Tibetdagi kuchli yer silkinishida 53 kishi halok boʻldi
AQSh Geologik xizmati zilzila kuchini 7,1 magnitudali deya baholadi.

Tibetning baland togʻli hududlaridan birida sodir boʻlgan kuchli zilzila natijasida kamida 53 kishi halok boʻldi, deya xabar bermoqda "Sinxua".
Jabrlanganlar soni esa 62 kishini tashkil etmoqda. Yer silkinishlari natijasida koʻplab binolar qulagan.
Xitoy seysmologik tarmoq markazining (CENC) maʼlum qilishicha, Nepal bilan chegara yaqinidagi Tibet avtonom rayonidagi Dingri okrugida mahalliy vaqt bilan soat 9:00 atrofida 6,8 magnitudali zilzila sodir boʻlgan.
AQSh Geologik xizmati esa 7,1 magnitudali zilzila haqida xabar berdi. Yer silkinishi Nepal poytaxti Katmanduda ham sezildi.
"Dingri okrugi va uning atrofidagi hududlarda juda kuchli silkinishlar sodir boʻldi, epitsentr yaqinidagi koʻplab binolar qulab tushdi", - deya xabar beradi CCTV davlat teleradiokompaniyasi.
Xitoy ommaviy axborot vositalari mahalliy hokimiyat idoralari zilzila oqibatlarini baholash uchun okrugdagi aholi punktlarini tekshirayotgani haqida xabar bermoqda.
Baland togʻli okrugda 62 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Bu mintaqada zilzilalar tez-tez sodir boʻladi, ammo bugungi zilzilalar soʻnggi besh yildagi eng kuchlisi boʻldi, dedi CENC.