Diktatorlik merosi: kimga zahmat, kimga farogʻat
Zamonaviy podsholar toʻqigan yolgʻon va allalar, tagi puch umid va orzular bilan oddiy xalq oʻzini ovutib, omon qolish uchun kun kechiradi. Ha, aynan kun kechiradi. Yashashni esa ularning boshiga chiqib olgan diktatorlar va ularning hamtovoqlari oʻz zimmasiga olgan.

Insoniyat tarixida oʻrta asrlarda monarxiya eng koʻp tarqalgan boshqaruv shakli boʻlsa, keyinchalik respublika va prezident boshqaruviga oʻtildi.
Monarxlar – qirollar, sulton, podshoh, xon va hokazolar urush va kurashlar hamda boshqa tarixiy omillar natijasida hokimiyat tepasiga kelgan boʻlsa, prezident yoki bosh vazirlar demokratik asosda – saylanish yoʻli bilan hokimiyatni qoʻlga oladi.
Monarxiyada hokimiyat avloddan-avlodga meros boʻlib oʻtadi. Agar boshqa sulola yoki inqilobchilar uni taxtdan agʻdarib tashlamasa, albatta. Respublikachilik tizimida esa davlat yoki hukumat rahbari oʻz vakolatlarini farzandlari yoki qarindoshlariga meros qoldirishga haqli emas.
Biroq davlat va hokimiyatni, kuch ishlatar tizimlar, maxsus xizmatlar va armiyani qoʻlga olishga muvaffaq boʻlgan avtoritar va diktator prezidentlar konstitutsiyada koʻrsatilgan muddatlarni inkor etgan holda oʻlgunlaricha hukmronlik qilib, xalq hisobidan “jannatmonand” hayot kechirishgani yetmaganidek, “oʻz taxt”larini farzandlariga meros qilib qoldirishga urinishadi. Buning uchun qonunni manipulyatsiya qilish va kerak boʻlsa konstitutsiyaga ham oʻzgartirish kiritishadi.
Oxirgi yarim asrda dunyodagi davlat rahbarlari va ularning farzandlari hayoti qanday kechganiga nazar solsak, hokimiyatni meros qilib olish baʼzan farogʻat, baʼzan masʼuliyat, baʼzan esa azob va zahmat keltirganini koʻrish mumkin.
Muammar Qazzofiy
Qazzofiy Liviyani konstitutsiyaga zid ravishda 30 yil (1969-2011) boshqargan. Uning ertaklardagidek boy va goʻzal hayotiga 2011 yilda mamlakatda yuz bergan inqilob yakun yasadi. Isyonchilar Qazzofiyni otib oʻldirishdi. Uni oʻldirishlaridan avval Qazzofiy isyonchilarni insof qilishga chaqirgan, biroq ular bunga eʼtibor bermasdan, sobiq prezidentni yerga yiqitib, maqsadlarini amalga oshirgan. Isyonchilar uning ikki oʻgʻli Muttazima (davlat xavfsizligiboʻyicha maslahatchi) va Xamisni (maxsus politsiya guruhining boshliqlaridan biri) ham oʻldirishgan.
Muammar Qazzofiyning jami 9 nafar qondosh va 2 nafar asrandi farzandi boʻlgan. Qazzofiyning katta oʻgʻli Sayfulislom Myunxenda yashab, tahsil olgan. Sayfulislom bu yerda hashamatli hayot kechirgan, ammo Liviyada fuqarolar urushi boshlangach, vataniga qaytgan. U NATO havo hujumi paytida halok boʻlgan.
Qazzofiyning yana bir oʻgʻli – professional futbolchi Saʼdiy ham otasini himoya qilish uchun qoʻliga qurol olishga majbur boʻldi. Hukumat qoʻshinlari magʻlubiyatga uchragach, u Nigerdan siyosiy boshpana oldi. Uch yildan soʻng uni Liviyaning yangi hukumatiga topshirib yuborishdi. U haqdagi xabarlar oxirgi marta 2018 yilda paydo boʻlgan. Oʻshanda Saʼdiy qotillikda ayblanib oqlangan. Keyinchalik spirtli ichimliklarni saqlagani va isteʼmol qilgani uchun bir yil qamoq jazosiga hukm etilgan.
Hayotda koʻngli tusagan ishini qilib yashashda Hannibal otasiga koʻproq tortgan. U tez-tez xotiniga va umuman, ayollarga va xizmatkor hamda xodimlariga qarshi qoʻl koʻtarib turardi. Shu bois u boshqa mamlakatlarda koʻp marta politsiya diqqat markaziga tushib turgan. Kichik Qazzofiy ham otasiga oʻxshab xalq pulini behuda sovurishni yaxshi koʻrgan. Istagan narsasini sotib olgan, istagan maishatini qilgan. Inqilobdan keyin Hannibal Jazoirga qochib ketgan. Uning keyingi taqdiri qanday kechgani nomaʼlum qolmoqda.
Shuningdek, Qazzofiyning Oysha ismli qizi ham boʻlib, u general-leytenant lavozimida urushda qatnashgan. NATOning havo zarbalari paytida qizini yoʻqotib qoʻygan. Keyinchalik Ummonga qochib oʻtib, shu davlatdan siyosiy boshpana olgan.
Saddam Husayn
Saddam Husayn 1979 yilda Iroq prezidentligini egallagan boʻlsa-da, bundan ancha yil avvalroq mamlakatga hukmronlik qilishni boshlagan edi. 2003 yilda AQSh boshchilik qilgan Xalqaro harbiy koalitsiya tomonidan “taxtdan agʻdarilgan”. Uni xalqaro terrorchilikni qoʻllab-quvvatlash va ommaviy qirgʻin qurollari yaratishda ayblashgan. Diktatorning 3 oʻgʻli va 3 qizi boʻlgan. Uning oʻgʻillari Uday va Qusay Mosuldagi qarorgoh Amerika askarlari tomonidan qamal qilinganida taslim boʻlishni istamagani bois oʻldirilgan.
Uday otasining “soyasi”da koʻplab qotillik, qiynoq va jinsiy zoʻrlashlarga qoʻl urgani maʼlum. Masalan, u chempionatda magʻlub boʻlgan Iroq jamoasi futbolchilarini betondan yasalgan koptokni tepib oʻynashga majburlagan. Keyin esa ularni “sharmandalik ustuni”ga bogʻlab qoʻyib, 3 kun davomida qamchilab urishga topshiriq bergan.
Hozir Iroq diktatorining 3 qizi Ragʻad, Raʼno va Hala hayot. Otasi hokimiyatdan agʻdarilgach, qizlar Iordaniyaga qochishgan va mamlakat qirolining himoyasiga oʻtishgan.
Nikolaye Chaushesku
Ruminiya prezidenti Nikolaye Chaushesku (1965-1989 yillarda hukmronlik qilgan) davlat toʻntarishi paytida – 1989 yil 22 dekabr kuni xotini bilan birga otib oʻldirilgan. Inqilobchilar atigi 1 soat davom etgan “sud”da ularni oʻz xalqini genotsid qilish, milliy iqtisodiyotni vayron etish va xorij banklaridagi daromadlarini yashirishda ayblab, oʻlimga hukm qilishgan. Chausheskuning 3 farzandi (2 nafar oʻz va 1 nafar asrandi) ham sud kursisida oʻtirgan.
Chausheskuning kichik oʻgʻli Niku inqilobga qadar “boyvachcha yigit” hayotini kechirgan: spirtli ichimliklarga ruju qoʻygan, mast holda avtohalokatlar sodir etgan, xalq pullarini qimorxonada oʻynab sovurgan. Koʻr koʻrni qorongʻuda topibdi, deganlaridek Niku Saddam Husaynning oʻgʻli Uday bilan doʻst boʻlgan. Ular Yevropa tungi klublari va qimorxonalarida birga kayfu-safo qilib, “hordiq” chiqarishgan. Sudda Nikuni xalq pullarini sovurish, qizlarni jinsiy zoʻrlash va odamlarni garovga olishda ayblashgan. Niku sud hukmiga koʻra 20 yil qamoq jazosini oʻtashi lozim edi. Ammo spirtli ichimliklar sogʻligini ado qilgan shekilli, 2 yildan soʻng jigar sirroziga chalingani bois, xastaligi inobatga olinib, ozodlikka chiqarilgan. Niku 1996 yilda Avstriya poytaxti Vena shahridagi hospitalda 45 yoshida xastalikdan vafot etgan.
Chausheskuning yagona qizi Zoya juda bilimli shaxs edi. Matematikani yaxshi koʻrgan va ilm-fan bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan. Biroq bu ota-onasiga yoqmagan. Shu darajada yoqmaganki, prezident ota Zoya kirmoqchi boʻlgan institutni shunchaki tarqatib yuborgan.
Zoya otasi oʻlgach, 8 oy qamoqda oʻtirdi. Qamoq hayoti, barcha narsadan bir zumda ajralgani va otasining oʻldirilishi unga yomon taʼsir qildi. U axloqan buzilib ketib, piyonistaga aylanib qoldi. Zoya 2006 yilda 57 yoshida oʻpka saratonidan vafot etgan.
Sobiq diktatorning katta oʻgʻli Valentin asrandi oʻgʻil boʻlgan. Siyosatga aralashmagan. 80-yillarda "Styaua"futbol klubini boshqargan. Hozir u 76 yoshda, OAVdan uzoq yurishga harakat qiladi. Kamtaringina pensiya olib yashaydi.
Adolf Hitler
Maʼlumki,fashistlar Germaniyasi yetakchisi boʻlgan fyurerdan (1934-1945 yillarda davlatni boshqargan) farzandlar qolmagan. Biroq Hitlerning otasi – Aloizdan avlodlar qolgan: aka-uka Luis, Brayan i Aleksandr Styuart-Xyuston hozir AQShda yashaydilar. Ularning birortasida ham farzand yoʻq va boʻlmaydi ham. Chunki Hitlerning avlodlari nasl qoldirmaslikka kelishib olishgan.
Iosif Stalin
SSSR rahbari, qonxoʻr diktator Stalindan 2 oʻgʻil – Yakov, Vasiliy va 1 qiz – Svetlana qolgan. Ular Stalindan keyin tinch hayot kechirib oʻlib ketishgan. Ularning avlodlari esa Stalin naslini davom ettirmoqda.
Aytaylik, Stalinning nabirasi Olga Piters (keyinchalik ism-sharifini Kris Evansga oʻzgartirgan) AQShda istiqomat qiladi. U Stalinning qizi Svetlana hamda amerikalik meʼmor Uilyam Pitersdan 1971 yilda tugʻilgan. Olga - antikvar doʻkon sohibasi.
Stalinning chevaralaridan biri Vissarion Jugashvili (1965 yilda tugʻilgan) – rejissyor va u ham AQShda yashaydi. U Gruziyada kaltaklanganidan soʻng AQShdan siyosiy boshpana olgan. Ikkinchi chevarasi Yakov esa Gruziyada yashaydi va ashaddiy stalinchi. U 2006 yilda Putindan Stalin oʻlimini qayta tergov qildirishni talab etgani bilan mashhur. Yakovning fikricha, Stalinni uning atrofida yurgan siyosiy muxoliflari oʻldirishgan emish.
Stalinning ancha mashhurroq avlodlaridan biri – aktyor i rejissyor Aleksandr Burdonskiy hisoblanadi. Faqat u Stalin familiyasida yurishdan or qilib, uni Burdonskiyga oʻzgartirgan. Aleksandr 2017 yilda vafot etgan. Undan farzand qolmagan.
Vladimir Putin
Rossiyaning 23 yildan beri oʻzgarmas rahbari Vladimir Putin(19 yil prezident, 4 yil bosh vazir sifatida)ning oilaviy hayoti oʻta sir tutiladi. Biroq Putin va uning xotini Lyudmila Putina 2013 yilda rasman va ochiq ravishda nikohni bekor qilib, ajrashishgani maʼlum.
Putinning Lyudmila bilan turmushidan 2 qiz Mariya va Katerina tugʻilgan. Mariya (1985 yilda tugʻilgan) “Gazprom”ning top-menejerlaridan biri, hollandiyalik Yorrit Faassenga turmushga chiqqan. 2012 yilda ularning oilasida oʻgʻil tugʻilgan va Putin birinchi marta bobo boʻlgan. 2016 yilda Mariyaning eri avtohalokatda vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bu rasman tasdiqlanmadi ham, rad etilmadi ham.
Putinning ikkinchi qizi Yekaterina (1986 yilda tugʻilgan) Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (MDU) qoshidagi Milliy intellektual zahirasi markazining rahbari, shuningdek, MDU prorektori oʻrinbosari hisoblanadi.
OAVlarda kezib yuradigan, ammo tasdiqlanmagan mish-mishlarga koʻra, Putin gimnastikachi ayol Alina Kabayeva bilan ishqiy munosabatlar oʻrnatgan. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Alina prezidentga 2009, 2012 va 2015 yillarda jami 3 farzand tugʻib bergan.
Aleksandr Lukashenko
Belarusga 1994 yildan beri prezidentlik qilib kelayotgan Aleksandr Lukashenkoni “Yevropaning soʻnggi diktatori” deb atashadi baʼzan. Lukashenko ham xuddi Kubaning sobiq rahbari Fidel Kastro kabi Belarusni juda yaxshi koʻrganidan uni birovga bergisi kelmaydi. Lukashenkoning birinchi xotini Galina 2 oʻgʻil tugʻib bergan. Katta oʻgʻil Viktor avtoritar tuzumlar anʼanasiga muvofiq, milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi lavozimida edi. Oʻrtancha oʻgʻil Dmitriy yumshoq xarakteri bois bor diqqatini sportga yoʻnaltirgan: u "Prezident sport klubi" respublika birlashmasining hamda Milliy olimpiya qoʻmitasining (MOQ) rahbari. 2021 yil voqealaridan soʻng Xalqaro olimpiya qoʻmitasi (XOQ) Viktor Lukashenkoni Belarus MOQ rahbari sifatida tan olmagan.
OAVda koʻchib yurgan ayrim “uzun quloq” gaplarga koʻra, Lukashenkoning kichik oʻgʻli Nikolay 2004 yilda prezidentning sobiq shaxsiy shifokori Irina Abelskayadan nikohsiz tugʻilgan. Bu “diktatorvachcha”ning feʼli ham oʻziga yarasha. Aytishlaricha, Nikolay bir kuni samolyot eshigini oʻz qoʻli bilan yopishni istagan, biroq styuardessa bunga yoʻl qoʻymagan. Nikolay shartta uning qoʻlidan tishlab olgan. Nikolay gʻazabdan “Agar vazir boʻlsam, seni ottirib tashlayman” deya dagʻdagʻa qilib boʻkirgan. Lukashenko bu oʻgʻlini judayam yaxshi koʻradi. Uni Kichkintoy deb chaqiradi.
Hozir Nikolay Belarusdagi millionlab oʻsmirlarning “yulduzi”. Nikolay qurmagur fortepianoda Raxmaninovning musiqasini shunday “mahorat bilan” chaladiki, prezidentning otalik mehri tovlanib, faxrdan koʻziga yosh keladi.
Kim Chen Ir
Koreya xalq demokratik respublikasi, yaʼni Shimoliy Koreya rahbarligi Kim Chen Irga otasidan qolgan. (Kim Chen Ir bu anʼanani davom ettirdi. Biroq “taxti”ni kenja oʻgʻli Kim Chen Inga qoldirdi (Aslida u katta oʻgʻil Kin Chen Nam boʻlishi kerak edi.) Lekin katta oʻgʻil Kim Chen Nam otasining gʻazabiga duchor boʻlgan va qalbaki pasport bilan Yaponiyaga qochib oʻtishga uringan. Uni aeroportda ushlab qolishgan va barcha davlat ishlaridan chetlatishgan. 2017 yilda esa bechora katta oʻgʻilni Kuala-Lumpur aeroportida zaharlab oʻldirishgan. Mish-mishlarga koʻra, amaldagi prezident Kim Chen In katta akasini zaharlab oʻldirishni buyurgan. Bu oʻlim xalqaro rezonansga sabab boʻlgan va AQSh Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalarni yanada kuchaytirgan.
Kim Chen Inning, ayrim maʼlumotlarga koʻra, sogʻligi yomonlashib bormoqda. Shu bois u oʻziga merosxoʻr koʻzlab yurgan boʻlishi mumkin. Hozircha uning xotini Li Sol Chju 2012 yilda tuqqan qizi Kim Chju E ehtimoliy keyingi prezident sifatida koʻrilmoqda. Kim Chen In oxirgi paytlarda koʻplab davlat tadbirlariga shu qizini birga olib yurgani buning isboti boʻlishi mumkin.
Biroq yaqinda Kim Chen Inning singlisi Seul rasmiylarini itga qiyosladi va agar ular KXDRga qarshi harbiy chora koʻrishga qaror qilsa, Janubiy Koreya magʻlubiyatga uchrashini vaʼda qildi. Bunday keskin bayonotlarning oliy rahbarning oʻng qoʻli deb hisoblanuvchi singil tomonidan berilishi ham turli taxminlarni urchitmoqda. Biroq xalqi ochlikdan ozgʻin, oʻzi esa toʻqlikdan semirib ketgan Kim Chen Inning kursisi kelajakda kimga meros qolishini vaqt koʻrsatadi.
Bashar Asad
Suriyani boshqarib kelayotgan Asadlar sulolasining tarixi harbiy mulozim Hofiz Asadning davlat toʻntarishi orqali 1971 yilda hokimiyat tepasiga kelishidan boshlanadi. Hofiz Asad naqd 30 yil – 2000 yilgacha Suriyaga rahbarlik qildi. Mamlakat aholisini zulmga va qonga, qashshoqlik botqogʻigʻa botirdi. Oʻzi shia boʻlgani uchun muntazam sunniy koʻpchilik aholining huquqlarini kamsitib keldi. Uning ukasi Rifat diktator akasini oliy mansabdan agʻdarishga urindi, lekin qurolli bosqin muvaffaqiyatsiz yakunlandi va Rifat mamlakatdan quvgʻin qilindi.
Suriyaning hozirgi prezidenti Bashar Asad – marhum diktator Hofiz Asadning kenja oʻgʻli boʻlib, otasining oʻlimidan soʻng Suriyaga qaytib kelgan. Bungacha u uzoq yillar Londonda koʻz shifokori boʻlib ishlagan. Bashar Asad oʻziga qoldirilgan “meros”ga ega chiqish uchun saylovlar oʻtkazdi va qalbaki ovozlar yordamida 97 foiz ovoz bilan bu lavozimga oʻtirdi. U shundan buyon – 23 yildan beri avtoritar va diktator prezident sifatida Suriyani zulm iskanjasida ushlab turibdi. Aynan Bashar Asadning notoʻgʻri milliy-diniy siyosati, korrupsiya va oʻgʻirliklari bois Suriya fuqarolar urushi botqoqogʻiga botdi. Xalqning sabr kosasi toʻlib-toshdi. Suriyaning azaldan SSSR, keyin esa Rossiya himoyasida boʻlgani Bashar Asad hokimiyatiga ham meros boʻlib oʻtdi. Vladimir Putinning har tomonlama qoʻllab-quvvatlashiga javoban Bashar Asad rus tilini Suriya maktablarida oʻqitiladigan ikkinchi tilga aylantirdi.
Bashar Asadning 3 farzandi bor: 20 yashar qizi Zayn Asad , 22 yashar oʻgʻli Karim Asad va 19 yashar oʻgʻli Hofiz Asad Suriya “taxtiga” zimdan koʻz tikib yurishibdi.
Fidel Kastro
Kuba “komandante”si Fidel Kastro (1926-2016) hayoti davomida 3 xotinidan 7 farzand koʻrgan. Bular Fidel tan olganlari xolos. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Fidelning nikohsiz tugʻilgan bolalari 50 dan ziyod.
Kastro katta oʻgʻlining ismi ham Fidel. U SSSRda yadro fizigi mutaxassisligini olgan. Fidel Kubaga qaytib kelgach, unga atom energiyasi boʻyicha davlat komissiyasining rahbari lavozimini “hadya qilishgan”. U, shuningdek, sanoat vaziri yordamchisi va Kuba fanlar akademiyasi vitse-prezidenti ham boʻlgan. Otasining oʻlimidan soʻng – 2016 yilda chuqur tushkunlikka tushib qolgan va 2018 yilda oʻz joniga qasd qilgan.
Kubani 30 yildan ziyod boshqargan Fidel Kastroning qizi Alina 1993 yilda ispaniyalik sayyoh qiyofasida AQShga qochib oʻtgan. Alina AQShda keskin aksilkommunist faolga aylandi va Kastro tuzumini qoralash bilan shugʻullandi. Alina "Kastroning quvgʻindagi qizi xotiralari” kitobini yozgan boʻlib, bu asarida otasi, opa-singillari va aka-ukalari haqida hikoya qiladi.
Qiziq jihati, Kastroning barcha farzandlarining ismi “A”harfidan boshlanadi: Aleks, Aleksandr, Alexandro, Antonio, Anxelita... Chunki “Kuba inqilobi dohiysi”ning ikkinchi ismi – Alexandro. “Dohiy”ning toʻliq ismi – Fidel Kastro Alexandro Rus.
Sanab adogʻiga yetib boʻlmaydi
Bu kabi misollar tarixda koʻp uchragan va shu kunlarda bunday “vorislik” qissalariga guvoh boʻlyapmiz. Yana bir qiziq jihati – butun umr AQSh va Gʻarbni soʻkish yordamida siyosiy populizmni rivojlantirgan sobiq kommunist rahbarlarning farzandlari hozir oʻsha “chirigan” gʻarbdan boshpana topgan. Ayrim davlatlarning sobiq kuch ishlatar tizimlari rahbarlari ham xorijda 2 yildan koʻproq yurgan migrantga ola koʻz bilan qaraydigan tizimni yaratgani holda, oʻzi nafaqaga chiqqanidan keyin oʻsha “dushman” Yevropa davlatlarining birida tinchgina umrguzaronlik qilishni maʼqul koʻradi. Hatto oʻzini xalqiga kambagʻalparvar rahbar sifatida koʻrsatgan, Gʻarb texnologiyalari va neʼmatlaridan foydalanishni xoinlik deya javragan Kim Chen Ir ham faqat Gʻarb taomlarini xush koʻrgan. Johnnie Walker Swing skotchi va Hennessy XO konyagini ichishga ruju qoʻygan. Shimoliy Koreya xalqi ochlikdan qirilayotgan, aholining oʻrtacha oylik maoshi 5-10 dollardan oshmagan bir sharoitda, Kim Chen Ir faqatgina Hennessy XO konyagiga yiliga 800 ming dollar xalq pulini sarflagan. Hozir ham kompyuter va mobil telefon, internet kabi Gʻarb “neʼmatlari” faqat oliy mansabdagi kommunistlar uchun mumkin. Oddiy xalqning ulardan foydalanishi taqiqlanadi. Aks holda Gʻarb ularning ongini "zaharlashi" mumkin emish.
Bunday holatlar asrlardan beri takrorlanib keladi. Faqat bir narsa oʻzgarmaydi: bu diktatorlar va ularning “boʻriboyvachchalari” goʻzal va boy hayot kechirishi uchun mehnat qilib beli bukilgan va azob tortgan xalq oʻzgarmaydi. U har doimgidek, “buyuk kelajak”ni kutib yashaydi. Zamonaviy podsholar toʻqigan yolgʻon va allalar, tagi puch umid-orzular bilan oʻzini ovutib, omon qolish uchun kun kechiradi. Ha, aynan kun kechiradi. Yashashni esa ularning boshiga chiqib olgan diktatorlar va ularning hamtovoqlari oʻz zimmasiga olgan.