Isroil va HAMAS oʻt ochishni toʻxtatishga kelishdi
Bu urushni butunlay tugatish yoʻlida dastlabki qadam sifatida baholanmoqda.
Isroil va HAMAS Gʻazo sektorida 2023 yil oktabr oyidan beri davom etayotgan urushni tugatishga kelishib oldi.
Bu haqda dastlab Qatar bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon at-Tani, soʻngra AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp xabar berdi.
Shuningdek, kelishuv doirasida Falastin guruhi isroillik garovga olinganlarning bir qismini ozod qilishga rozi boʻldi. Bu haqda Al-Tani matbuot anjumanida aytib oʻtdi. Uning chiqishidan oldin kelishuv haqidagi xabarlar muzokaralar jarayoniga yaqin manbalardan olingan maʼlumotlarga asoslangan edi.
Qatar muzokaralarda asosiy vositachilardan biri sifatida ishtirok etdi va tomonlarning bilvosita uchrashuvlari uchun oʻz hududini taqdim etdi. Qatar bosh vaziri va HAMAS vakillari oʻrtasida hamda Isroil vakillari bilan alohida uchrashuvlarda Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish va garovga olinganlarni ozod qilish boʻyicha kelishuvga erishilgani xabar qilindi. Al-Tani soʻzlariga koʻra, Isroil hukumati bunga rozi boʻlsa, sulh 19 yanvar, yakshanba kuni kuchga kiradi.
Otashkesim boshlanishining aniq vaqti hali aniqlanmagan, dedi u. Isroil hukumati kelishuv shartlari boʻyicha hali ovoz bergani yoʻq.
Reuters manbasining aytishicha, payshanba kuni ovoz berish kutilmoqda va koʻpchilik vazirlar kelishuvni qoʻllab-quvvatlamoqchi. Maʼlumki, tashqi ishlar vaziri Gideon Saar oʻzining xorijiy tashrifini faqat oxirgi soatlarda toʻxtatib, zudlik bilan vataniga qaytgan.
BBCning HAMASdagi manbasi avvalroq guruh kelishuv shartlarini maʼqullaganini tasdiqlagan edi.
Eslatib oʻtamiz, Gʻazoda 2023 yil oktabrdan beri davom etayotgan urushda 50 mingga yaqin falastinlik halok boʻldi.