platina.uz

Bukmekerlik: tarix, hozirgi holat va sahna ortidagi sirlar

Bukmekerlik tarixi faqat foyda yoki zarardan iborat emas, uning ortida takomillashgan qonunchilik mexanizmi boʻlishini shart qiluvchi ulkan ijtimoiy va iqtisodiy muammolar yashirinib yotadi.

Tahlil
5-yanvar, 12:31
Bukmekerlik: tarix, hozirgi holat va sahna ortidagi sirlar
Fotokollaj: Platina.uz

Avvalroq xabar qilganimizdek, joriy yilning 1 yanvaridan bukmekerlik faoliyatiga ruxsat etildi.

Maʼlumki, 2024 yil 19 aprelda "Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi prezident farmoni qabul qilingan edi. Mazkur farmon asosida 2025 yil 1 yanvardan internet tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berildi.

Mazkur qadam turli ijtimoiy qatlam vakillari tomonidan turlicha talqin qilindi. Ayrimlar buni zamondan orqada qolmaslik va davlat byudjetini toʻldirish vositasi deya baholashdi. Ayrimlar esa ijtimoiy muammolarga sabab boʻlishidan xavotir olishmoqda.

Aslini olganda, qadimgi qimor oʻyinlari poydevori ustida shakllangan bukmekerlik faoliyati koʻp asrlik tarixga ega. Bukmekerlik faoliyati qadimgi sivilizatsiyalarda paydo boʻlganidan to zamonaviy global hodisagacha boʻlgan uzoq yoʻlni bosib oʻtgan. Ayrim jamiyatlar va dinlar qimorni taqiqlashga uringan boʻlsa, boshqalarida unga oddiy oʻyin va qoʻshimcha daromad manbai sifatida qaralgan. Holbuki, bukmekerlik tarixi faqat foyda yoki zarardan iborat emas, uning ortida takomillashgan qonunchilik mexanizmi boʻlishini shart qiluvchi ulkan ijtimoiy va iqtisodiy muammolar ham yashirinib yotadi.

Bukmekerlik faoliyati tarixi

Bukmekerlik chuqur tarixiy ildizlarga ega. Qadimgi Yunoniston va Rimda Olimpiya oʻyinlari va gladiator janglari kabi sport musobaqalari ustidan kim gʻolib boʻlishini taxmin qilgan holda garov oʻynab, pul tikishgan boʻlsa, ajab emas. Lekin bukmekerlikning biz tasavvur qiladigan zamonaviy shakli, aytish mumkinki, dastlabki prototiplari XVIII asrda Angliyada ot poygalariga garov tikilgan paytda paydo boʻlgan. Shu bois Buyuk Britaniya zamonaviy bukmekerlik sanoatining vatani hisoblanadi.

XIX asrga kelib bukmekerlik boks, futbol va tennis kabi sport turlarini qamrab olgan holda butun dunyoga tarqala boshladi. Bu soha taraqqiyotining muhim bosqichi – qatʼiy chegaralangan koeffitsiyentlarning paydo boʻlishi boʻldi. Bu esa pul tikish jarayonini oʻyinchilar uchun yanada shaffoflashtirib, ishtirokchilar uchun “bashorat qilish” imkoniyatini oshirdi. XX asrda texnologiyalar va Internetning rivojlanishi bilan sanoat mahalliy dov tikish punktlaridan global onlayn platformalarga aylanib, haqiqiy inqilobni boshdan kechirdi.

Hozirgi vaziyat

Bugungi kunda jahon miqyosida oʻyinlarga dov tikish bozori har yili 250 milliard dollardan oshadi. 2023 yilda bukmekerlik idoralarining daromadlari qariyb 80 milliard dollarni tashkil etdi. Ayni paytda AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Xitoy davlatlari sport oʻyinlariga dov tikish hajmi boʻyicha yetakchi boʻlib qolmoqda. Masalan, AQShda sport oʻyinlariga pul tikish bozori 2023 yilga kelib 13 milliard dollargacha oʻsgan.

Hozirda bukmekerlik faoliyati faqat anʼanaviy sport oʻyinlari bilan cheklanib qolmagan. Bozordagi Bet365, William Hill, FanDuel va 1xBet kabi yirik ishtirokchilar oʻz mijozlariga sport oʻyinlariga, elektron sport, virtual oʻyinlar va hattoki siyosat va shou-biznes bilan bogʻliq tadbirlarni oʻz ichiga olgan keng koʻlamli faoliyat turlari boʻyicha garov oʻynab, pul tikish xizmatlarini taklif qilishmoqda. Virtual platformalar va mobil ilovalar 24/7 rejimida dov tikish imkoniyatini beradi, bu esa ishtirokchilar sonining muttasil oʻsib borishiga, pirovarida bu fenomen bilan bogʻliq muammolarning jiddiylashuviga ham sabab boʻlmoqda.

Bukmekerlik idoralari oʻzlari faoliyat yurituvchi davlatlarning byudjeti uchun yirik donorlar hisoblanadi. Soliqlarga kelsak, ular turli mamlakatlarda turlicha. Misol uchun, Buyuk Britaniyada bukmekerlar yalpi daromadning 15 foizini toʻlashlari shart, AQShda esa soliq stavkalari shtatga qarab 6 foizdan 20 foizgacha oʻzgarib turadi. Baʼzi mamlakatlarda, masalan, Rossiyada oʻyinchilar olgan yutuq summasi ham daromad soligʻiga tortiladi.

“Oy”ning koʻrinmas tarafi

Bukmekerlik faoliyati aksariyat davlatlarda qonunchilik bilan tartibga solinganiga qaramasdan, keng jamoatchilik nigohi va muhokamalaridan chetda qoluvchi “qorongʻu” jihatlarni ham oʻz ichiga oladi.

1. Boshqa odamlarning pullaridan foydalanish: ruhiy qaramlik va jinoyatchilik: baʼzi oʻyinchilar dov tikish uchun zarur summani qarz koʻtarishadi, pensiya jamgʻarmalaridan yoki uchinchi shaxslarning bank depozitlaridan pul tikish uchun foydalanadilar. Masalan, Oʻzbekistonda yirik pul jamgʻarmalarini boshqarish imkoniyatiga ega ayrim mansabdor shaxslarning boshqalar pensiyasi, maoshi yoki jamgʻarmalarini onlayn bukmekerlik uchun tikib yuborishgani haqida xabarlar chiqib turadi. Bunday shaxslar, shuningdek, oʻz jamgʻarlarining hammasini onlayn qimor oʻyinlariga tikib, puliga “kuyib qolgan” shaxslar ruhiy inqiroz natijasida oʻz joniga qasd qilishgani yoxud pul topish maqsadida qotillik, oʻgʻirlik va tovlamachilik kabi jinoyatlarga qoʻl urishganiga misollar talaygina. Bunday holatlar eng kamida qarzga botish va moliyaviy bankrotlikka olib kelishi endi yangilik emas. Misol uchun, 2022 yilda AQShda oʻyinchilarning taxminan 20 foizi pul tikish uchun qarz olishga majbur boʻlishganini tan olishgan. Chunki qimor oʻyinlarida yutqizgan shaxs pullarini “qaytarib” olish uchun yana pul topib, oʻyinga tikadi va battar muammolar girdobiga botadi.

2. Ijtimoiy oqibatlar: Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyo aholisining taxminan 1% qimor oʻyinlariga qaramlikdan aziyat chekadi, bu taxminan 80 million kishi deganidir. Avstraliya kabi yuqori dov stavkalari ruxsat etilgan mamlakatlarda har yili 400 ga yaqin odam pul tikish bilan bogʻliq muammolar tufayli oʻz joniga qasd qiladi.

3. Manipulyatsiya: bukmekerlar riskni boshqarish uchun koeffitsiyentlarni faol ravishda oʻzgartiradi. Misol uchun, bitta oʻyinga koʻp miqdorda garov tikilsa, bukmekerlik idorasining ehtimoliy yoʻqotishlarni kamaytirish uchun yutuq koeffitsiyentlari kamayadi. Bu oʻyinchilarni chalkashtirishi va ruhiy tushkunlikka solishi mumkin. Aytaylik, Habib Nurmagomedov va Konor Makgregor oʻyiniga pul tikkanlarning aksariyati Habib gʻalaba qozonishiga ishongan. Biroq Habib yutganidan keyin yutuvchilar koʻpligi bois, yutuq summasining koeffitsentlari avtomatik ravishda kamayadi va bu dastlabki umidlarni puchga chiqaradi.

4. Bukmekerlikni qonuniylashtirish va uning oqibatlari: sport oʻyinlariga pul tikishni qonuniylashtirish koʻpincha soliqlar orqali davlat daromadlarining oshishiga olib keladi, lekin jamiyatda qimor oʻyinlariga qaramlik xavfini oshiradi.

5. Noqonuniy bozor: bukmekerlik faoliyati huquqiy maydonga olib chiqilganiga qaramasdan, noqonuniy bozor koʻlami hamon kattaligicha qolmoqda. Interpol hisob-kitoblariga koʻra, dunyoda noqonuniy pul tikish hajmi har yili 500 milliard dollardan oshadi.

6. Kelishilgan oʻyinlarga ragʻbat: sport musobaqalarining natijalarini taxmin qilishga asoslangan pul tikish faoliyati bozor ishtirokchilarini oson va moʻmay, biroq noqonuniy daromad topishga undashi mumkin. Masalan, sport menejerlari va bukmekerlik idoralari jinoiy til biriktirgan holda, yutishi aniq boʻlgan favorit sportchilar yoki sport jamoalarining ataylab yutqizib berishini uyushtirishadi. Bundan avval esa yutish ehtimoli kam jamoa yoki sportchiga pul tikishadi yoki bu insayderlik maʼlumotini xufyona pullashadi. Natijada aksariyat oʻyinchilar yutqizadi, vijdonsiz bukmeker va sport menejerlari (yoxud ularga tegishli shaxslar) katta yutuqni qoʻlga kiritishadi.

Qizgʻin muxlislik sababchisi

Hozirgi shakldagi bukmekerlik faoliyati sobiq SSSR davlatlariga Sovet ittifoqi parchalanib, kapitalizmga oʻtish ortidan kirib kelgan boʻlsa-da, sotsialistik lagerda ham oʻziga xos qonuniy qimor oʻyinlari boʻlgan. Lotereyalardan tashqari, otchoparlarda ot poygalari hamda “Sportloto” va “Sprint” kabi oʻyinlar shular jumlasidandir.

Biroq “Sportloto” va “Sprint” oʻyinlari shunchaki maʼlum raqamlarni oldindan taxmin qilib topish mexanizmi ustiga qurilgan. Sport musobaqalarining natijalariga eʼtibor qaratilmagan.

Gʻarbda futbol yoki boshqa sport turlari tomoshabinlarining “jinnilarcha” muxlislik qilishlarini koʻrish – shunday tarzda “fanatlik” qilishning sovet fuqarolariga ham yuqishiga sabab boʻldi. Biroq sovetlar Gʻarbdagi muxlislarning aynan sportga muhabbat emas, pul yutish va yutqazish oʻrtasidagi xavotirlar sabab shunday "muxlislik" qilishini tasavvur qila olmagan boʻlsa kerak.

Umuman olganda, bukmekerlik faoliyatini nafaqat koʻngil ochish, balki katta foyda olish umidi, jiddiy xavf va ijtimoiy oqibatlarga olib keladigan soha, deb hisoblash mumkin. Ushbu sohaning tarixi, hozirgi holati va yashirin tomonlarini tushunish – uning jamiyatga taʼsirini koʻproq anglashga yordam beradi. Ayni paytda esa sport oʻyinlariga pul tikish – ruhiy qaramlik, oʻyinda shaffoflik va sohani qonuniy tartibga solish bilan bogʻliq muammolarni hal qilish vazifasini ustuvor qilib qoʻyadi. Mamlakat iqtisodi uchun foyda va jamiyatning axloqiy qiyofasini saqlash oʻrtasidagi dilemma ahamiyatini yanada kuchaytiradi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+