Nurafshon shahar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi boshligʻi rahbarligidagi jinoiy guruhga hukm oʻqildi
Sudda ular oʻz ayblariga qisman iqror boʻlgan.

Toshkent viloyati Nurafshon shahrida aholi va davlat mablagʻlarini oʻzlashtirgan guruh aʼzolarida nisbatan sud hukmi oʻqildi. Sud hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, A.A. 2021 yilda Toshkent viloyati uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi Nurafshon shahar boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlab kelayotganidan foydalanib, Ya.D, A. J va S.K.lar bilan jinoiy til biriktirgan. Ular Ya.D. nomiga “Global Nurafshon Sity” MChJ boshqaruv servis kompaniyasini tashkil etishgan.
Soʻngra shahardagi 108 xonadon egalaridan majburiy badal va isitish tizimlari uchun deb jami 89.657.700 soʻm miqdoridagi pullarni yigʻib ularni bank muassasasiga topshirgan boʻlsa-da, ushbu pullarni “Mening uyim” billing tizimiga kiritmasdan, fuqarolarning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan.
Bundan tashqari, A.A oʻz sheriklari bilan boshqaruv servis kompaniyasi rahbariga biriktirilgan korporativ kartaga bank hisob raqamiga kelib tushgan jami 1.074.367.406 soʻm pul mablagʻlaridan korporativ kartaga oʻtkazilgan jami 113.774.516 soʻmlik koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini qonun talablariga zid ravishda oʻz ehtiyojlari uchun sarflab yuborishgan.
Shuningdek, ular koʻp qavatli uylar uchun shahar elektr taʼminoti bilan shartnoma rasmiylashtirmasdan, oʻzboshimchalik bilan elektr tarmogʻiga ulanib, Nurafshon shahar elektr tarmoqlari korxonasiga jami 786.154.645 soʻmlik zarar yetkazishgan.
Sudda har toʻrttala ayblanuvchi oʻz aybiga qisman iqror boʻldi.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, A.A.ga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ya.D.ga esa uzil-kesil 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. A.J.ga esa 2 yil 7 oy 12 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi, S.K.ga oʻtash uchun 1 yil 1 oy 20 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ish boʻyicha yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti Toshkent viloyat hududiy boʻlimining depozit hisob raqamiga topshirilgan jami 99.000.000 soʻm pul mablagʻlari jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni undirish uchun taqsimlanishi belgilangan. Sudlanuvchilardan solidar tartibda Toshkent hududiy filiali Nurafshon shahar Energosavdo boʻlimi foydasiga 786.154.645 soʻm undiriladi.
Sud hujjati Oliy sud portalidan olindi.