Lenkoranlik Robin Gud: Ravshan Lenkoranskiy
Uning jinoyat olamidagi “yurishi” atigi 20 yil davom etgan boʻlsa-da, deyarli butun postsovet davlatlari jinoyat olamini oʻziga boʻysundirgan.

2016 yil 18 avgust kuni Turkiyaning Istanbul shahrida "qonundagi oʻgʻri” Ravshan Janiyev (jinoyatchilik olamidagi laqabi – Lenkoranskiy) oʻldirib ketildi.
Hali 40 yoshga kirmasidan butun sobiq sovet respublikalari, hatto Gʻarbdagi rus mafiyalari orasida obroʻ qozonishga ulgurgan Ravshan oxirgi paytlarda oʻzidan kattaroq yana bir avtoritet- laqabi “Ded Hasan” boʻlgan Aslan Usoyanga qarshi chiqa boshlagan edi. Hatto ayrim norasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2013 yil yanvarda Moskvada “Ded”ni oʻldirib ketganlar Ravshanning buyrugʻini bajargan. Tabiiyki, Ravshanni yoʻq qilishganini ham qasos aksiyasi sifatida talqin etish ustuvor boʻlib qoldi. Ravshanni oʻldirib ketishganida gazetalar “Ded Xasanga suiqasdning taxminiy tashkilotchisi Turkiyada otib tashlandi” qabilidagi sarlavhalar bilan munosabat bildirishdi.
Baland dorga osilgan yoshlik
Garchi Usoyan bilan bogʻlangan taxminlar koʻp boʻlsa-da, Ravshanning oʻldirilishini odatiy “razborka”ning muvaffaqiyatsiz natijasi deydiganlar ham talaygina. Boisi 18 avgust kuni Ravshan Lenkoranskiy Istanbul mehmonxonasida boshqa qonundagi oʻgʻrilar: Temuri Nemsitsveridze (Sripa), Roin Uglava (Matevich), Dato Churadze bilan uchrashadi.
Maxsus xizmatlardagi manbalarga koʻra, u “Lefortovo qamoqxonasida oʻtirgan “qonundagi oʻgʻrilar”ning maqomiga daʼvogarlik qila boshlagan”. Xususan, “Shakro molodoy” (Zaxari Kalashov) Ded Hasanning vorisi sifatida qabul qilingan va jinoyat qirolining toji ham Shakroga oʻtishi kutilayotgan edi.
Shakro 2016 yil iyulida Moskvada hibsga olinganidan keyin (u 2024 yil 29 mart kuni ozodlikka chiqdi) Ravshan ancha faollashib qolgan. Ayrim taxminlarga koʻra, u Shakroning oʻrniga “yangi qirol” sifatida tanilishni orzu qilgan.
Lenkoranskiy otib ketilishidan sal oldinroq, Istanbuldagi mehmonxonada yigʻilishda goʻyoki Lenkoranskiyning “shaxsiy killerlari” boʻlgan yana uch nafar ozarbayjon – Hoji Tolibxonli (Beylaganskiy), Zaur Sumgaitskiy va Vohid Bakinskiy ham qatnashgan.
Lenkoranskiy mehmonxonadan chiqqach, Beshiktosh hududidagi chorrahada svetoforda yashil chiroq yonishini kutib oʻtirganida, uning mashinasiga Stechkin avtomat toʻpponchasi va Uzi avtomati bilan qurollangan nomaʼlum shaxslar tomonidan oʻq uzilgan. Haydovchi kasalxonaga olib ketilayotganda vafot etgan. “Qonundagi oʻgʻri”ning oʻzi tez yordam shifokorlari tomonidan reanimatsiyaga olib ketilgan, biroq bir necha soatdan keyin uning ham joni uzilgan. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, suiqasd paytida Lenkoranskiyning sinfdoshi va bir Turkiya fuqarosi ham mashinada edi. Birinchisi yaralangan, ikkinchisi qochishga muvaffaq boʻlgan.
Shuningdek, oʻq uzilgan mashina ortidan qoʻriqlash mashinasi ham kelgani xabar qilingan. Biroq u biroz orqada yurgani bois, otishmadan “benasib” qolgan.
Hujum sodir etishda gumon qilinib, 3 nafar Ozarbayjon va bir nafar Turkiya fuqarosi qoʻlga olindi. Huquq-tartibot idoralaridagi manbalarning xabar berishicha, ularning millati kurd. “Ded Hasan”ning kelib chiqishi ham kurd-yazid boʻlgani eʼtiborga olinsa, taxminlar tarozisining qasos pallasi koʻproq bosib ketadi.
Ravshan Lenkoranskiyning uchta “shaxsiy killeri” ham hibsga olingan. Ulardan biri Turkiya hukumati tomonidan ozarbayjonlik qonundagi oʻgʻri Alibala Hamidovning (Goji Bakinskiy yoki Yasamalskiy) oʻldirilishida gumon qilingan, qolgan ikki nafari avvalroq Ozarbayjonda qidiruvga berilgan. Aytgancha, 2013 yilda oʻldirib ketilgan Hamidov ham Lenkoranskiyning dushmani boʻlgan: u 2012 yilda Ravshanni “qonundagi oʻgʻri tojidan mahrum qilish” marosimida qatnashgan – va bu haqdagi xushxabar – “malyava”ni bokulik mahkumlar orasida tarqatgan.
Qonun himoyachisining qonunbuzar oʻgʻli
Ravshan Janiyev 1975 yil 27 yanvarda Ozarbayjonning Lenkoran shahrida tugʻilgan. Millati – talish. Uning otasi militsioner boʻlib ishlagan. 1992 yilda, Ravshan endigina 17 yoshga qadam qoʻyganida, yirik jinoiy klan vakillari Ravshanning otasini oʻldirtirishadi. 1996 yilda oʻtkazilgan sud paytida Ravshan Janiyev shu jinoyatda gumon qilinayotgan shaxsni toʻpponchadan otib tashlaydi. Baʼzi manbalarning taʼkidlashicha, sudlanuvchining butun Janiyevlar oilasini qirib tashlash bilan dagʻdagʻa qilganiga javoban Ravshan shunday yoʻl tutgan.
Sud jinoyatdagi holatlarini inobatga olib, 21 yoshli Janiyevni atigi ikki yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
2000 yilda Ravshan Janiyev Boku shahri markazida qonundagi oʻgʻri Karamat Mamedovga qarata oʻq uzgan. Yarador tirik qolgan, biroq Janiyev voqea joyida ushlanib, qattiq kaltaklangan. Taʼkidlanishicha, Ravshan mushtlashuv paytida olgan bosh jarohati ruhiy kasallikka olib kelgan. Bu safar Janiyev koloniya oʻrniga majburiy davolanishga hukm qilingan. Bir necha oy oʻtgach, u uyga qaytdi, ammo davom etayotgan “mafiya urushlari” tufayli Rossiyaga koʻchib ketishga majbur boʻldi va Rossiya fuqaroligini oldi. Ozarbayjon sudi esa uning jinoyat ishini qayta koʻrib chiqib, xalqaro qidiruvga berdi.
“Toj kiydirish” marosimi
2001 yilda Moskvada qonundagi oʻgʻrilar Artik Dabchayev (Artik) va Mirseymur Abdullayev (Seymur Nardaranskiy) yosh Janiyev-Lenkoranskiyga “qonundagi oʻgʻri” tojini kiydirishdi (ularning ikkovini ham 2003 yil bahorida otib oʻldirib ketishgan). 2004 yilda Ravshan Lenkoranskiy ozarbayjonlik uyushgan jinoiy guruh rahbari Elchin Yevlaxskiyni oʻldirishda gumonlanib hibsga olingan – u 2003 yilning yozida Moskvada otib ketilgan edi. Biroq Janiyev shaharni tark etmaslik haqidagi tilxatiga koʻra qoʻyib yuborilgan, biroq u tergovdan yashiringan. 2006 yilda Lenkoranskiyni jinoyatchilar yigʻilishi(sxodka)da hibsga olishga urinishgan, ammo u oʻshanda ham qochishga muvaffaq boʻlgan.
Osondan kelsa boylik..
2006 yilga kelib, Lenkoranskiy Moskvadagi butun ozarbayjon biznesi uchun “krisha”ga aylanib, “himoya” qila boshladi. Xususan, Moskvadagi mashhur va oʻta serdaromad Cherkizovskiy bozori (sobiq milliarder Telman Ismailov boshqargan oʻsha mashhur “Cherkizon”) ham uning nazorati ostida edi.
2009 yilda hukumat bosimi ostida Cherkizon yopildi. “Yaqin kelajakda biz Moskva markazidagi bu sharmandalikka barham beramiz. Bu ilonxonani yopish kerak va biz bu ishni yaqin kelajakda yakuniga yetkazamiz”, degan edi oʻshanda Rossiya prokuraturasi huzuridagi Tergov qoʻmitasi rahbari Aleksandr Bastrikin.
Natijada Lenkoranskiyga kelib turgan daromad keskin pasayib ketdi. Bozor yopilganidan soʻng, goʻyoki Ravshan bir-biriga dushman boʻlgan ikki yirik jinoyatchi – Aslan Usoyan (Ded Xasan) va Tariel Oniani (Taro) tomonidan nazorat qilinadigan sohalarga daxl qila boshlagan.
2008 yilda Ravshan Lenkoranskiy Ukrainada hibsga olingan va Ozarbayjonga ekstraditsiya qilingan. 2010 yilda sud uni noqonuniy qurol saqlashda aybdor deb topib, ikki yilu oʻn oyga ozodlikdan mahrum qildi. Hukm eʼlon qilinganidan soʻng, “qonundagi oʻgʻri” tergov davomida shu muddat davomida hibsda yotgani uchun darhol sud zalidan ozod qilindi.
Oʻynashmagin “Ded” bilan...
2010 yilda postsovet hududidagi eng nufuzli “qonundagi oʻgʻri” sanalgan Ded Xasan Moskvada ogʻir yaralangan edi. Lenkoranskiy esa Ozarbayjonda ozodlikka qoʻyib yuborilgani zahoti yana Ukrainaga ketdi – goʻyo u shu yoʻl bilan oʻziga alibini taʼminlamoqchi boʻlgan. Ded Xasanning oʻzi Ravshan Lenkoranskiyni unga suiqasdning buyurtmachisi deb hisoblagan, ammo jinoyat dunyosining boshqa vakillari bu suiqasdni gruzin “oʻgʻrisi” Taro (Tariel Oninani) uyushtirgan boʻlishi mumkinligiga ishongan.
Ukraina huquq-tartibot idoralari Lenkoranskiyni muntazam ravishda hibsga olib, Ozarbayjonga ekstraditsiya qilishga harakat qilgan, biroq uddasidan chiqmagan.
2012 yilda Ravshan Birlashgan Arab Amirliklariga ketgan, u yerda turli toʻdalar bilan toʻqnashuvlar paytida uch marta pichoqlangan. Oʻsha yili Aslan Usoyan toʻdasidan boʻlgan oʻgʻrilar Lenkoranskiyni "qonundagi oʻgʻri" maqomidan mahrum qilgani haqida “malyava” tarqatishdi.
Xatda Lenkoranskiy va “Taxa” (Giya Uglava) jinoyat olamiga buzuqlik olib kelib, mahbuslar oʻrtasida fitna yoyishda ayblangan.
Keyinchalik Lenkoranskiyning shotirlari ushbu “malyava”ni yozgan “qonundagi oʻgʻrilar”dan biri Baxish Aliyevni (“Vaxa”) ushlab olib, qattiq kaltaklashdi va u yozganlaridan tonishga majbur boʻldi.
Qasos elchilari
2013 yil yanvar oyida Moskvada Ded Xasanning hayotiga navbatdagi suiqasd uyutirildi va raqib bu safar maqsadiga erishdi – Ded “borsa kelmas dunyo”ga ravona boʻldi. Jinoiy hamjamiyatga yaqin manbalar qotillikning ehtimoliy ishtirokchilari qatorida Lenkoranskiyni ham tilga olishdi. Biroq Janiyev-Lenkoranskiy uchun Dedni oʻldirishdan foyda yoʻq, chunki jinoyat olami yetakchisining boʻshab qolgan taxtiga daʼvo qila olmas edi baribir. Yuqorida zikr etilganidek, Ded Xasanning vorisi sifatida Shakro Molodoy (kurd-yazid millatiga mansub gruziyalik Zaxariy Kalashov) koʻrsatilgan. Faqat u Ded kabi xarizmatik va umumeʼtirof etilgan rahbar boʻla olmadi – shuning uchun jinoiy toʻdalar oʻrtasidagi urushlar toʻxtamadi.
Lenkoranskiyning ukasi Emil Janiyev Ravshanning Usoyanni oʻldirishda qoʻli borligini rad etdi. “Ravshanning Aslan Usoyan (Ded Xasan) oʻlimiga aloqasi yoʻq va buni hurmatli odamlar yaxshi bilishadi. Unga tegishli boʻlgan narsa politsiyaning ixtirosi boʻlib, ular, aftidan, oʻzlarining aniq maqsadlarini koʻzlayapti va vaziyatni ataylab keskinlashtirmoqda”, degan Emil Janiyev.
Biroq, daʼvo qilinishicha, Ravshan Lenkoranskiyning ismi Ded Hasanning oʻlimidan soʻng uning safdoshlari tomonidan tuzilgan “oʻlimga mahkumlar roʻyxati”da birinchi qatorda boʻlgan. Hatto jinoiy toʻdalar Ravshanning “boshi” uchun 5 million dollar mukofot eʼlon qilishgan.
Hasanning shotirlari bildirishicha, qotillik buyurtmachilari Taro va Merab Janveladze, tashkilotchilar esa Lenkoranskiy va Jemo (Jemal Mikeladze) boʻlgan.
2015 yilning kuzida, Ded Xasanning vorisi Shakro Molodoy ispan qamoqxonasidan ozod etilganida, Ravshan Lenkoranskiy jinoiy yigʻilish qarori bilan yana “taxtdan tushirildi”. 2016 yil 18 avgustida esa Istanbulda uning umriga zomin boʻlishdi.
Dabdabali janoza va yodgorlik
2016 yilning 19 avgust kuni Ravshan Janiyevning jasadi “Palmali kompaniyalar guruhi” prezidenti Mubariz Mansimovning shaxsiy samolyotida vatani Lenkoranga yetkazildi. Turli manbalarga koʻra, samolyotni aeroportda 5 mingdan 25 minggacha odam kutib olgan. Aeroportga tutash yoʻllarda tirbandlik yuzaga kelgan. Odamlar marhumning tobuti ortilgan mashinani uning uyigacha yigʻlab kuzatib qoʻyishgan.
Ravshan Lenkorandagi “Kichik bozor” qabristoniga dafn qilindi. Keyinchalik uning qabri ustiga noyob marmar va granitdan hashamatli yodgorlik barpo etildi. Ravshanni boʻy basti bilan aks ettirgan haykal bir qoʻlini beliga tiragancha, uzoqlarga tikilib turibdi...
Gachi zona romantikasi ixlosmandlari Ravshanning oʻlimidan qaygʻuga tushgan boʻlsa-da, bu voqea jinoyatchilar olamiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Tinimsiz mojaro va qonundagi oʻgʻrilarning “juvonmarg” boʻlib ketishidan charchagan toʻdalar nihoyat eski tartibga qayta boshladi. Eng muhimi, Moskvadagi savdo nuqtalari ustidan nazorat uchun muttasil kurashib kelayotgan kavkazliklardan iborat ikki kriminal toʻda oʻrtasidagi qonli kurashga chek qoʻyildi.
Nega Ravshanni hurmat qilishgan?
Hatto Ravshanning dushmanlari ham uni afsonaviy “oʻgʻri” sifatida taʼriflashadi. Ravshanning jinoyat olamidagi “yurishi” atigi 20 yil davom etgan boʻlsa-da, deyarli butun postsovet davlatlari jinoyat olamini oʻziga boʻysundirgan. Uning tavakkalchilikni yaxshi koʻrishi, qoʻrqmas va qatʼiyatli ekani hamda beshafqatliligi bilan dushmanlarining yuragiga gʻulgʻula solib turardi.
Lenkoranskiy boshqa yirik jinoyatlarga xos boʻlgan stereotiplardan uzoq shaxs edi. U yaxshi tarbiya koʻrgani va bilimli ekani, nisbatan aqlli va oʻychan qiyofasi bilan, yoshligi va tez til topa olishi, har qanday odam bilan kelishib keta olishi bilan ajralib turgan.
Ravshanni afsonaviy Robin Gudga ham qiyoslashadi. U boylar va yirik jinoyatchilarni qirgʻin qilgan. Topgan pulini doʻstlari va kambagʻallar bilan boʻlishgan. Nafaqt Ozarbayjon, balki Rossiyadagi amaldorlar ham Ravshanni yoʻq qilish yoki panjara ortiga tashlashdan manfaatdor boʻlmagan. Avvalo Ravshan kerakli amaldorlarni pul va sovgʻalar bilan muntazam “moylab turgan”, qolaversa davlat va mahalliy hokimiyat idoralarining turli ijtimoiy loyihalarini bajonidil moliyalashtirgan.
Shu boisdan koʻplab qoʻshiqchilar Ravshanga bagʻishlab qoʻshiqlar ham kuylashgan.
Ozarbayjon tomoni ham qogʻozda Ravshanni taʼqib qilsa-da, aslida uning mavqesi yuksalishidan manfaatdor boʻlgan. Maʼlumki, Ozarbayjon meva-sabzavot yetkazib berish va boshqa tijoriy operatsiyalarda Rossiya bilan mustahkam aloqalarga ega. Qolaversa, Rossiya elitasi orasida ham amaldor va tadbirkor ozarbayjonlar koʻp. Rossiyadagi yirik ugurji meva-cheva bozorlari va umuman, barcha savdo nuqtalarining etnik ozarbayjon nazorati ostida boʻlishi rasmiy Boku uchun ham ayni muddao boʻlgan. Aks holda armani tijoratchilar va hukumatdagi armani lobbi guruhlari bu sohani egallab olsa, ozarbayjonlik tadbirkorlarni rostmana qirgʻin qilishi, hukumat darajasida (ayniqsa, Togʻli Qorabogʻ muammosi hal etilmagan davrda) Boku manfaatlariga zid xatti-harakatlarga yoʻl ochishi aniq edi. Ravshanning bu sohani nazorat qilishi Markaziy Osiy meva-sabzavot eksportyorlari uchun foydali edi. Ular ham armanilardan koʻra Ravshan “jamoasi” bilan ish tutishni afzal koʻrishgan. Rossiyadagi armanilar tarixan turklarni va ular sabab ozarbayjonlarni yomon koʻrishi ortidan Ravshanni ham yoqtirmagan. Arman millatiga mansub rossiyalik komik Mixail Galustyanning dovdir quruvchi migrantlar haqidagi sketchlari qahramonlaridan birini Ravshan deb nomlagani bejiz emas, deyishadi ayrimlar.
Turli toʻsiqlarga va dushmanlari koʻpligiga qaramasdan, Ravshan Lenkoranskiy nisbatan uzoq muddat jon saqlay oldi. Biroq kimsan Ded Hasandek ogʻir vaznli oʻgʻri bilan mojaroga kirishishi Ravshanning eng katta xatosi boʻldi deyishadi. Uning dushmanlari oʻta koʻpayib ketdi. Aks holda u hozirgacha taxtda qolayotgan boʻlishi mumkin edi.
Aytishlaricha, Ravshan oʻzini jinoyatchi deb hisoblamagan. Uning bu koʻchaga kirishi majburiy boʻlgan edi. Lenkoranskiyning jinoyat olamidagi hayoti qasos bilan boshlanib, qasos bilan tugadi. Yovuzlik faqat yovuzlik tugʻdiradi, degan naql yana bir bora oʻz isbotini topdi...
Abulfayz Sayidasqarov
