Jizzaxda "Agrobank"dan katta kredit olib, "yeb yuborgan" rahbar jazolandi
Sudlanuvchi bankdan AQSh dollarida kredit olishga erishib, uning evaziga sotib olingan ashyolarni pullab yuborgan.

Jizzax viloyati, jinoyat ishlari boʻyicha Forish tumani sudida bankdan katta miqdorda kredit olib, uni maqsadsiz ishlatib talon-toroj qilingan korxona rahbariga hukm oʻqildi. Sud hujjati Platina.uz tahririyatida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi F. U. "Ishim-irmog‘i" oilaviy korxona rahbari lavozimida ishlab kelib, noqonuniy yoʻllar bilan boylik orttirishni koʻzlagan. U goʻyo korxonani rivojlantirish maqsadida "Agrobank" ATB Forish filiali oʻrtasida tomchilab sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish maqsadida 36 oy muddatga 10 foiz ustama toʻlash sharti bilan 47 500 dollar kredit mablagʻini ajratilishiga erishgan.
U soʻngra, "Mir-as-Kapital" MChJ bilan qiymati 47 500 dollar ekvivalentida 500 mln. 932 ming soʻmlik oldi-sotdi shartnomasini tuzishga erishgan. U polietelin quvurlar, trubalar, shlanglar va ularning fitinglari, boshqa sugʻorish texnologiyalari sotib olishga erishib, ajratilgan 33 250 dollar ekvivalentidagi 349 mln. 449 ming soʻmlik kreditni maqsadsiz sarflab, oʻziga ishonib topshirilgan va ixtiyorida boʻlgan oʻzganing juda koʻp miqdorgani mulkini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Ayblanuvchi U. F. oʻz jinoiy harakatini davom ettirib, kredit mablagʻidan 14 250 dollar ekvivalentidagi 151 mln. 483 ming soʻmlik nasos filtrlari, kompressorlar, membranalar, klyonkalar va boshqa ashyolarni tergovda aniqlash imkoni boʻlmagan shaxslarga sotib yuborgan. Shunday qilib sudlanuvchi jami 500 mln. 932 ming soʻmlik kredit mablagʻlarini talon-toroj qilgan. U bundan tashqari noqonuniy sotuvdan tushgan naqd mablagʻlarni nazorat-kassa mashinalariga kiritmagan, bankka topshirmagan va savdo, xizmat koʻrsatish qoidalarini buzgan.
Sudlanuvchi F. U sudda aybiga iqrorligini bildirdi. Sud yuqorida qayd etilgan dalillarni ishning haqiqqiy holatiga mos, ishonchli va asosli dalillar deya baholagan, F.U JKning 167-moddasi 3-qismi "a" bandi va 189-moddasi 1-qismi bilan toʻgʻri kvalifikatsiya qilingan deya xulosa qildi.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, F.U. ga nisbatan 2 yil 4 oy muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jizzax viloyati prokuraturasining depozit hisob raqamiga toʻlangan jami 500 641 800 soʻm pul kredit qarzdorligini qoplash uchun "Agrobank" Forish filiali hisobiga oʻtkazilishi belgilandi.