Koʻrinmas front jangchilari: josus ayollar
KGB josuslari zavoddagi Amerika maxsus xizmatlari kuzatuvidagi mutaxassislarni yollay olmagan. Biroq korxona rahbarining kotibalaridan birining qalbiga yoʻl topa olgan.

Sovuq urush davrida KGB razvedkachilari nafaqat siyosiy sirlar, balki tijoriy va ilmiy sirlarga ham oʻch boʻlishgan. Chunki ayrim ilmiy ishlanmalarni litsenziya va patent uchun katta pul toʻlab sotib olish kerak boʻlsa, ayrim maʼlumotlar maxfiy hisoblangan. Bu tadqiqotlar olib borilayotgani ham ommadan sir tutilgan. Ayrim maʼlumotlarni sotib olish imkoniyati mavjud boʻlsa-da, turli xalqaro sanksiya va cheklovlar tufayli qoʻlga kiritishning huquqiy imkoni boʻlmagan.
Shu boisdan, SSSRda ishlab chiqarilgan deyarli barcha texnikalar yoki hayotga tatbiq etilgan koʻplab innovatsion ilmiy loyihalar shunchaki Gʻarbdan oʻgʻirlanar va ular biroz oʻzgartirilib yoki takomillashtirilib, qaysidir “sovet olimi”ning ixtirosi sifatida taqdim etilgan. Bu holat qurol-yarogʻ ishlab chiqarish, yadro va kosmik tadqiqotlar sohasiga ham taalluqli boʻlgan, albatta.
Shunday bir davrda AQShdagi yopiq zavodlardan birida ayrim maxfiy ilmiy loyihalar SSSRga oʻtib ketayotgani aniqlangan. Mudofaa sanoatiga oid ushbu korxona AQSh maxsus xizmatlari tomonidan obdon tekshirilgan. Maxfiy sirlarga aloqador olim va muhandislar soʻroq qilingan, kuzatuvga olingan. Biroq ilmiy va tijoriy sirlarni sovet razvedkasiga kim yoki kimlar sizdirayotganini aniqlashning imkoni boʻlmagan.
Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, KGB josuslari zavoddagi Amerika maxsus xizmatlari kuzatuvidagi mutaxassislarni yollay olmagan. Biroq korxona rahbarining kotibalaridan birining qalbiga yoʻl topa olgan.
Avvaliga bu kotiba qizni toʻsatdan “boy” va qaddi qomati kelishgan fransuz yigiti “sevib qolgan”. Ishqiy munosabatlar sekin-asta jiddiy tus olgan. “Fransuz” yigit (aslida esa sovet josusi) kotiba qizni muntazam maxfiy maʼlumotlar berib turishga koʻndira olgan. Korxonada esa kotiba qizga hech kim yetarli ahamiyat bermagan. Shunchaki boshliqning aytganlarini mashinkada yozib beruvchi va xatlarni saralovchi soddagina va tortinchoq kotiba qizning KGBga aloqador boʻlishi mumkinligi hech kimning xayoliga kelmagan. Biroq, bu soddagina qizning qoʻlidan maxfiy maʼlumotlar, aytaylik, yangi harbiy texnika sinovlari, yopiq majlis qarorlari, taʼminot zanjirlari va ilmiy ishlanmalar haqidagi xatlar va murojaatlar oʻtishi bois, u barcha yozishmalarning nusxalarini, turli mish-mishlarni va boshqa xodimlarning ogʻzidan “chiqib ketgan” gaplarni sevgilisiga, yaʼniki oʻzi bilmagan holda sovet razvedkasiga yetkazib turgan. KGB esa bu uzuq-yuluq maʼlumotlarni saralab, boshqa davlat va tashkilotlardagi josuslar topgan maʼlumotlar bilan qiyoslab, toʻldirgan holda tahlil qilib, vaziyat haqidagi umumiy manzarani tiklay olgan...
Josuslikda peshqadam xilqatlar
Bu kabi misollar maxsus xizmatlar tarixida koʻp uchraydi. Sovuq urush davrida kotibalar, umuman ayollar oʻz lavozimidagi imkoniyatlardan foydalanib, maxfiy maʼlumotlarni dushman davlatlarga yetkazib turishgan. Eng mashhur misollardan biri – Etel Rozenberg hisoblanadi.
Etel Rozenberg va uning eri Yulius Rozenberg amerikalik kommunistlar boʻlib, AQSh yadro tadqiqotlari markazlarida ishlagan. Avval Yulius gʻoyaviy asosda KGBga yollangan va keyin xotinini ham oʻz ishiga tortgan. Etel kotiba boʻlib ishlagan va AQShda yadro bombasi yaratish bilan bogʻliq maxfiy maʼlumotlarni toʻplab, SSSRga uzatib turgan. Amerikalik olimlarning yadro fizikasiga oid maxfiy tadqiqot natijalari va konstruktorlik byurolarining ilmiy chizmalarini qoʻlga kiritgan sovet ittifoqida atom bombasini yaratish ishlari tezlashib ketgan. Yaʼni AQSh allaqachon atom bombasini yaratgan va 1945 yil avgust oyida Xirosima va Nagasaki shaharlarida qoʻllab ham koʻrgan edi. Nihoyat 1950 yil 8 mart kuni SSSR vazirlar kengashi raisi Kliment Voroshilov SSSRda atom bombasi mavjudligini rasman eʼlon qilgan. Bu jarayonga katta hissa qoʻshgan Rozenberglar oilasi esa 1953 yilda josuslikda ayblanib, qatl etilgan. Ular sovuq urush davrida josuslikda ayblanib oʻlimga hukm qilingan yagona jinoyatchilar hisoblanadi.
Ayollarning josuslik gʻalvalariga aralashib qolishlari hozirgi zamonda ham yuz berib tursa-da, hali ularning koʻpchiligi jamoatchilikka oshkor qilinmagan. Masalan, 2017 yilda AQShda Milliy xavfsizlik agentligining pudratchi tashkiloti xodimasi Realiti Li Vinner bir maxfiy hisobotni jurnalistlarga sizdirgan. Hujjatda Rossiyaning AQShdagi prezidentlik saylovlariga aralashuvi haqidagi maʼlumotlar boʻlgan. Vinner xonim davlat sirlarini oshkor qilishda ayblanib hibsga olingan.
Ayollar ideal agent sifatida: muvaffaqiyat siri nimada?
Agar nima uchun josuslikka yollangan ayollar samarali agentlar hisoblanadi, degan savol oʻrtaga tashlansa, uning javobi juda oddiy. Boisi – ayollar tabiatan tahlil va taftishga ustamon, ijtimoiy idrok, kuchli ichki sezgi va boshqa noyob qobiliyatlarni oʻzida mujassamlashtirgan boʻladi.
Qolaversa, ayollarga nozik xilqat sifatida qaraluvchi stereotiplar sababli, ulardan qandaydir xavf kutilmaydi. Ayollardagi husn va joziba aksariyat erkaklarni oʻziga rom qiladi, hushyorligini oʻtmaslashtiradi. Erkaklar ayollar bilan suhbatda maqtanishi va ayrim aytilishi kerak boʻlmagan maʼlumotlarni ham aytib qoʻyishi mumkin.
Aksariyat ayollar inson psixologiyasini yaxshi bilishadi. Erkak kishi ayol tabiati va ruhiyatini tushunmasligi mumkin, biroq ayollar har ikki jins vakillarining ham “ichidan gap sugʻurib” olish, yolgʻondan hamdard boʻlib ishonchiga kirish, ishontirish yoki qandaydir ishlarni bajarishga undashga usta boʻlishadi. Britaniya razvedkachisi Kim Filbi aytganidek: “Ayol odamning ruhiga erkakdan koʻra tezroq kirib olishi mumkin. Bu qobiliyat ularga odamlarning ishonchini qozonish talab etiladigan muhim operatsiyalarda katta ustuvorlik beradi.
Shubha tugʻdirmaydigan xilqat
Koʻpchilik ayollar tabiatan manipulyatsiyaga usta boʻlishadi Ular dushmanning his-tuygʻulari va zaif tomonlariga bosim qilish orqali maʼlumot olishga qodir.
Ayol aygʻoqchilar koʻpincha oʻzlarining ijtimoiy rollarini niqob sifatida ishlatishgan. Hamshiralar, kotibalar, raqqosalar – bu kasblar erkaklar kira olmaydigan ammo kirishni orzu qiladigan joylarning eshiklarini ham ochib beradi.
Tarixga nazar solsak, josus ayollarni fosh qilish qiyin, aksariyat aygʻoqchi ayollar josuslikda gumon qilinmagan. Bu ularga juda qoʻl keladi va ularga eng qoʻriqlanadigan doiralarga ham odamlar eʼtiborini tortmasdan kirish imkonini berdi. Mata Xari kabi ayollar oʻz xarizma va jozibalarini unumli ishga solib, eng tajribali razvedkachilarni ham chalgʻitishi mumkinligi tarixdan maʼlum.
Birinchi jahon urushi avjiga chiqqan davrda Yevropa salonlari ismi ekzotik musiqaga oʻxshab ketgan ayol haqidagi mish-mishlarga toʻla edi. Niderlandiya fuqarosi, jozibador raqqosa Mata Xarining (1876-1917) nomi tillarda doston edi. Uning haqiqiy ismi Margareta Gertrud Zelle boʻlgan, lekin u ekzotik va sharqona raqqosa sifatida tanilish uchun shu taxallus bilan chaqirishlarini afzal koʻrgan. Uning chiqishlari shu qadar chiroyli va jozibador ediki, salon zallari generallar, diplomatlar va razvedka zobitlari bilan toʻlib ketar edi. Ularning har biri nafaqat raqsni tomosha qilishga, balki bu sirli ayol bilan xilvatda uchrashish uchun ham tashrif buyurishar edi.
U zobitlardan sirlarni olish uchun oʻz jozibasidan va shu xususiyati yordamida orttirgan siyosiy va harbiy elitaga oid yoki ularga yaqin tanishlaridan samarali foydalangan. Mata Xari Birinchi jahon urushi davrida Germaniya foydasiga josuslik bilan shugʻullangan. 1917 yilda Fransiya sudi uni urush vaqtida raqib davlat foydasiga josuslik qilish jinoyatida ayblab, oʻlimga hukm qilgan. Uning jozibasi shunchalik kuchli ediki, koʻpchilik uning aybiga toʻliq ishonmagan. Koʻpchilik mutaxassislar Mata Xariga qoʻyilgan ayblov hamda dalil-isbotlar qalbakilashtirilgani, u aybsiz boʻlganini taʼkidlashadi. Ayrim mutaxassislarning fikricha esa Mata Xari kamida 2-3 ta davlat foydasiga josuslik qilgan. Ayrim davlat maxsus xizmatlari turli dezinformatsiya, yaʼni dushmanni chalgʻitish uchun yaratilgan, toʻgʻriga oʻxshovchi yoki biroz haqiqat va sir qoʻshilgan maʼlumotlarni ataylab dushmanga sizdirish uchun Mata Xaridan foydalanishgan.
Yana bir rus raqqosasi Marina Li Ikkinchi jahon urushi davrida ittifoqchilar bosh shtabiga suqilib kirib, maxfiy hujjatlarni fashistlarga yetkazish bilan shugʻullangan.
Josus ayol Kristin Grenvill esa Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchillning sevimli agentlaridan biri boʻlgan. MI5 safida turib koʻrinmas frontda jang olib borgan Kristin Polshada fashistlarning rejalarini barbod qilishga katta hissa qoʻshgan.
Jasorat va metinlikda erkakni ortda qoldiruvchi xilqat
Ayollarning misli koʻrilmagan jasorat egalari ekani haqida gap ketganida Virjiniya Xoll nomini alohida tilga olish lozim. Bu jasoratli ayol Amerikada tugʻilgan, ammo baxtsiz hodisa oqibatida oyogʻidan ayrilgach, uning hayoti tubdan oʻzgarib ketdi. Virjiniya umidsizlikka berilish oʻrniga hayotini natsizmga qarshi kurashga bagʻishlashga qaror qildi.
U oʻzi "Katya" deb atovchi yogʻoch oyogʻini doʻqillatib, fashistlar ishgʻol qilgan Fransiyaga kirib bordi, partizan guruhlarini tashkil qildi, koʻpriklarni portlatib yubordi va ittifoqchilarga yordam berdi. Nemislar uni "ittifoqchilarning eng xavfli josusi" deb atashdi, ammo u urushning oxirigacha soya boʻlib qoldi.
Ikkinchi jahon urushining yana bir qahramon ayoli – Nensi Veykni esa “qarshilik harakatining oq sichqonchasi” deb atashgan. Nensi Veyk ismini fashistlar maxsus xizmati Gestapo gʻazab va titroq bilan tilga olardi. Nensi fashistlar qoʻygan har qanday tuzoqdan osonlik bilan qutulib keta olgani uchun unga "Oq sichqon" deb laqab qoʻyishgan. Asli avstraliyalik boʻlgan Nensi fashizm Yevropada odamlar hayotini qanday barbod qilayotganini koʻrib, ittifoqchilar foydasiga josuslik qilishga qaror qilgan.
U nafaqat ittifoqchilarga maʼlumot uzatib turgan, balki harbiy operatsiyalarda ham ishtirok etgan. Bir marta Nensi muhim bir xabarni yetkazish uchun velosipedda dushman hududi boʻylab 500 kilometr masofani bosib oʻtgan. Uning jasorati qarshilik harakatining afsonalariga aylangan.
Ayollar oʻzlarining toʻgʻri maʼnodagi makkorliklari bilan butun boshli xalqlarni ham qutqarib qolishgan. Yahudiy anʼanalarida Fors shohi Axashverashning (Kserks Ikkinchi) xotini boʻlgan yahudiy ayol Ester (ayrim afsonalarda Gerna yoki Greta) haqida hikoya qilinadi. Ester vazir Xomon tomonidan ishlangan reja – yahudiy xalqini qirib tashlashning yomon oqibatlarga olib kelishiga shohni ishontira olgan.
Ayrim afsonalarda Ester Fors podshosining unga turmushga chiqish haqidagi taklifini bir shart bilan qabul qilishini aytgan. U podsho va barcha amaldorlari, askarlari yahudiylik dinini qabul qilib, xatna etilishlarini talab qiladi. Ester oʻta goʻzal boʻlgani bois podsho bunga rozi boʻladi. Hamma forslar xatna oqibatida yura olmay yotishganida, tunda yahudiylar qoʻliga ilingan narsalar bilan qurollanib, saroyga bostirib kirishadi va hammani oʻldirishadi. Yahudiylar hozir ham bu voqeani xotirlab, yahudiy taqvimi boʻyicha har yili Adar oyining 14-kunida Purim bayramini nishonlashadi.
Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Xalqaro xotin-qizlar kuni – 8 mart ham Purim bayramiga toʻgʻri kelib qolgan sana hisoblanadi. Bayram yahudiy millatiga mansub yoki ularga yaqin faollar, xususan, Klara Setkin taklifi bilan 1910 yilda Kopenhagenda boʻlib oʻtgan Xalqaro sotsialistik ayollar konferensiyasida kelishib olingan.
Ayollar razvedka obʼekti sifatida
Ayollar nafaqat josuslikka jalb etilgan, balki josus hamda dushmanlarning obʼektlari va yordamchilari ham boʻlishgan. Monoteistik dinlar uchun yagona va oʻxshash syujetga ega Odam Ato va Momo Havo haqidagi qissa bunga misol deb atash mumkin. Unda aytilishicha, Shayton Odamga taʼsir qilishning uddasidan chiqmagach, ayolning soddaligi va ishonuvchanligidan, uning erkakni manipulyatsiya qila olish qobiliyatidan foydalanib Odam Atoni yoʻldan urgan va jannatdan quvilishiga erishgan.
Razvedkachilar odamlarni yollashda hamma uchun umumiy boʻlgan zaruriy-hayotiy ehtiyojlar va xavotirlardan unumli foydalanishadi. Uzoq umr koʻrish, xavfsizlik, sogʻlik, goʻzallik, boylik, mansab va mashhurlikka ishtiyoqmandlik, shuningdek, bu neʼmatlardan oʻzi yoki yaqinlari ajralib qolish xavotiridan oʻrinli foydalanib, oʻz maqsadlariga erishadi. Bunga Asma Asadning tarixi yorqin misol boʻla oladi.
Yaqinda prezidentlikdan agʻdarilib, Rossiyaga qochib ketgan Bashar Asadning rafiqasi Asma Asad Britaniya razvedkasi bilan hamkorlik qilgani haqidagi faktlar oshkor etildi. Ularda keltirilishicha, Asmaning qaynotasi, Suriya diktatori Hofiz Asad boʻlajak keliniga ishonmagan va oʻgʻlining unga uylanishiga qarshi boʻlgan. (Bashar va Asma Hofiz Asadning oʻlimidan soʻng turmush qurishgan). Shu bois Hofiz Asad oʻz razvedka xizmatlariga Asmani kuzatib borishni buyurgan.
Asma Asad Londonda tugʻilgan, London universitetining Qirollik kollejini tamomlagan va JPMorgan bankida ishlagan. Suriya razvedkasi maʼlumotlariga koʻra, unga Britaniya razvedkasi xodimi hamrohlik qilgan va mansab pillapoyalaridan koʻtarilishiga yordam bergan. Hofizga berilgan razvedka maʼlumotlariga koʻra, Bashar Asad xotini Asma va uning onasi bilan Londonning hashamatli mehmonxonalarida uchrashganida Britaniya razvedkachilari tashqarida navbatchilik qilib kutib turgan. Ular Asmaning otasi uyushtirgan ziyofatlarda ham ishtirok etgan. Asma birinchi xonimlik davrida Suriya va eri Bashar bilan bogʻliq maʼlumotlarni Britaniya razvedkasi MI-6 ga yetkazib turgan.
Bashar Asad “taxtdan” agʻdarilgach Asma Asad eri bilan ajrashishni istab ariza berdi va Britaniyaga qaytib ketmoqchi boʻldi. Biroq ishlatib boʻlingan bir buyum holatiga tushgan Asma endi Britaniya razvedkasi uchun qiziqish tugʻdirmaydi. Shu bois rasmiy London Britaniya fuqaroligiga ega Asmaning qaytishini istamadi. Unga Yevropa Itifoqi qoʻygan sanksiyalar bunga monelik qilishini bildirishdi.
Xulosa oʻrnida
Ayol josuslar faqat razvedka operatsiyalarining ishtirokchilari emas. Ular soyada qolishsa-da, tarix yoʻnalishini oʻzgartirgan haqiqiy qahramonlardir. Ayol josuslar haqidagi hikoyalar yosh avlodni ilhomlantiradi. Koʻrinishidan ojiza va nozik boʻlib koʻringan xilqatning aslida siz kutmagan jasorat va gʻalabalarga qodir ekanini isbotlab turadi. Har bir muvaffaqiyatli erkak ortida ayol turgani kabi, har bir muvaffaqiyatli operatsiya ortida ham ayol agentlar turishini yodimizga soladi.
Abulfayz Sayidasqarov