Ohangaron tumani hokimi oʻzgardi
Avvalgi hokim Erkin Muhiddinov esa Toshkent viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi.

Doniyor Madirimov Ohangaron tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Madirimov Doniyor Mamatsaliyevich 1979 yili Toshkent shahrida tugʻilgan. Maʼlumoti – oliy. 1999 yili Oʻzbekiston Milliy universiteti, 2019 yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.
D.Madirimov faoliyati davomida Toshkent shahar Statistika boshqarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi davlat statistika qoʻmitasida boʻlim boshligʻi, Shayxontohur tumani hokimining oʻrinbosari, Toshkent viloyati tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo iqtisodiy boshqarmasi boshligʻi, Sirdaryo viloyati hokimining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarma boshligʻi singari masʼul lavozimlarda ishlagan.
Tayinlovga qadar Toshkent viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchisi lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.
Erkin Madorbekovich Muhiddinov esa Toshkent viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi.
Erkin Muhiddinov bunga qadar Ohangaron tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.