Prezident yangi elchilar bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev Vengriya, Eron, Chexiya, Oʻmon va Jazoir elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. 

Siyosat
7-may, 14:30
Prezident yangi elchilar bilan uchrashdi

7 may kuni Oʻzbekistonga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi boʻldi.

Oʻzbekiston Prezidenti Vengriya elchisi Yojef Roja, Eron Islom Respublikasi elchisi Muhammadali Iskandariy, Chexiya Respublikasi elchisi Lyubomir Frebort, Oʻmon Sultonligi elchisi Vafo al-Busaidiy, Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi elchisi Muhammad Irqiydan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

“Oʻzbekiston - 2030” strategiyasida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlari oʻz ifodasini topgan. Jumladan, dunyodagi barcha davlatlar bilan doʻstlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, xususiy sektor uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish.

– Bugungi Oʻzbekiston – jahonga keng ochilayotgan, xorijiy sheriklari bilan uzoq muddatli va keng qamrovli aloqalarni izchil rivojlantirib borayotgan tinchliksevar va adolatli ijtimoiy davlatdir, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston iqtisodiyoti soʻnggi yetti yilda ikki barobar oʻsgani, investitsiyalar, savdo aylanmasi hajmi muttasil oshayotgani, eksport geografiyasi kengayayotganiga eʼtibor qaratdi.\

Oʻzbekiston bundan buyon ham xalqaro maydonda ochiq, pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosatni izchil davom ettirishini taʼkidlab, davlatimiz rahbari elchilar diqqatini ular vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan yangi darajaga koʻtarish muhimligiga qaratdi.

Prezidentimiz Vengriya elchisiga murojaat qilar ekan, Budapesht Oʻzbekistonning Yevropadagi muhim va vaqt sinovlaridan oʻtgan ishonchli sherigi ekanini qayd etdi.

– Soʻnggi yillarda Bosh vazir Viktor Orban bilan birgalikdagi qatʼiy intilish va aniq maqsadga yoʻnaltirilgan harakatlarimiz natijasida aloqalarimiz strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi, – dedi Prezident.

Shuningdek, ikki tomonlama tovar ayirboshlash ikki barobar oʻsdi, qoʻshma korxonalar soni oshmoqda, oʻtgan yili Budapeshtda Oʻzbekiston elchixonasi ochildi, yuzdan ortiq oʻzbekistonlik talaba “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasida Vengriya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olmoqda. Yurtimiz bozorida Vengriyaning “OTP Bank”, “Bonapharm”, “Gedeon Richter”, “Meditop” kabi bir qator yetakchi kompaniya va banklari muvaffaqiyatli ishlamoqda.

Toshkent va Budapesht oʻrtasida aviaqatnovlar boshlanishi ishbilarmonlik aloqalari va turizm almashinuvlarini yanada faollashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Davlatimiz rahbari Eron bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalar koʻp ming yillik tarixiy ildizlardan kuch olayotganini taʼkidladi. Bugungi Eron katta iqtisodiy, madaniy va intellektual salohiyatga ega mamlakat. Keyingi yillardagi oliy darajadagi tarixiy tashriflar va erishilgan muhim kelishuvlar munosabatlarimizda yangi yuksalish davrini boshlab berdi.

Barcha darajada oʻzaro muloqotlar faollashdi. Ikki tomonlama savdo hajmi oʻsmoqda, qoʻshma korxonalar soni 300 taga yetdi. Qayd etilganidek, tomonlar tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha aniq rejalarni belgilab olgan.

Oʻzbekiston Eron bilan togʻ-kon, energetika, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalaridagi hamkorlik koʻlamini kengaytirishdan manfaatdor.

Transport yoʻlaklari va tranzit borasidagi hamkorlik salohiyatini toʻliq ishga solish muhimligi qayd etildi.

Prezidentimiz Chexiya Respublikasi Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqidagi anʼanaviy va muhim hamkori ekanini taʼkidladi. Oʻtgan yili hukumat delegatsiyalarining oʻzaro tashriflari ikki tomonlama aloqalarimizni yangi bosqichga koʻtardi.

Birgina oʻtgan yilning oʻzida oʻzaro savdo ikki barobarga koʻpaygani hamkorlik borasida katta imkoniyatlar mavjudligini yaqqol tasdiqlaydi. Oʻzbekistonda Chexiyaning yetakchi kompaniyalari sanoat, infratuzilma, tibbiyot, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. “Toshkent-Praga” aviaqatnovlari yoʻlga qoʻyilmoqda.

Kelishilgan investitsiya loyihalarini toʻliq amalga oshirish va sanoat kooperatsiyasi boʻyicha dasturni qabul qilish muhimligi taʼkidlandi. Chexiya Eksport banki hamda Eksportni kafolatlash va sugʻurtalash korporatsiyasining mamlakatimiz bank-moliya bozoriga kirish rejalari yuqori baholandi.

Prezidentimiz Oʻmon Sultonligi Oʻzbekistonning Yaqin Sharq mintaqasidagi muhim hamkorlaridan biri ekanini taʼkidladi. Muqaddas islom dini, oʻxshash urf-odat va qadriyatlar hamkorligimizning mustahkam poydevoridir.

– Toshkentda Sulton Haysam Ol Said ishtirokida ochilgan Sharqshunoslik institutining muhtasham kutubxonasi davlatlarimiz oʻrtasida oʻziga xos doʻstlik ramzi boʻlib kelmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Ikki mamlakat hamkorligida hali ishga solinmagan juda katta salohiyat bor. Tez orada Hukumatlararo komissiyaning yigʻilishini oʻtkazish, Ishbilarmonlar kengashini tuzish zarurligi qayd etildi.

Qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, telekommunikatsiya, toʻqimachilik sanoati, turizm kabi sohalar hamkorlik uchun istiqbollidir. Oʻzbekiston-Oʻmon investitsiya kompaniyasi imkoniyatlaridan unumli foydalanish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti Jazoir arab-musulmon dunyosida jadal surʼatda taraqqiy etayotgani, katta iqtisodiy salohiyatga ega mamlakat, Afrika qitʼasidagi istiqbolli sherigimiz ekanini taʼkidladi. Jazoir arab davlatlari orasida birinchi boʻlib Toshkentda oʻz elchixonasini ochgan.

Oliy darajadagi uchrashuvlarni tashkil etish, siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini joriy etish, Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishini oʻtkazish zarurligi, bu ikki tomonlama munosabatlarga yangi surʼat bagʻishlashi taʼkidlandi.

Neft-gaz, energetika, qishloq xoʻjaligi va turizm sohalarida aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun delegatsiyalarning oʻzaro tashriflarini uyushtirish zarurligi qayd etildi.

Marosim yakunida Prezidentimiz elchilarga sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tilab, mamlakatimiz hududlariga borish, yurtimizda boʻlayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishga chaqirdi. Bu, hech shubhasiz, hamkorlik mustahkamlanishiga xizmat qilishini taʼkidladi.

Diplomatlar samimiy qabul, samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga bor saʼy-harakatlarini qaratishlarini taʼkidladilar.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+