Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetkaziladi
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi sammitidagi nutqida maʼlum qildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi” sammitida nutq soʻzladi.
Prezident nutqida kam uglerodli rivojlanish boʻyicha uzoq muddatli strategiya va “yashil” moliyalashtirish milliy dasturini ishlab chiqilgani, investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlarni kelgusi besh yilda 50 foizgacha koʻpaytirilishini taʼkidladi.
“Yashil makon” dasturi doirasida shaharlar hududlarining kamida 30 foizi koʻkalamzor maydonlarga aylantiriladi.
Oʻtgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 gigavatt zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. Jumladan, 3,5 givattli 14 ta quyosh, shamol elektr stansiyalari va 300 megavattli 2 ta saqlash tizimlari ishga tushirildi.
Hozirda xorijiy hamkorlar bilan qiymati 26 milliard dollardan ziyod va umumiy quvvati 24 gigavatt boʻlgan 50 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030 yilga qadar mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish reja qilingan.
"Soʻnggi yillarda Amirliklar bilan investitsiyalar portfeli 26 milliard dollardan oshdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv boʻlmoqda.
Bugungi global sammit tashkilotchisi – “Masdar” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt boʻlgan 5 ta elektr energiya obʼektini ishga tushirdik. Yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi.
Bu kabi loyihalarni Amirliklarning boshqa yetakchi kompaniyalari hamda Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Xitoylik sheriklarimiz bilan ham amalga oshiryapmiz", deydi prezident.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, faqat Oʻzbekistonning oʻzida 500 gigavatt quyosh, 100 gigavatt shamol va 10 gigavatt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjud.
" Nufuzli ilmiy markazlar, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan “Yashil” universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda faol hamkorlikka chaqiramiz.
Mazkur Universitet negizida Yer degradatsiyasi va choʻllanishga qarshi kurash boʻyicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmogʻini yaratishni taklif etmoqchiman", dedi Shavkat Mirziyoyev.