platina.uz

Ochilmagan sirlar: sirli va maxfiy “51-hudud”

Bu hududda avval nimalar sodir boʻlgani va hozir nimalar yuz berayotganidan qatʼi nazar, u ommaviy madaniyatning bir qismi va sayyoramizdagi eng sirli joylardan biri boʻlib qolmoqda.

Maqola
9-yanvar, 19:04
Ochilmagan sirlar: sirli va maxfiy “51-hudud”
Fotokollaj: Platina.uz

Amerika Qoʻshma Shtatlari xaritasida ommaviy madaniyatga mustahkam oʻrnashgan, afsona va mish-mishlarga sabab boʻlgan bir joy bor. Uni “51-hudud” deb atashadi. Nevada choʻlida, Las-Vegas shahridan 135 kilometr shimoli-gʻarbda joylashgan bu hududda maxfiy harbiy baza mavjud. Baza hududi qurgʻoqchil yer bilan va togʻlar bilan oʻralgan boʻlib, uni qiziquvchan koʻzlardan pana qilib turadi. Bu yerga kirish va yaqinlashish mumkin emas. Atrof qurolli soqchilar va tikanli sim hamda baland devorlar bilan oʻralgan. Aynan shu ihotalash va maxfiylik bu hududning asl maqsadi va bu yerdagi jarayonlar borasida mish-mishlarning koʻpayishiga sabab boʻlgan.

Sirli “51-hudud” Nevadadagi qurib qolgan Grum-Leyk koʻli yoqasida joylashgan.

“51-hudud” 1955 yilda Sovuq urush davrida razvedka uchun foydalanilgan U-2 kabi maxfiy harbiy samolyotlarni sinovdan oʻtkazish loyihasi doirasida tashkil etilgan.

Jorj Vashington universiteti qoʻlga kiritgan hujjatlarda aytilishicha, 1955 yilda Nevada choʻlida maxfiy samolyotni sinovdan oʻtkazish uchun maxsus yer ajratilgan. Bu joy yadro sinovlari oʻtkazilgan poligonga yaqinligi uchun tanlangan.

Biroq keng jamoatchilik uning mavjudligi haqida faqat 1989 yilda, bazaning sobiq xodimi Bob Lazar u yerda Yerdan tashqaridagi hayot bilan bogʻliq texnologiyalar boʻyicha tadqiqotlar olib borilayotganini aytganida xabardor boʻldi. Lazarning soʻzlariga koʻra, toʻqqizta unga notanish fazo kemasini oʻz koʻzi bilan shaxsan koʻrgan va ularning harakatlantiruvchi tizimlarini oʻrganishda ishtirok etgan. Bu kemalar Yerdagi olimlar tomonidan yaratilmagan.

Lockheed U-2C samolyoti, 1975 yil.

Lazarning bayonotidan keyin mish-mishlar koʻpaya boshladi. Osmondagi sirli chiroqlar, gʻalati uchar obʼektlarni koʻrishgani haqidagi xabarlar va “51-hudud”ning mutlaq maxfiy boʻlib qolaverishi, bu borada bayonot va izohlar berilmagani koʻplab konspirologik nazariyalarni keltirib chiqardi. “51-hudud” ufologlar (nomaʼlum uchar jismlarni (NUJ) oʻrganuvchilar) va konspirologiya ixlosmandlari uchun sirlilik va maxfiylik ramziga aylandi.

Mish-mishlarning sabablari

“51-hudud” haqidagi mish-mishlarning tarqalishiga bir necha jihatlar sababchi boʻlgan.

Obʼektning maxfiyligi. Oʻnlab yillar davomida AQSh hukumati bu harbiy bazaning mavjudligini tan olishdan bosh tortdi. Faqat 2013 yilda Markaziy razvedka boshqarmasi uning mavjudligini rasman tasdiqladi, ammo tafsilotlar – bu bazaning maqsadi nima boʻlgani va hozir undan nima maqsadda foydalanilayotgani hamon sirligicha qolmoqda.

Gʻayrioddiy hodisalar. “51-hudud” atrofidagi hududlarda NUJlar uchib yurganini koʻrib qolgan odamlar bu haqda OAVga maʼlumot berishadi. Bu nomaʼlum va notanish uchar obʼektlar hududda oʻtkaziladigan harbiy sinovlar bilan bogʻliq deyishadi. Biroq bu borada ham rasmiy va ishonchli maʼlumotlar yoʻq.

OAV hamda ommaviy madaniyat. “Mustaqillik kuni” (1996) kabi filmlar va “Fitna nazariyasi” kabi telekoʻrsatuvlar “51-hudud”ning begona texnologiyalar, xususan, halokatga uchragan NUJlar saqlanadigan hudud degan tushunchani odamlar ongiga muhrlagan.

2024 yilda ekranlarga chiqqan "Venom-3" filmi voqealari ayni shu hududda boʻlib oʻtadi.

Hujjatlangan faktlar va guvohlarning maʼlumotlari

“51-hudud” borasida turli guvohlar va tadqiqotchilar keltirgan koʻplab dalillar OAVda muhokama qilingan.

Masalan, yuqorida zikr etilgan amerikalik konspirolog Bob Lazar “51-hudud”ga yaqin joylashgan “S-4” maxfiy bazasida NUJlarning aksilgravitatsion reaktori ustida fizik va muhandis sifatida tadqiqot olib borganini daʼvo qilgan. Bob Lazar oʻz intervyularida bu texnologiyalarni batafsil tasvirlab bergan. Biroq uning daʼvolari munozarali boʻlib qolmoqda, chunki tarjimai holining koʻplab jihatlari notoʻgʻri ekani aniqlangan.

1989 yilda Las-Vegasdagi KLAS-TV jurnalistlari AQSh hukumati “51-hudud”da qoʻlga tushirilgan nomaʼlum obʼektlar, oʻzga sayyoraliklarga mansub uchar jismlarni saqlayotgani, biroq bu haqdagi maʼlumotlarni jamoatchilikdan sir tutayotgani haqidagi surishtiruv natijalarini eʼlon qilgan.

1995 yilda esa uchuvchi Jon Lir yerdagi transport vositalari uchun imkonsiz boʻlgan oʻta katta tezlikda harakatlanadigan va toʻsatdan osmonda toʻxtab qola oladigan gʻalati chiroqlarni koʻrganini aytgan edi. Aytish joiz, harbiy uchuvchi Jon Lir MRB samolyotlarini boshqargan. Koʻplab maxfiy maʼlumotlardan xabardor boʻlgan.

Mish-mishlar yolgʻonmi?

“51-hudud”da oʻzga sayyoraliklarga mansub texnologiyalar mavjudligi va oʻrganilayotgani haqidagi mish-mishlarni rad etadigan koʻplab ilmiy tushuntirishlar mavjud.

F-117 samolyoti xuddi oʻzga sayyoradan kelib qolganga oʻxshaydi. Ammo u Yerda, amerikalik muhandislar tomonidan yaratilgan. Ushbu jangovor samolyot ilk marta 1981 yilda “51-hudud”dan osmonga koʻtarilgan.

Masalan, bu hududda kuzatilgan koʻplab nomaʼlum uchar jismlar shunchaki yangi va noodatiy shakldagi samolyotlarning harbiy sinovlari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Masalan, yangi avlodga mansub SR-71 Blackbird va B-2 Spirit bombardimonchi samolyotlari kuzatuvchilarda tushunmovchilik uygʻotgan boʻlishi mumkin.

SR-71 Blackbird

Shu bilan birga, sahroda kuzatiladigan sarobga oʻxshash optik illyuziyalar ham bu mish-mishlarga sabab boʻlgani aytiladi. Zero sahroning jimirlayotgan havosi va boshqa atmosfera sharoitlari illyuziyalarni keltirib chiqarishi mumkin.

B-2 Spirit

Qolaversa, oʻnlab yillar davom etgan mish-mishlarga qaramay, “51-hudud”da begona texnologiyalar mavjudligini tasdiqlovchi birorta ham tasdiqlangan dalil yoki fotosurat yoʻq.

Boshqa faktlar

Ammo oʻylantirib qoʻyadigan jihatlar ham bor.

Markaziy razvedka boshqarmasi 2013 yilda U-2’ni loyihalash va ishlab chiqarish borasidagi hujjatlarni maxfiylikdan chiqardi. MRB 1950 va 60-yillardagi koʻplab “NUJni koʻrib qolish haqidagi guvohliklar” aynan ushbu samolyotni sinovdan oʻtkazish davrlari bilan bogʻliqligini tasdiqladi. Yaʼni odamlar NUJ deb oʻylagan sirli obʼektlar sinovdan oʻtkazilayotgan U-2 samolyotlari boʻlgan xolos.

2019 yilda esa internetda Storm Area 51 – “51-hudud”ga shturm qilib kiramiz”, deb nomlangan kampaniya boshlandi. Bunga minglab odamlar rozilik bildirib, tadbirda ishtirok etishini tasdiqlagan. Keyinchalik bu aksiya hazil ekani aytildi, biroq u odamlarda “51-hudud”ga qiziqish hamon kattaligini namoyon qildi.

Rasmiylarning bayonotlari

AQSh rasmiylari “51-hudud” haqida kamdan-kam izoh beradilar, lekin baʼzida hazil tariqasida tilga olishadi. Masalan, Barak Obama 2013 yilda “51-hudud”ni ochiq tilga olgan birinchi prezident boʻldi. U Kennedi markazi mukofotlarini topshirishga bagʻishlangan tantanali marosimda hazillashib: "Mana endi “51-hudud” haqida gaplashsak boʻladi. U yerda nimalar boʻlyapti oʻzi?" degan edi. (“Finally, we can talk about Area 51. What’s really going on there?”) Lekin, albatta, u aniq javob bermadi.

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp esa oʻz intervyusida NUJlar haqida oʻzi aytish mumkin boʻlganidan koʻra koʻproq maʼlumot bilishini va bu mavzu haqiqatdan ham qiziq ekanini taʼkidladi.

2024 yilda NUJlar: guvohliklarning yangi toʻlqini

2024 yilda AQShda, xususan, Nyu-Jersi va Nyu-York osmonida NUJlarni koʻrib qolish holatlari koʻpaygani bois yana jahon OAV diqqati markazida qoldi. Ijtimoiy tarmoqlar va yangiliklarda fuqarolar ham, harbiy uchuvchilar tomonidan ham suratga olingan sirli obʼektlarning koʻplab videolari paydo boʻldi. Eng mashhur holatlardan biri – 2024 yil iyul oyida, AQSh harbiy-havo kuchlari uchuvchilari Tinch okeani ustida osmonda tez harakatlanuvchi jismni payqagani bilan bogʻliq. Bu holat OAVlarda katta munozara hamda shov-shuvlarga sabab boʻldi. Olimlar va siyosatchilar oʻrtasida qizgʻin muhokamalarga turtki berdi.

Aytish joiz, 2024 yilda NUJlarni yana tez-tez koʻrib qolishayotgani texnologiyaning rivojlanishi bilan bogʻliq. Sifati yaxshilanib borayotgan va hammada mavjud kameralar, dronlar va boshqa qurilmalar ilgari aniqlanmagan hodisalarni suratga olish imkonini bermoqda. Mutaxassislarning fikricha, avvallari sunʼiy yoʻldosh uchirilishi sonining koʻpayishi va yangi aviatsiya texnologiyalarini sinovdan oʻtkazish kuzatuvchilarni chalkashtirishi mumkin edi. Yoki kamera yoʻqligi bois NUJni koʻrganiga boshqalarni ishontira olmas edi hech kim. Biroq endi sifatli suratga olinayotgan NUJ tasvirlari odamlarni hayratga solib, dalil vazifasini oʻtamoqda.

Siyosatchilar ham shov-shuvlardan chetda turishmayapti. Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi 2024 yil avgust oyida AQSh hukumati NUJlar haqidagi barcha xabarlarni jiddiy qabul qilishini va bunday holatlarni tahlil qilish uchun maxsus ishchi guruh tuzayotganini aytdi. Donald Tramp esa harbiylarga osmonda koʻringan har qanday nomaʼlum uchar obeʼktni urib tushirish kerakligini aytdi.

Olimlar, oʻz navbatida, bu hodisalarni ilmiy nuqtai nazardan oʻrganish muhimligini taʼkidlaydilar. Astrofizik Neil deGrasse Tayson taʼkidlaganidek: “Osmondagi nomaʼlum obʼekt uning oʻzga sayyoradan kelib qolganini anglatmaydi. Bu shunchaki biz uning nima ekanini hali bilmasligimizni anglatadi”.

NUJ maʼlumotlarini tasniflash

Biroq tan olish kerak, AQSh hukumati sirli hodisalarga izoh berishni istamasa-da, asta-sekin NUJlar haqidagi maʼlumotlarga kirish imkoniyatini ochmoqda. 2021 yilda Pentagon 2004 yildan 2021 yilgacha 144 ta nomaʼlum havo hodisalari (UAP – Unidentified Anomalous Phenomena) kuzatilganini oʻz ichiga olgan hisobotni eʼlon qildi. Ushbu holatlardan faqat bittasiga aniq tushuntirish berilgan. Ushbu hujjat muammoni rasmiy darajada tan olishda muhim qadam boʻldi.

2022 yilda AQSh Kongressi NUJ muammolari boʻyicha yarim asrdagi birinchi tinglovlarni tashkil etdi, unda UAP’ni chuqurroq tahlil qilish choralari muhokama qilindi.

2023 yilda AARO (All-domain Anomaly Resolution Office) deb nomlangan maxsus ishchi guruh tuzildi, u havo, suv va fazodagi nomaʼlum hodisalar haqidagi maʼlumotlarni toʻplaydi va oʻrganadi.

Pentagon hisobotlari va NASA tashabbuslari kabi rasmiy koʻrsatmalar va hujjatlar UAPni milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan oʻrganish muhimligini taʼkidlaydi. Masalan, 2023 yilgi AQSh harbiy direktivasida harbiylar tomonidan kuzatilgan har qanday noodatiy hodisalar zudlik bilan hujjatlashtirilishi va keyingi tahlil qilish uchun AARO’ga yuborilishi kerakligi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

Sir oshkor qilinsa, sirligi qolmaydi

“51-hudud” shunchaki harbiy baza emas, balki insonning sirlarni ochishga boʻlgan genetik va tarixiy qiziqishining ramzi hisoblanadi. Bu hududda avval nimalar sodir boʻlgani va hozir nimalar yuz berayotganidan qatʼi nazar, u ommaviy madaniyatning bir qismi va sayyoramizdagi eng sirli joylardan biri boʻlib qolmoqda. Zero, sirlarning odamzodga qiziq tuyulishining asosiy omili – uning sirli boʻlib qolishida...

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+