platina.uz
Jahon

Brendga aylangan nom: Tramplar oilasining yuksalishi

Uch marta uylangan Donaldning ikkita kuyovi bor: biri isroillik va yana biri livanlik. Prezidentning Yaqin Sharq boʻyicha pozitsiyasi qanday boʻladi, deb oʻylaysiz?

Brendga aylangan nom: Tramplar oilasining yuksalishi
Fotokollaj: Platina.uz

AQSh prezidentlari va ularning oila aʼzolari doimo jamoatchilik eʼtiborida boʻlib keladi. Ammo Donald Tramp bu borada oʻzgacha maqomga ega. Zero, Tramp familiyasi u prezident boʻlishidan avval ham taniqli edi. Prezidentligi esa bu sulola mashhurligini yanada oshirishga xizmat qildi.

“Amerika orzusi”ga mos kelmaydigan tarix

Donald Trampning tadbirkorlik tarixi “Amerika orzusi” haqidagi anʼanaviy hikoyalarga unchalik ham mos kelmaydi. Toʻgʻri, Donaldning ota tarafdan bobosi va buvisi nemis immigrantlari boʻlishgan. Biroq Donald Tramp boylikka erishish yoʻlidagi yurishini noldan boshlagan emas: u oʻz faoliyatini otasining koʻchmas mulk ijarasi va qurilishi bilan shugʻullanuvchi kompaniyasida ishlashdan boshlagan.

1971 yilda Tramp Manhettenga koʻchib oʻtib, koʻchmas mulk va bank ishi boʻyicha qudratli shaxslar, shu jumladan, uning keyingi yuksalishi va mashhur boʻlib ketishiga katta hissa qoʻshgan taniqli advokat Roy Kon bilan tanishdi.

Keyinchalik The Trump Organization koʻplab koʻchmas mulk va kazinolarga egalik qila boshladi. Shahar hokimiyati hamda qudratli amaldorlarning qoʻllab-quvvatlashiga erishdi.

Tramp telekanallarda koʻrsatuv va shoular tashkil etib, jamoatchilik fikriga taʼsir qilishni oʻrgandi. U shu darajada mashhur boʻldiki, kunlardan bir kuni AQSh prezidentligiga nomzodini qoʻyishga jurʼat qildi.

Avvaliga Respublikachilar partiyasida siyosiy faoliyatini boshlagan Tramp 1999 yil 8 oktabrda bu partiyani tark etib, “Islohotlar partiyasi”ga oʻtib, shu partiya vakili sifatida 2000 yilgi prezident saylovlariga nomzodini qoʻydi. Biroq fevral oyida saylovoldi poygasidan chiqib ketdi.

2015 yilda esa Respublikachilar partiyasi nomzodi sifatida prezident saylovlariga nomzodini qoʻydi va gʻolib boʻldi. 2017 yil 20 yanvar kuni AQShning 45-prezidenti sifatida ish boshladi.

Tramp 2020 yilgi prezident saylovlarida qatnashib, ikkinchi muddatga qolishga urindi. Ammo saylovchilar Jo Baydenni maʼqul koʻrishdi.

Toʻrt yillik prezidentlik muddati tugagan Jo Bayden esa Demokratik partiya bosimi ostida ikkinchi muddatga saylanish uchun oʻz nomzodini qoʻymadi. Uning oʻrnida prezidentlik saylovoldi poygasida qatnashgan Kamala Harris esa saylovlarda Donald Trampga magʻlub boʻldi.

Tez orada, joriy yilning 20 yanvarida Donald Tramp AQShning 47-prezidenti sifatida Oq uyga koʻchib oʻtadi. U Respublikachilar partiyasidan nomzod sifatida AQSh tarixida Grover Klivlenddan keyin oraliq tanaffus bilan 2 ta saylovda qatnashib, gʻolib chiqqan siyosatchi sifatida tarixda qoladi.

Tramplar oilasi

Odatda davlat rahbarlarining oilalari oshkoralikni unchalik yoqtirishmaydi. AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydenning qarindoshlari haqida koʻp narsa maʼlum, lekin asosan uning giyohvand moddalarni isteʼmol qilish, noqonuniy qurol saqlash va boshqa jinoyatlarda ayblangan oʻgʻli Hanterni koʻproq tanishadi. Hanterni hisobga olmaganda Bayden oilasi ommaviy axborot vositalari uchun unchalik qiziq emas. Misol uchun, birinchi xonim Jillni kamdan-kam eslashadi. U faqat eri Jo Bayden bilan turli tadbirlarda birga paydo boʻlganida OAV tiliga tushadi.

Xuddi shunday holat Trampdan oldingi prezident Barak Obama bilan ham sodir boʻldi. Uning rafiqasi Mishel, albatta, xayriyachi sifatida tanilgan, ammo qizlari haqida faqat ularning ismlari va ular oʻqigan taʼlim muassasalarining nomi jamoatchilikka maʼlum xolos.

Tramplar esa mutlaqo oʻzgacha maqomda. Xorijiy ommaviy axborot vositalariga nazar tashlansa, baʼzida Tramplar oilasining qaysi aʼzosi haqida soʻz borayotganini chalkashtirib yuborasiz.

Kichik Donald Tramp

Birinchi sabab – Donald Trampning oʻgʻli – kichik Donald Tramp boʻladi. Maʼlumki, 1977 yilda boʻlajak prezident, keyin esa taniqli tadbirkor, biznes imperiyasining vorisi katta Donald Tramp chexoslovakiyalik Ivana Zelnichkovaga uylandi. Ularning turmushidan uch farzand tugʻildi. Toʻngʻich oʻgʻilga hech ikkilanmasdan, otasining ismini qoʻyishdi.

Kichik Donald Tramp koʻplab kasblarni oʻzgartirdi, lekin ota-onasi bilan aloqalarini uzmadi. U, shuningdek, otasining saylov kampaniyasida ham muhim rol oʻynadi. Ohayo shtatidan senator Jey Di Vensni vitse-prezidentlikka nomzod sifatida qabul qilish gʻoyasi aynan unga tegishli boʻlgan. Garchi ushbu senator bir necha yil oldin Trampning faol tanqidchisi boʻlgan, hatto uni Hitler bilan qiyoslagan boʻlsa-da, kichik Donald uni doʻsti deb hisoblardi.

Kimberli Gilfoyl – 2020 yildan beri kichik Trampning qalligʻi boʻlib, u ham katta Donald Tramp karerasiga hissa qoʻshgan. Aytgancha, bu ayol “Respublika siyosiy harakatlar superqoʻmitasi”ning aʼzosi. Ammo bundan oldin ham, Fox News telekanalida ishlab yurganida xam u boʻlajak qaynotasini televizor ekranlaridan faol qoʻllab-quvvatlagani bilan mashhur.

Ivanka Tramp

Trampning birinchi turmushidagi ikkinchi farzandi – qizi Ivanka ham otasining siyosiy karerasida muhim qahramon. (Unga ism qoʻyishda ortiqcha oʻylanib oʻtirishmagan: Ivanka – onasi, yaʼni Trampning birinchi xotini – Ivana ismining kichraytirilgan shakli xolos. Ivankaning rasman ism-sharifi onasi bilan bir xil – ingliz tilida Ivana Marie Trump).

Ivanka yosh qizlik paytida oʻz faoliyatini model sifatida boshlagan, ammo otasidan meros boʻlgan ishbilarmonlik baribir oʻzini namoyon qildi: u iqtisodiyot boʻyicha taʼlim oldi va oʻz zargarlik brendiga asos soldi.

Ivanka otasining Oq uydagi birinchi muddat prezidentlik davrida uning (maosh olmasdan ishlaydigan) maslahatchisi boʻldi. U hatto prezident nomidan ham bir necha bor bayonotlar berganini taʼkidlash zarur. Ivanka rahbarligida iqtisodiy tashabbuslar va tadbirkorlik boʻlimi tashkil etildi (Bayden davrida bu tizim bekor qilindi).

Ivankaning 2009 yildan beri turmush oʻrtogʻi, yahudiy millatiga mansub Jared Kushner katta Donald Trampning saylovoldi kampaniyasi menejeri va qaynotasining spichrayteri – nutqlari muallifi boʻlgan. Jared Kushner 2017-2021 yillarda – Oq uyda katta maslahatchi lavozimida faoliyat yuritgan.

Jared Kushner "Asr kelishuvi" deb nomlangan – Falastin-Isroil turar-joy rejasini ishlab chiqqani bilan ham maʼlum. Lekin Yaqin Sharqda bu tashabbusni faqat Isroil qoʻllab-quvvatladi xolos. Shunga qaramasdan, Tramp buni muvaffaqiyatsizlik deb hisoblamadi chogʻi, kuyovini avvalgidek oʻziga yaqin oladi.

Erik Tramp

Donald Trampning birinchi xotini Ivanadan tugʻilgan uchinchi farzandi – Erik boʻladi. Xayriyat, unga “original” ism qoʻyishgan. U otasining saylovoldi kampaniyalarida mablagʻ yigʻish va targʻibot bilan shugʻullandi: bu borada uning moliya va menejment sohasida olgan bilimlari juda qoʻl keldi. Otasi Donald Tramp prezident etib saylanganida, Erik oilaviy biznesga ham rahbarlik qila boshladi.

Erikning rafiqasi Lara – Tramplar oilasida yangi chiqayotgan yulduz sanaladi. Bir yil oldin u respublikachilarning boshqaruv organi hisoblangan “Respublika milliy qoʻmitasi” hamraisi boʻldi.

Katta Donald Tramp va Ivana Tramp (Zelnichkova) 1992 yilda ajrashishdi. 2022 yilda prezident-biznesmenning birinchi rafiqasi vafot etdi. Tramp bu vaziyatga ham ishbilarmon sifatida yondashib, uni golf maydoniga dafn qildi. Amerikalik jurnalistlar Tramp bu yoʻl bilan kamroq soliq toʻlashni moʻljallagan, deb gumon qilishdi: zero marhumani xususiy yerga dafn etish bu yerga xuddi qabriston kabi maxsus maqom hamda soliq toʻlashda tegishli imtiyozlar beradi.

Tiffani Tramp va uning turmush oʻrtogʻi Maykl Bulos

Donald Trampning ikkinchi xotini Marla Meyplz bilan turmushidan Tiffani ismli qizi bor. 1993 yilda tugʻilgan Tiffani Tramp model, qoʻshiqchi va sotsiolog sifatida mashhur. AQShdagi Jorjtaun universitetining Yuridik markazida huquqiy tadqiqotlar boʻyicha assistent boʻlib ishlaydi.

2016 yilgi prezident saylovlarida otasining targʻibot kampaniyasida faol qatnashgan, Respublikachilar partiyasining Milliy sʼezdi spikeri boʻlgan. 2020 yilda ham ushbu sʼezdda soʻzga chiqqan. Otasining saylovoldi kampaniyasida ishtirok etgan.

Tiffanining turmush oʻrtogʻi –Maykl Bulos 1997 yilda AQShda, Livandan Nigeriyaga kelib qolgan va keyinchalik AQShga koʻchib oʻtgan Massad Bulos oilasida tugʻilgan.

Garchi Maykl Bulos boshqa kuyov – Jared Kushner kabi qaynotasi Donald Trampning siyosiy kampaniyalarida bevosita ishtirok etmasa-da, Tramplar oilasi uchun stretegik ahamiyatga ega. Bulos va uning otasi Tramplarning Afrika va Yaqin Sharq bilan aloqalarini mustahkamlashi uchun juda muhim. Zero, Mayklning otasi Massad Bulos 1971 yilda Livanda, grek-nasroniy oilasida tugʻilgan milliarder tadbirkor. Qishloq va suv xoʻjaligi, oziq-ovqat va mashinasozlik texnologiyalariga ixtisoslashgan SCOA Nigeria kompaniyasining bosh direktori.

Massad Bulos 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida qudasi Donald Trampni faol qoʻllab-quvvatladi, kelib chiqishi arab millatiga mansub AQSh fuqarolarini Tramp uchun ovoz berishga targʻib qildi. U Trampni "global tinchlik" tarafdori etib koʻrsatishga urinadi.

Bulos Falastin maʼmuriyati rahbari Mahmud Abbos va Donald Tramp oʻrtasidagi siyosiy muloqotda vositachilik ham qilgan.

Oʻtgan yilning dekabrida Donald Tramp qudasi Massadni AQSh prezidentining arab va Yaqin Sharq ishlari boʻyicha katta maslahatchisi etib tayinladi.

Melaniya Tramp va uning oʻgʻli Berron Tramp

Trampning uchinchi rafiqasi – Melaniya darhol, 2015 yildayoq erining prezidentlik ambitsiyalarini qoʻllab-quvvatlashi bilan tilga tushdi. Ammo Melaniya ayrim hollarda qovun tushirib qoʻygani bilan ham OAV eʼtiborini tortgan. Masalan, Melaniyaning saylovoldi nutqlaridan biri qisman Mishel Obamaning shu mavzudagi nutqidan koʻchirib olingani jamoatchilik kulgisiga sabab boʻldi.

Shu kabi holatlarga qaramasdan, Melaniya birinchi xonim sifatida oʻzini juda yaxshi namoyon qildi: u Oq uyda chiroyli tadbirlar uyushtirdi, AQShdagi shifoxonalarga tashrif buyurdi va Afrika mamlakatlariga sayohat qildi.

Tramp va Melaniya turmushidan tugʻilgan oʻgʻil farzand Berron 19 yoshda va hali jamoat hayotida oʻzini koʻrsatmagan.

Boylik – toʻsiq emas

Tramplarning taʼsiri ularning siyosiy ambitsiyalaridan ancha tashqariga chiqadi. Forbes nashri maʼlumotlariga koʻra, AQSh saylangan prezidentining shaxsiy boyligi taxminan 5,6 milliard dollarni tashkil qiladi. Shu bois, masalan, saylov kampaniyasida u tashqi homiylarga unchalik qaram boʻlmadi.

Business Insider nashri maʼlumotlariga koʻra, Tramp oilasining umumiy boyligi 6,7 milliarddan oshadi. Birgina qizi Ivankaning oʻzi milliard dollardan ortiq boylikka ega.

Tramlar oilasining boylikka gʻarq boʻlgan hayoti Amerika jamiyatida tushunmovchilikka sabab boʻlishi tabiiy. Chunki Donald Tramp aynan ishchilar qatlamini qoʻllashga vaʼdalar berib, hokimiyat tepasiga kelgan.

Buning ustiga, 2017 yilda Tramplar oilasi “Harvi” toʻfoni qurbonlarini qoʻllab-quvvatlash uchun million dollar xayriya qilishdi xolos. Bu mablagʻ qimmatbaho koʻchmas mulklarni ijraga berib katta daromad oluvchi, golf maydonlari va aksiyalarga egalik qiluvchi sulola, koʻp milliardli boylik sohibi boʻlmish Tramplar oilasi uchun juda kamtarona xayriya hisoblanadi.

Shu bilan birga, tan olish lozim, Donald Tramp saxovatdan uzoq shaxs emas. Masalan, u birinchi prezidentlik muddatida davlat rahbari sifatida maosh olishdan bosh tortdi. Ammo buni jasorat deb atash ham mumkin emas: AQSh prezidentining yiliga 400 ming dollarlik maoshi Tramp uchun dengizdan tomchi xolos.

“Amerika orzusi”ning yangi timsoli

Xulosa qilib aytganda, Tramp – shunchaki familiya emas, bu brend, strategiya va siyosat chegaralaridan ham chetga chiqa olgan hayot tarzidir. Tramplar sulolasining har bir aʼzosi biznesdan tortib shou-biznesgacha, modadan tortib global siyosiy tashabbuslargacha – har bir sohada oʻziga xos oʻrniga ega.

Qolaversa, Tramplar oilasining har bir aʼzosi oʻz mashhurligi va boyligi bilan Tramplarning umumiy oilaviy merosini mustahkamlaydi. Ommaviylik hamda mashhurlikka boʻlgan tashnalik, obroʻni pulga aylantira olish qobiliyati va har qanday sharoitda brenddan unumli foydalanish tajribasi Tramplarni shunchaki siyosiy suloladan mashhur brendga, muvaffaqiyat etaloniga aylantirdi. Hatto Donald Tramp aralashgan turli mojaro va jinoyat ishlari hamda sudlashga urinishlar ham bunga soya sola olmayapti.

Bu etalon nafaqat Internetdagi obunachilar va milliardlab daromad bilan bilan, balki moda, anʼana va tendensiyalarni belgilash, doimo diqqat markazida boʻlish va qarama-qarshi his-tuygʻularni uygʻota olish qobiliyati bilan oʻlchanadigan yangi davr hayotining ramziga aylangan. Shu bois Tramplar sulolasi – bu ambitsiya, kuch va shaxsiy brend – muvaffaqiyat asosi hisoblanuvchi zamonaviy Amerikaning koʻzgudagi aksi desak ham mubolagʻa boʻlmaydi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid