Fargʻonada qisqa vaqt ichida yuzlab ish oʻrinlari yaratildi
Aytilishicha, yaxshi ishlagan chevar chekka qishloqda turib oyiga 3-4 million soʻm bemalol daromad qila oladi.

Prezident Xalq qabulxonalarining tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilmoqda. Mazkur saʼy-harakatlar natijasida Fargʻona viloyatida qisqa vaqtda yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Xususan, Prezident maslahatchisi oʻrinbosari - Xalq qabulxonasi rahbari U.Muhammadiyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Toshloq, Fargʻona tumanlari, Qoʻqon va Fargʻona shaharlaridagi 200 dan ziyod murojaatchiga tikuv mashinalari, pishiriq pishirish pechlari, motokultivatorlar va boshqa ish anjomlari olib berildi. Mazkur yangi mexanizm bilan, avvalo, moddiy yordam soʻrab koʻp murojaat qilayotgan bu insonlarning daromad topib, roʻzgʻorini butlashi uchun imkoniyat, sharoit, tizim yaratib berilyapti.
Misol uchun, Toshloqning Qumariq mahallasidan ham toʻrt ayol bugun tikuv mashinkalari olib, mahalladoshi Mahbuba Nazarova bilan kooperatsiya tashkil qilib, ish boshladi.
Besh yillik tajribaga ega tadbirkor Mahbubaxonning aytishicha, ishlagan chevar shu chekka qishloqda turib oyiga 3-4 million soʻm bemalol daromad qila oladi.
Qoʻqon shahrida esa Prezident Xalq qabulxonasiga moddiy yordam masalasida kelib tushgan murojaatlar tahlilidan soʻng 110 dan ziyod xotin-qizlar uy sharoitida ishlab daromad topish imkoniga ega boʻldi.
“Saodat” mahallasida yashovchi Gulchehraxon ham oʻz tikuv mashinkasi bilan qoʻshni “Afgʻonbogʻ” mahallasidagi tadbirkor ayolning oilaviy “Viqor qalbi” tikuvchilik korxonasiga kooperatsiya asosida ish boshladi.
Prezident Xalq qabulxonasining dastlabki bosqichida ogʻir sharoitdagi murojaatchilarni kooperatsiya asosida ishlab daromad topishiga imkoniyat yaratilsa, keyinchalik ular orasidan tadbirkorlikka qobiliyati borlariga oʻz oilaviy korxonasini tashkil qilishiga, faoliyatini kengaytirishiga ham yordam beriladi. Xalq bilan muloqotning yangi tizimi shu mexanizm asosida bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi.