muvaffaq boʻlarsiz? Ushbu havola orqali ushbu sirli kitobning toʻliq skanerlangan varaqlarini yuklab olishingiz mumkin.
Bu havola orqali esa bu kitob bilan video formatida tanishsangiz boʻladi.
Abulfayz Sayidasqarov