Avtobusda yoʻl haqini naqd koʻrinishda toʻlaganlar jarimaga tortiladi
Transport nazorati inspeksiyasi va maxsus nazorat guruhi avtobuslarda reyd tadbirlarini olib boradi.

Toshkentda bundan buyon jamoat transporti avtobuslarida yoʻlkirani naqd koʻrinishda toʻlaganlar jarimaga tortiladi. Bu haqda Toshkent shahar transport boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Allayor Norboʻtayev maʼlumot berdi.
Uning aytishicha, avtobusda toʻlovning faqat ikki koʻrinishi mavjud: karta orqali toʻlov (1700 soʻm) va bekatlardagi infokiosk va shoxobchalardan chek olib, toʻlov qilish (3 ming soʻm).
Yoʻlkira uchun toʻlovni naqd koʻrinishda berish va olish taqiqlanadi. Norboʻtayevga koʻra, Transport inspeksiyasi va maxsus nazorat guruhi yoʻl haqini naqd toʻlamoqchi boʻlgan yoʻlovchilarga "Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks"ning 144-moddasi boʻyicha javobgarlikka tortilishi mumkin.
Transport nazorati inspeksiyasi vakiliga koʻra, naqd toʻlovni qabul qilgan haydovchi ham jazolanishi mumkin. Agar holat birinchi marta sodir boʻlsa, ogohlantirish beriladi.
Soʻngra BHMning oʻndan bir qismi miqdorida (taxminan 37,5 ming soʻm) jarima solinadi.
Eslatib oʻtamiz, Toshkentda jamoat transporti narxlari 2025 yil yanvardan 3 ming soʻmgacha koʻtarilgandi. Kartalar orqali toʻlovda miqdor 1700 soʻmni tashkil etadi.