platina.uz

Soʻnmas yulduzlar: Bryus Li va uning ogʻir qismati

Platina.uz kungfu va Hollivud afsonasiga aylangan yulduz haqida hikoya qiladi.

Video
15-yanvar, 17:20

Bryus Li nafaqat jang sanʼati afsonasi, balki Gʻarb va Sharq madaniyatlari oʻrtasidagi koʻprik boʻlib xizmat qilgan. Uning qisqa, ammo mazmunli hayoti oʻzidan soʻnggi avlodlarga kuchli taʼsir qoldirdi.

Bryus Li 1940 yil 27 noyabrda ota-onasi Amerikada gastrol safarida ekanida, San-Fransiskoda tugʻilgan. Onasi Greys Lining kelib chiqishi nemis boʻlib, otasi xitoylik komik aktyor Li Xoy Chen. Uning bolaligi va yoshlik davri Honkongda oʻtgan. Ilk rolini 3 oylik paytidayoq ijro etgan. Jang sanʼatlariga qiziqishi kichikligida paydo boʻlgan. U Wing Chun texnikasini mashhur jang sanʼati ustasi Ip Mandan oʻrgangan. Oʻzining texnik mahorati va jangovar uslubi bilan tengqurlaridan ajralib turgan.

Bryus Li dastlab Honkongdagi filmlarda kichik rollar oʻynagan, ammo uning karerasi AQShda jonlanadi. 1966 yilda u mashhur "Yashil qovogʻari" serialida Kato rolini ijro etadi. Bu Bryus Li uchun xalqaro shuhratga yoʻl ochdi. Uning kuchli texnikasi va ekrandagi xarizmasi tomoshabinlarni hayratda qoldirdi.

Bryus Li jang sanʼatlarini nafaqat Gʻarbga tanishtirgan, balki ularni yangi bosqichga olib chiqqan. U Jeet Kune Do (Toʻsiqlarni yorib oʻtish yoʻli) deb nomlangan uslubni yaratgan, bu texnikaga minimalizm va moslashuvchanlik tamoyillarini olib kirgan.

Afsonaviy filmlar

Bryus Li oʻzining qisqa, ammo taʼsirli kino karerasi davomida bir qator afsonaviy filmlarda rol ijro etgan, jumladan: "Katta xoʻjayin", "Gʻazab mushti", "Ajdaho yoʻli" (bu filmda u Chak Norris bilan epik jangni namoyish qilgan), "Ajdaho yoʻli" va boshqalar.

Uning filmlari jang sanʼatiga oid kino janrini qayta shakllantirdi va Sharq jang sanʼatlarini global sahnaga olib chiqdi.

Bryus Lining tezligi shu qadar yuqori ediki, u ovqatlanish tayoqchasi yordamida havodagi guruchni tutib olishga qodir edi. Tomoshabinlar uning harakatlarini farqlay olishi uchun filmlarda jang sahnalari biroz sekinlashtirilar edi.

Bryus Lining tezligi rasman qayd qilingan: 1 metr masofadan beriladigan zarbaga 0,05 soniya sarflangan. Ayrim jang sahnalarida u 50 nafar raqibini bir necha soniyada yiqitgani aks etgan.

Bryus Li birovning kaftidagi tangani olib, uning oʻrniga boshqasini qoʻyishni shu qadar tez bajarardiki, tangani ushlab turgan odam buni payqamay qolishi mumkin edi.

Bryus Li “Oʻlim oʻyini” filmida vafotidan soʻng bosh rolni ijro etgan. Filmda uning dafn marosimida olingan sahnalar mavjud. Aktyor syomkalar yakunlanishidan oldin olamdan oʻtgani bois ayrim sahnalarda montaj va dublyorlardan foydalanilgan.

1962 yilda Bryus Li 11 soniya davom etgan jangda raqibiga 15 ta zarba berib, uni nokautga uchratgan. Muxlislari haligacha uning “bir dyuym naridan” turib beriladigan zarbasini takrorlashga harakat qiladi.
Bryus Li bitta qoʻlining katta va koʻrsatkich barmoqlarida turib 50 marta, boshqasida yana 50 marta yotib tura olardi.

Bryus Li umurtqa pogʻonasidan olgan jiddiy jarohatni yengib oʻta olgan. Mashgʻulotdagi muvaffaqiyatsiz harakat tufayli uning toʻrtinchi umurtqasiga zarar yetgan. Bu amalda sport karerasining yakuni degani edi. Shifokorlar Bryus yarim yil davomida boshqatdan yurishni oʻrganishi lozimligini, umrining oxirigacha ogʻir yuklamalardan qochishi kerakligini aytgan. Lekin u oʻz terapiyasini ishlab chiqib, nafaqat tuzalib ketgan, balki ilgarigidan ham baquvvatroq va epchilroq sportchiga aylangan.

Bir kuni Bryus Li tasodifan Jeki Channi doʻpposlagan. “Ajdarning chiqishi” filmida u Jekining yuziga aso bilan zarba bergan. Ammo yosh Jeki bu voqeani hazilga yoʻygan va oʻzi muxlislik qiladigan afsonaviy aktyor bilan yaqinroq tanishish imkoniyatidan foydalanib qolgan.

Sirli oʻlim

1973 yil 20 iyulda Bryus Li Honkongda "Oʻlim oʻyini" filmi ustida ishlayotganda, kutilmaganda juda erta, 32 yoshida vafot etdi. Uning oʻlimi rasman dori-darmonlarga allergik reaksiya sifatida qayd etildi. Ammo koʻplab mish-mishlar va fitna nazariyalari hanuzgacha Bryus Li oʻlimi haqida bahslashadi. Ayrimlar uni suiqasdga uchragan, boshqalar esa ortiqcha jismoniy mashqlar tufayli oʻlgan deb hisoblashadi.

Bryus Li faqatgina aktyor emas, balki falsafiy shaxs va motivatsiya manbai edi. Uning “Suv kabi boʻl” degan mashhur soʻzlari dunyo boʻylab tarqalgan. Bugungi kunda ham u jang sanʼati, kino va madaniyatda afsona sifatida yashab kelmoqda.

Uning qisqa hayoti oʻzida shunchalik chuqur hikoyalarni mujassam qilganki, bu uning unutilmas meros sifatida qolishiga sabab boʻlgan. Bryus Li – bu qiyinchiliklarga qaramay, oʻz orzusini amalga oshirgan insonning timsolidir.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+