platina.uz
Jamiyat

Oʻqituvchining ishiga xalal bergan ota-ona sudlandi

Ota-ona oʻqituvchining yashash xonadoniga kelib, farzandiga baho qoʻyishini aytib, uning bilimini toʻgʻri va xolis baholanishiga taʼsir koʻrsatgan. 

Oʻqituvchining ishiga xalal bergan ota-ona sudlandi

Andijonda oʻqituvchining ishiga xalal bergan ota-ona sudlandi.

Shahrixon tumanida maktab oʻqituvchisi M. N.dan farzandiga baho qoʻyishni talab qilgan ota-ona sud tomonidan jarimaga tortildi. Oʻqituvchi huquqbuzar ota-onadan moddiy va maʼnaviy zarar ham undirib oldi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.

Oʻquvchining ota-onasi S. S. hamda G. S. oʻqituvchining yashash xonadoniga kelib, farzandiga baho qoʻyishini aytib, uning bilimini toʻgʻri va xolis baholanishiga taʼsir koʻrsatgan hamda pedagogning xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilgan.

Huquqbuzarlik holati jinoyat ishlari boʻyicha Shahrixon tumani sudida koʻrib chiqilgan hamda ota-onaning har biriga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 197-5-moddasi (taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish) 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida maʼmuriy jarima jazosi tayinlandi.

Shundan soʻng holat boʻyicha jabrlanuvchi deb eʼtirof etilgan M. N. fuqarolik ishlari boʻyicha Boʻston tumanlararo sudiga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, oʻquvchisining ota-onasidan sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan moddiy zarar uchun 3 million 325 ming soʻm, maʼnaviy zarar uchun esa 3 million soʻm undirish haqida hal qiluv qarori qabul qilishni soʻragan.

Biroq daʼvogar sud majlisida javobgarlar bilan huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zararlarni undirish masalasida kelishib olganligini taʼkidlagan.

Shu bois sud arz qilingan talabdan voz kechishni qabul qilib, fuqarolik ishini ish yuritishdan tugatish haqida ajrim chiqardi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid