"Zamhokim" va prokuror oʻrinbosari pora bilan ushlandi

DXX oʻtkazgan tezkor tadbirlarda Fargʻonada prokuror oʻrinbosari, Namanganda esa "zamhokim" qoʻlga olingan. 

Jamiyat
7-may, 9:53
"Zamhokim" va prokuror oʻrinbosari pora bilan ushlandi

DXX oʻtkazgan tezkor tadbirlarda "zamhokim" va prokuror oʻrinbosari qoʻlga olindi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qoʻshtepa tumani prokurori oʻrinbosari oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbaridan 2000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Aniqlanishicha, u tuman prokuraturasi tomonidan JKning 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ayblov xulosasi tuman sudiga yuborilgan maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbariga nisbatan sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq jazo tayinlanmasligiga hamda JKning 45-moddasi (muayyan huquqdan mahrum qilish) qoʻllanilmasligiga yordam berishi evaziga 3 ming AQSh dollari talab qilgan va muqaddam 1000 AQSh dollari olgan.

Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi agrofirma rahbari tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari bilan oʻzaro til biriktirib, joriy yilning aprel oyida gʻallachilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning davlat zaxirasiga olingan 10 gektar yer maydonini f/x ixtiyoriga qaytarib berish hamda xoʻjalikning bajarilmagan gʻalla ekish rejasini ijobiy hal qilib berish evaziga 2,5 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda agrofirma rahbari soʻralgan pul mablagʻidan 1000 AQSh dollari va 5 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, talab qilingan pul mablagʻidan 100 AQSh dollarini olib, qolgan qismini oʻzida saqlab turishi haqida agrofirma rahbariga topshiriq bergan vaqtida Chortoq tumani hokimi oʻrinbosari ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Taʼkidlash lozimki, agrofirma rahbari fermerning ushbu masalasini hal qilib berish boʻyicha avvalroq 3 mln. soʻm olgan.

DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Angren shahar elektr taʼminoti korxonasi boshligʻi oʻrinbosari oʻz rahbarining ogʻzaki topshirigʻiga asosan, savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi MChJning transformatorini elektr tarmogʻiga ulab, tegishli hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga xizmat xonasida 40 mln. soʻm miqdorida pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, Angren shahar elektr taʼminoti korxonasi boshligʻi ham protsessual tartibda ushlandi.

DXX Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tuman filiali boshligʻi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, tumandagi 20 sotix yer maydonida qurilgan uy-joy uchun kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga, oʻzining xizmat xonasida 25 ming AQSh dollari miqdorida pora olgan vaqtida ushlandi. 

Hozirda mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+