Umra tadbirlarini litsenziyasiz reklama qilgan oʻnta firmaga jarima belgilandi
Namangan va Fargʻonada esa besh MChJning mansabdor shaxslari javobgarlikka tortilgan.

Umra tadbirlarini litsenziyasiz reklama qilgan firmalarga chora koʻrildi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan materiallar “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga mosligi yuzasidan oʻrganish va tahlil ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, turoperatorlar tomonidan “Umra” tadbirini tashkil etish va oʻtkazishga oid reklamalarning qonuniyligi oʻrganildi.
Oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida, Andijon, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan, jami 10 ta (“MARMARA TRAVEL NAMANGAN”, “SULTAN TRAVEL 2022”, “DIYOR TOUR”, “PROFI-TRAVEL”, “ATLAS AVIA TOUR”, “MEROJ TREVEL”, “URAZOV ISLOM ULUGBEKOVICH (Ideal Travel) ”, “AL AZHAR TRAVEL”, “HIRO TRAVEL”, “MAKNOON TRAVEL” MChJlar) turoperatorlar tomonidan litsenziya hujjatlari mavjud boʻlmagan holda reklamalar joylashtirilganligi aniqlandi. Bu bilan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning talablari buzilganligi yuzasidan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, yakunlari yuzasidan moliyaviy jarimalar qoʻllanildi.
Shuningdek, Qoʻmitaning Namangan va Fargʻona viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan, jami 5 ta “Safo Marva” MChJ, “Farg‘ona Tour 2022” MChJ, “Ziyorotul_Umra” MChJ, Buvaydaliklar hayoti telegram kanali, “Umra Ziyorati Agentligi” MChJlar tomonidan berilgan reklamalarda ham yuqoridagi kabi qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan mansabdor shaxslari maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Shu bilan birgalikda, 10 dan ortiq litsenziyaga ega boʻlmasdan reklama materiallari tarqatayotgan axborot resurslarini yurituvchi shaxslarga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilindi.
Ushbu oʻrganish yakunlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tegishli choralar koʻrilishi taʼminlanadi.
Qoʻmita tomonidan reklama axborotlarini qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda.