Magistratura uchun chet tilini bilish talabi yumshatildi
Endilikda til bilish darajasi talabi taʼlim yoʻnalishiga qarab oʻzgaradi.

Yangi tartibga koʻra, magistraturaga kirishda talab qilinadigan chet tili sertifikatining darajasi B1’dan C1’gacha differensiyalashtiriladi.
Oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayoniga bagʻishlangan, 25 maydagi Prezident farmonida shunday talab belgilab qoʻyildi.
Farmonga muvofiq, OTM magistraturasiga qoʻyilgan chet tilini bilish talabi oʻquv yoʻnalishlariga koʻra farqlanadigan boʻldi.
Avvalgi tartibga koʻra, magistraturaning filologiya yoʻnalishlari uchun C1 daraja, qolgan barcha yoʻnalishlar uchun B2 daraja talab qilib kelingan.
Farmonda koʻrsatilgan yangi tartibga koʻra, magistratura mutaxassisliklari va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar quyidagi darajalarda talab etiladi:
- xorijiy tillar yoʻnalishlari boʻyicha – kamida S1;
- gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat koʻrsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taʼlim sohalari boʻyicha – kamida V2;
- boshqa taʼlim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari (ixtisosliklari) boʻyicha – kamida V1 boʻlishi lozim.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq qabul vaqtlari oʻzgargani maʼlum boʻlgandi. Shuningdek, davlat grantida oʻqish tartibiga ham oʻzgartirishlar kiritildi.