Prezident farmoni ijrosi taʼminlanmayapti
Platina.uz muxbiri Davlat xizmatlari markazlari va Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hamon byurokratiya qilayotganiga guvoh boʻldi.

Platina.uz muxbiri Davlat xizmatlari markazlari va Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan asossiz byurokratik toʻsiqlarga duch keldi. Holbuki, rasmiy idoralar va tashkilotlarning fuqarolar yo tadbirkorlardan koʻplab hujjatlarni talab qilishi bekor boʻlib ketganiga 4 yil toʻlyapti.
2021 yil 23 martda imzolangan "Aholi va tadbirkorlik subʼektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PF-6191-son farmonida aynan qogʻozbozlikka barham berish nazarda tutilgan.
Platina.uz muxbiridan esa mashinani rasmiylashtirishda nikoh va soliq qarzi bor-yoʻqligi haqida maʼlumotnomalar soʻraldi. Avval YHXB xodimlari bunday talabni qoʻygan boʻlsa, keyinroq, ushbu maʼlumotnomani olish uchun borgan muxbir Davlat xizmatlari markazlarida ana shunday noqonuniy toʻsiqqa duch keldi.
Davlat xizmatlari markazlari Adliya vazirligi tizimiga kiradi. Yuqoridagi farmonning birinchi ijrochisi Adliya vazirligi. Platina.uz muxbiri DXM xodimiga ushbu hujjatlarni soʻrash, berish bekor qilinganini eslatgani besamar ketdi. DXM xodimi maʼlumotnomani olish muddati 3 kun ekani, agar tezkor boʻlsa, bir sutkada ham olishi mumkinligini aytdi. Albatta, karrasiga qimmat narxda.
PF-6191-sonli farmondan iqtibos:
"Belgilansinki, 2021 yil 1 iyundan boshlab davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik subʼektlaridan:
a) quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni:
- ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
- narkologiya boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
- sudlanganlik;
- manzil-maʼlumot axboroti;
- fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi;
- turar joyning maydoni;
- soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
- soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyilganligi;
- pensiya va nafaqa miqdori;
- pensiya va nafaqa oluvchilar roʻyxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
- nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi;
b) quyidagi hujjatlarni:
- shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
- shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;
- tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining maʼlumotnomalari;
- mehnat daftarchalari va ularning nusxalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni "Yagona milliy mehnat tizimi" idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda soʻrash bundan mustasno);
- ish haqi va ish stajini, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasasida oʻqiganlikni tasdiqlovchi arxiv maʼlumotnomalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni "Yagona milliy mehnat tizimi" idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda soʻrash bundan mustasno);
- kadastr hujjatlari va ularning nusxalarini talab qilish bekor qilinadi.
Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjat va maʼlumotlarni ushbu farmonda belgilangan masʼul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan "Elektron hukumat" tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab oladi.
Ushbu bandda koʻrsatilgan hujjat yoki maʼlumotlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan aholidan talab qilinishi davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish deb hisoblansin".
Bu holat bitta DXM yo "GAI" boshqarmasida emas, tizimli muammo. Chunki "GAI"dagilar haliyam Vazirlar Mahkamasi qarori boʻyicha ishlayotganini aytishdi. Demoqchimizki, bitta DXM yo "GAI" boshqarmasidagi xodimlarni jazolash bilan muammo hal boʻlib qolmaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning byurokratiyadan qochib, onlayn xizmatlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻplab topshiriqlari amalda bajarilmay qolib ketayotgani achinarli hol. Umid qilamizki, masʼullar, ayniqsa, transformatsiya jarayonida jadal ketayotgan Adliya vazirligi ushbu tizimli muammoni tez va toʻliq hal qiladi.