Dubayga bir haftalik sayohat Chorvoqqa borishdan ancha arzon tushadi

Oʻzbekiston dam olish zonalaridan koʻra Dubayga bir haftaga borib kelish ancha arzonga tushishi haqida Platina.uz muxbiri maxsus reportaj tayyorladi.

Jamiyat
23-may, 20:23

Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) qadimiy anʼanalarni yangi innovatsiyalar bilan uygʻunlashtirgan koʻzni qamashtiruvchi choʻl ajoyibotidir. Ertalab tuya minishingiz, tushdan keyin koʻm-koʻk dengizda choʻmilib, quyoshda toblanishingiz va kechqurun dunyodagi eng baland bino tepasida hashamatli kechki ovqatdan bahramand boʻlishingiz mumkin boʻlgan joyni tasavvur qiling.

Tepadan qaraganda quruq yer boʻlib koʻrinishi mumkin, hali xulosa chiqarishga shoshilmang. Aeroportdan darhol pulingizni amirlik dirhamiga almashtirib oling, chunki kafe, doʻkonlarda toʻgʻridan-toʻgʻri pul ayirboshlab olmoqchi boʻlsangiz, ozgina zarar qilasiz.

BAA – turizmning global markazi. Mehmonxonalar har qadamda va judayam yaxshi narxda 4-5 yulduzlilardan joy olish mumkin. Bir kishi uchun 4 yulduzli mehmonxona, borish va qaytish, avtobusda transfer, mazali nonushta 7 kun uchun oʻrtacha 3-4 million soʻmga toʻgʻri kelyapti.

BAA yettita amirlikdan iborat boʻlib, har birining oʻziga xos jozibasi bor, lekin Dubay va Abu-Dabi koʻpincha diqqat markazida boʻladi. Dubay oʻzining ajoyib Burj Xalifa, jozibali savdo markazlari va palma daraxtlariga oʻxshash sunʼiy orollarni oʻz ichiga olgan ultra zamonaviy silueti bilan mashhur. Poytaxt Abu Dabi muhtasham Shayx Zayd masjidi bilan faxrlanadi va hayajonli Formula-1 Gran-prisiga mezbonlik qiladi. Shayx Zayd yoki Oqmachitga kirish bepul boʻlsa ham, oldindan registratsiya qilib, onlayn chipta olishingiz kerak. Faqat bir qoida bor, erkak va ayollar Islom diniga mos ravishda kiyinishlari kerak boʻladi.

Kirish va chiqish maschid darvozalari orqali emas. Taxminan 1 km. masofada shishali yumaloq binolarni koʻrishingiz mumkin, shu yerdan maschidgacha yerosti yoʻli orqali xohlasangiz piyoda, xohlasangiz bepul kichik transport bilan keta olasiz. Maschidga qoʻldan toʻqilgan 5400 metr, 35 tonnali ajoyib gilam toʻshalgan. Kirishingiz bilan yoqimli iforlar sizni maftun qiladi.

Ha, nega aynan Shayx Zayd? Bu odamning rasmini amirlik boʻylab har qayerda, mehmonxona, koʻchalar, savdo markazlari, pul birligida uchratish mumkin. Shayx amirlikning 1971-2004 yillar oraligʻida prezidenti boʻlgan va mamlakatda hatto tasavvur qilib boʻlmaydigan darajada oʻzgarishlar qilib, aholining hurmatini qozongan.

Shu oʻrinda qiziq fakt, amirlik ayollari 30 yoshgacha turmushga chiqmaydigan boʻlsa, davlat oʻz hisobidan uy beradi. Ayollarning mavqei ancha baland va siz koʻchada ogʻir ishda ishlaydigan ayolni hech qachon koʻrmaysiz.

Batafsil yuqoridagi videoreportajda.

Gulnoza Qodirova,
BAAdan Platina
uchun maxsus

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+