Mahalla raislarining vakolat muddati 5 yilga uzaytirilmoqda
Saylovlar 2025 yil may oyida boʻlib oʻtadi.
Endi Oʻzbekistonda mahalla raislari 3 yil emas, besh yilga saylanadi. Saylovlar 2025 yil may oyida boʻlib oʻtishi belgilangan.
"Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan quyidagilar belgilanmoqda:
– fuqarolar yigʻini raisi vakolatlari muddatini uch yildan besh yilga oʻzgartirish;
– fuqarolar yigʻini raisi vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda boʻshab qolgan oʻrinlarga yangi saylov oʻtkazish orqali fuqarolar yigʻini raisini besh yil muddatga saylash tartibini belgilash;
– Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻini raisi saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq vakolatlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga oʻtkazish;
– Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasining fuqarolar yigʻini raisi saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq vakolatlari Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalariga oʻtkazish;
– Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlarining nomini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlari sifatida oʻzgartirish nazarda tutilmoqda.
"Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar yigʻinlari raislari faoliyatini hamda fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar ishini samarali tashkil etilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlarining saylovni tashkil etish va oʻtkazish borasida masʼuliyati oshadi hamda boʻshab qolgan oʻrinlarga fuqarolar yigʻini raisi saylovini oʻz vaqtida oʻtkazilishi taʼminlanadi", deyiladi xabarda.