platina.uz

AQSh davlat kotibining Xitoyga tashrifi nimani anglatadi?

Xitoy AQSh Davlat kotibining tashrifidan unchalik ham xursand boʻlmaganini ayrim detallardan bilish mumkin. Jumladan, unga hurmat yuzasidan qizil poyondoz solinmadi, Blinken AQShga qaytayotganda uni deyarli hech kim kuzatib qoʻymadi. 

Tahlil
3-may, 11:00
AQSh davlat kotibining Xitoyga tashrifi nimani anglatadi?

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken oʻtgan hafta Xitoyga uch kunlik tashrifini yakunladi. Bu salkam 1 yil ichida AQSh Davlat kotibining Xitoyga ikkinchi tashrifi hisoblanadi. Garchi mazkur tashrifning davomiyligi qisqa boʻlsada, unda koʻtarilgan masalalarning salmogʻi va ayrim noxushliklar, hatto diplomatik protokol qoidalarining buzilishlari hamda ayrim manfaatdor davlatlar (asosan Rossiya) ning xavotir ila qarashi bilan yodda qoladigan boʻldi.

Blinkenni kutib olish “marosimi”da qizil poyondoz toʻshalmadi.

Keskin muzokaralar

Amerika diplomatiyasining ochiq eʼlon qilingan asosiy vazifalaridan biri - Pekinni Rossiyaga harbiy-sanoat kompleksini rivojlantirishda yordam berishdan, Moskvaga zamonaviy texnologiyalar yetkazishdan voz kechishga majbur qilish edi. Shunga qaramasdan, rasmiy Vashington Pekinning bu masalada, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlardagi boshqa dolzarb muammolarga tushunish bilan yonldashuvidan umid qilish soddalik boʻlardi. Qolaversa, Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I janob Blinken bilan uchrashuv chogʻida soʻzlagan tabrik nutqi koʻproq tanbeh ohangida boʻldi.

Bundan tashqari, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoy rahbari Si Szinpin bilan rasmiy uchrashuvga biroz kechikib keldi. Xitoy rahbari biundan biroz asabiylashgani va “u qachon ketadi oʻzi” deya mulozimlaridan soʻragani shov-shuvga sabab boʻldi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoy raisi Si Szinpin bilan suhbat chogʻida.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyga tashrifidan soʻng mamlakat rahbariyatini Rossiyani bundan buyon qoʻllab-quvvatlashdan ogohlantirdi. Aks holda, Vashington jiddiy sanksiyalar qoʻllashga vaʼda berdi. Shu bilan birga, Blinken AQShning "yagona Xitoy" tamoyiliga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Prezident Si Szinpin, oʻz navbatida, Amerikani ikki tomonlama standartlarda aybladi va Oq uy bosimini qabul qilib boʻlmasligini eʼlon qildi.

Odatda siyosiy jihatdan hushyor, bagʻrikeng, aqlli Entoni Blinken bu tashrifda biroz boshqacha obrazga kirgani sezildi. Uning ruhiyatida “sabr kosamizni toʻldirmang” degan maʼnoni uqish mumkin edi. AQSh Davlat kotibi ozgina keskin va, aytish mumkinki, qoʻpol ohangda muzokaralar olib bordi. “Agar oʻzingiz muammolarni hal qila olmasangiz, biz ularni siz uchun hal qilamiz” degan maʼnoda soʻzladi.

Magʻrurlik yaxshi, lekin sanksiyalar yomon

Bir narsa aniqki, AQSh anchadan beri, agar Xitoy Rossiyaga qoʻsha maqsadli (ham tinchlik, ham urush sharoitida foydalanish mumkin boʻlgan) mahsulotlarni yetkazishdan toʻxtamasa, unga qarshi sanksiyalar kiritishini shamaʼ qilib kelmoqda. Bu yerda eng avvalo mikrochiplar, turli mashinalar va uskunalar, snaryadlar va harbiy texnika ishlab chiqarish uchun ehtiyot qismlar va butlovchi qismlar haqida gap bormoqda. Bunday harakatlar nafaqat Ukraina, balki Yevropaga ham tahdid soladi. Tabiiyki, Vashington bunga yoʻl qoʻya olmaydi. Xitoy rahbariyatiga bu muammoni hal qilish uchun muddat ham berilgan edi. Aks holda, suhbat boshqacha davom etishi aniq. Buni biroz boʻrttirib, ultimatum deb atash mumkin.

Hali sanksiyalar kiritilmagan boʻlsada, allaqachon “test qadamlari” qoʻyilgan: Xitoyning ayrim banklari Rossiya Federatsiyasiga va Rossiya Federatsiyasidan Xitoyga pul oʻtkazmalarini amalga oshirishga qiynalmoqda.

Tabiiyki, Xitoy rahbari “biz Moskva bilan oʻta konstruktiv, oʻzaro manfaatli savdo aloqalariga egamiz”, degan ruhda eʼtiroz bildirdi. “Nega siz Ukrainaga qurol yetkazib bera olasiz-u, lekin biz Rossiyaga yetkazib berolmaymiz? Bu ikki tomonlama standartlar emasmi”, dedi.

Uloq kimda ketdi?

Lekin, muzokaralar yakunlari boʻyicha rasmiy bayonnomaga koʻra, mavjud status-kvo ijobiy holatda saqlanadi. AQSh "yagona Xitoy" tamoyilini tan oladi, yaʼni “Tayvan Xitoyniki emas”, demaydi hech qachon. Tomonlar turizm va talabalar almashinuvi kabi qator hamkorlikdagi aloqalar, konstruktiv muloqotlar yanada rivojlantiriladi.

Ayrimlar Blinkenning maqsad va erishgan yutuqlarini juda kamsitib koʻrsatishmoqda. “Xusiylarni yoʻq qila olmagan, Isroilni Eronga zarba bermaslikka koʻndirish uchun urinib, natijaga erishmagan AQSh Xitoyga qarshi nima ham qila olardi”, degan fikrlar ham yoʻq emas.

Lekin unutmaslik kerakki, Xitoy Gʻarb dunyosi bilan jiddiy qarama-qarshilikdan manfaatdor emas. Toʻlovlar borasida hozirdanoq qiyinchilikka uchrayotgan Xitoy iqtisodiyoti jiddiy sanksiyalarni istamaydi, albatta.

Ikkinchidan, Xitoy Kremlni qoʻllab-quvvatlashda davom etamiz, degan keskin bayonot bera olmadi. U faqat Ukraina uchun yana bir tinchlik rejasini taklif qilishga urinib koʻrishini maʼlum qilgan xolos. Lekin bir narsa aniq: Xitoy “pandasi” va Amerika “burguti” oʻrtasida qarama-qarshilik faqat kuchayib bormoqda va qandaydir tarzda vaziyatni yumshatish imkoniyati umuman yoʻq. Kimdir yon bosmasa, bu jiddiy nizolar va pirovardida iqtisodiy yoʻqotishlarga, muzokaralarning boshi berk koʻchaga kirib qolishiga sabab boʻlishi mumkin. Dunyoni sarmoyasi bilan egallashni orzu qilayotgan Xitoy uchun bunday yoʻqotishlar nihoyatda istalmagan ssenariy.

Shu bilan birga, Xitoy hukumati AQSh Davlat kotibining tashrifidan unchalik ham xursand boʻlmaganini, Blinkenning tashrifi Xitoyga “ogʻir” botganini ayrim prokollar buzilganidan ham bilish mumkin. Masalan, Entoni Blinkenni Shanxaydagi Xunsyao aeroportida kutib olishganida, uning yoʻliga hurmat yuzasidan qizil poyondoz solinmadi. Blinkenni trap oldida nisbatan kichik lavozimdagi xitoy mulozimi – Xitoy Tashqi ishlar vazirligining Shanxay boʻlimi direktori Kong Fuan, shuningdek, Xitoyda ishlovchi AQSh diplomati kutib oldi, xolos. Davlat kotibi Xitoyni tark etayotganida aeroportda uni Xitoy rasmiylaridan deyarli hech kim kuzatib qoʻymadi.

Blinkenni faqat AQShning Xitoydagi elchisi kuzatib qoʻydi, xolos.

Biroq, inson psixologiyasidan hamda Sharq, aniqrogʻi Xitoy mentalitetidan kelib chiqadigan boʻlsak, Blinken bu tashrifdan AQSh uchun katta siyosiy dividendlar bilan qayta oldi. Agar Blinkenga barcha masalalar boʻyicha rad javobi berilganida, bunga kompensatsiya sifatida Davlat kotibini “karnay-surnay” va qalbaki tabassum hamda dabdaba bilan kuzatib qoʻyishgan boʻlardi. Biroq real vaziyatda buning aksini koʻrdik. Ehtimol Xitoy tarafi shu yoʻl bilan ayrim yon bosishlari uchun alamini olgandir, degan fikrlar ham yoʻq emas. Demakki, Xitoy norozi ohangda boʻlsada, AQShning ultimatum shaklidagi takliflariga rozi boʻlishga majbur. Shu kunlarda Xitoy tomonining Rossiya qarshi ayrim sanksiyalarga, xususan banklar faoliyati bilan bogʻliq qismlariga qoʻshilgani ham bu taxminni mustahkamlaydi.

Tez orada esa Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Xitoyga tashrifi kutilmoqda. Biroq xitoy donishmandlariga xos mugʻambirlikda usta boʻlib ketgan “panda” vaziyatdan noroziligi ortib borayotgan rus “ayigʻi” uchun ham allaqachon maqbul javoblar tayyorlab qoʻyganiga biror shubhamiz yoʻq.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+