Xorijiy investorlar kengashi toʻrt yoʻnalishda ish olib boradi

Yalpi majlisda qatnashgan Shavkat Mirziyoyev jahondagi beqarorlik haqida gapirib, "saʼy-harakatlarni uygʻunlashtirish"ga chaqirdi. 

Iqtisod
3-may, 13:42
Xorijiy investorlar kengashi toʻrt yoʻnalishda ish olib boradi

Bugun Koʻksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Tadbirda yetakchi kompaniya va banklar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar vakillari ishtirok etdi.

Prezident bugungi kunda jahon iqtisodiyotida beqarorlik tobora kuchayib, energetika, oziq-ovqat sohalari va ekologik tizimda inqirozlar oʻtkir tus olayotganiga eʼtibor qaratdi. Bunday murakkab sharoitda bamaslahat, oʻzaro kengashib, aniq amaliy qadamlar tashlansa, koʻzlangan yuksak marralarga albatta erishilishi taʼkidlandi. 

Davlat rahbari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso xonimning kengash faoliyatidagi alohida oʻrnini qayd etdi. 

Ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan Investitsiyalar va Maxsus erkin zonalar toʻgʻrisidagi qonun loyihalari mamlakatimizda qulay investitsiya va biznes muhitini takomillashtirishda ulkan qadam boʻladi.

Bundan tashqari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti jamoasi tomonidan boshlanayotgan investitsiya siyosati tahlili mamlakatimizdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash borasida asosiy yoʻnalishlarni belgilab olishga va samarali mexanizmlarni yaratishga xizmat qiladi.

“Hukumat hamda investorlar oʻrtasida ochiq va samarali muloqotning yoʻlga qoʻyilgani barqaror iqtisodiy taraqqiyotning asosiy kalitidir. 

Shu sababli bugungi zamon bilan hamnafas qadam tashlab, oʻz oldimizga aniq rejalarni qoʻyishga va saʼy-harakatlarimizni yanada uygʻunlashtirishga chaqiraman”, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari kengash doirasida toʻrtta yoʻnalishda ishchi guruhlarni tashkil etish va ularni toʻliq amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.

Birinchidan, kapital bozorini rivojlantirish. Bu yoʻnalishda xorijiy investorlarning talablariga toʻla javob beradigan xalqaro moliya markazini rivojlantirish uchun ichki va tashqi kapitalni keng jalb etishga asosiy eʼtiborni qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Ikkinchidan, masʼuliyatli biznes yuritish. Bu borada iqtisodiyot barqarorligi, shaffofligi va ochiqligini taʼminlashga qaratilgan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tegishli tamoyillarini keng joriy etish dolzarb vazifadir.

Uchinchidan, muqobil investitsiyalarni ragʻbatlantirish. Bunda startap, innovatsion loyihalar, birgalikdagi sarmoyalarni koʻpaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Venchur investitsiyalar toʻgʻrisida”gi yangi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish katta ahamiyatga ega.

Toʻrtinchidan, investorlar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish. Xorijiy investorlar bilan davlat organlari oʻrtasidagi barcha xizmatlarni amalga oshirish uchun mukammal elektron platformani ishlab chiqish va amaliyotga keng joriy etish vaqti kelgani taʼkidlandi. Bu investorlarni qiynayotgan kompleks muammolarni oʻz vaqtida va tizimli hal etishga imkon beradi.

Majlisda kengash aʼzolari, investorlar soʻzga chiqib, oʻz fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini bildirdilar.

Muhokamalar yakunida Prezident ularning Oʻzbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni va konstruktiv muloqotni kengaytirish borasidagi qatʼiy intilish va niyatlarini yuksak qadrlashini, mamlakatimizda muvaffaqiyatli biznes yuritishi, oʻzini erkin va ishonchli his etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilishini taʼkidladi.

Aytilgan barcha tashabbus va tavsiyalar toʻliq inobatga olinishi qayd etildi. 

Hukumat aʼzolari, vazirlar, Prezident Administratsiyasining masʼul xodimlariga kengash aʼzolari bilan muloqotlarni izchil davom ettirish, kiritilgan har bir taklif, aytilgan har bir loyiha boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish topshirildi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+