Qozogʻiston Oʻzbekiston bilan ittifoqchilik shartnomasini ratifikatsiya qildi
Ushbu shartnoma 2022 yil 23 dekabrda Toshkentda imzolangandi.

Qozogʻiston tomoni Oʻzbekiston bilan ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qildi.
Oq Oʻrda xabariga koʻra, tegishli qonunni Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev imzolagan.
Eslatib oʻtamiz, Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma 2022 yil 22 dekabrda Toshkentda imzolangan.
Hujjatdan koʻzlangan maqsad Qozogʻiston-Oʻzbekiston munosabatlarini oʻzaro hamkorlik va ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichiga olib chiqish, shuningdek, ikki davlat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini yanada mustahkamlash va barqaror iqtisodiy rivojlanishiga koʻmaklashishdan iborat.
Shartnomaga koʻra, Qozogʻiston va Oʻzbekiston hech qanday blok yoki ittifoqlarda qatnashmaslik, shuningdek, bir tomonga qarshi qaratilgan har qanday harakatlarda qatnashmaslik majburiyatini zimmasiga oladi.
Bundan tashqari, mamlakatlar oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, tovar ayirboshlash, sarmoyaviy, tadbirkorlik va boshqa iqtisodiy faoliyatni mustahkamlash va koʻpaytirish, oʻzaro bogʻlangan transport tizimini rivojlantirish, ikki mamlakat xalqlarining maʼnaviy va madaniy yaqinligini saqlash, oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga kelishmoqda.
Shartnoma, shuningdek, tomonlarning transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xoʻjaligi obʼektlarini ekspluatatsiya qilish, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish qoidalarini ham nazarda tutadi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston aprel oyida Tojikiston bilan ham ittifoqchilik shartnomasi boʻyicha kelishuvga erishgandi.