Toshkentda hokim yordamchisi 30 ming dollar bilan ushlandi
U fuqaroga savdo doʻkoni qurishi uchun yer olib berishni vaʼda qilgan.

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida hokim yordamchisi 30 ming dollar pora olayotganda qoʻlga tushdi. Bu haqda "Zamon" informatsion koʻrsatuvida maʼlum qilindi.
Unga koʻra, hokim yordamchisi fuqaroga tadbirkorlik uchun toʻrtta savdo doʻkoni qurish uchun 210 kv.m hududni auksionda yutish orqali rasmiylashtirib berish evaziga pul talab qilgan. Bunda u ishni bitirishda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari borligini aytgan.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda u mazkur mablagʻlarni olayotganda ushlandi.
Unga JKning 167-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan ayblov eʼlon qilingan.
Taʼkidlash kerakki, hokim yordamchisi avval ham uch marotaba sudlangan boʻlgan.