platina.uz
Iqtisod

Yoqilgʻi mahsulotlari uchun olinadigan aksiz soligʻi 10 foizga oshiriladi

Energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarning 1 litri uchun amaldagi 2 000 soʻmlik aksiz soligʻi stavkasi esa saqlab qolinadi. 

Yoqilgʻi mahsulotlari uchun olinadigan aksiz soligʻi 10 foizga oshiriladi

Aprel oyidan yoqilgʻi mahsulotlari aksiz soligʻi oshiriladi.

2025 yil 1 apreldan boshlab neft mahsulotlari, xususan benzin, aviakerosin, dizel yoqilgʻisi, EKO dizel yoqilgʻisi, dizel yoki karbyurator (injektor) dvigatellari uchun motor moyi hamda yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilinadigan benzin, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gaz uchun toʻlanadigan aksiz soligʻi stavkalarini 10 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ushbu soliq stavkalarining oshirilishi neft mahsulotlarining chakana narxiga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatmaydi, deyiladi Iqtisodiyot va moliya vazirligi eʼlon qilgan byudjetnomada.

2025 yil 1 apreldan boshlab tarkibida shakar mavjud boʻlgan gazlanmagan salqin choylar, meva sharbatlari, sanoat usulida ishlab chiqarilgan kompotlarning va boshqa gazlanmagan shakarli ichimliklarning 1 litri uchun ham 500 soʻm miqdorida aksiz soligʻini joriy etish moʻljallanmoqda.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2023 yildagi “Tarkibida shakar va shirinlashtiruvchi moddalar boʻlgan ichimliklarni soliqqa tortish yuzasidan xalqaro hisoboti”da tarkibiga shakar va shirinlashtiruvchi moddalar qoʻshilgan barcha ichimliklarga aksiz soligʻi qoʻllashni tavsiya qilgan.

Bunda meva va sabzavotlardan tayyorlangan, tabiiy shirin (tarkibida fruktoza, glyukoza) boʻlgan va qoʻshimcha shakar qoʻshilmagan sharbatlar uchun aksiz soligʻi qoʻllanilmaydi.

Xorvatiya, Malayziya, Meksika, Niderlandiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, BAA mamlakatlarida shirinlashtiruvchi (shakar) moddalar qoʻshilgan sharbatlarga aksiz soligʻi joriy etilgan.

Bugungi kunda respublikada ishlab chiqarilayotgan 6 xil brenddagi 18 xil sharbat mahsulotlarining 1 litrida oʻrtacha 90 gr, 4 xil salqin choy ichimliklarning 1 litrida oʻrtacha 73 gr shakar mavjud.

2025 yil 1 apreldan boshlab boshqa shirinlashtiruvchi yoki xushboʻylashtiruvchi moddalar mavjud boʻlgan gazlangan ichimliklarning 1 litri uchun aksiz soligʻini esa amaldagi 500 soʻmdan 300 soʻmgacha pasaytirish va gazlanmaganiga ham shu miqdorda joriy etiladi.

Soliq stavkasining pasayishi natijasida mazkur turdagi ichimlikning 1 litr chakana narxidagi (misol uchun, 10 ming soʻm) aksiz soligʻi ulushi 5 foizdan 3 foizgacha kamayishi kutilmoqda.

Energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarning 1 litri uchun amaldagi 2 000 soʻmlik aksiz soligʻi stavkasi saqlab qolinadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid