Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi yirik forumda nutq soʻzladi: asosiy maʼlumotlar

Forum doirasida hamkorlik rivojlantirish boʻyicha toʻrtta yoʻnalish oʻrtaga tashlandi, yirik banklardan biri "Asakabank" sotilishi maʼlum qilindi. 

Iqtisod
2-may, 12:13
Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi yirik forumda nutq soʻzladi: asosiy maʼlumotlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq soʻzladi. Prezident bugungi anjuman global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yoʻlida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga toʻgʻri kelayotganini qayd etdi.

Dunyo tartibotida chuqur transformatsiya jarayonlari kechmoqda. Tovar va xizmatlarni yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdoning pasayishi, investitsiya oqimlarining kamayishi, iqlim ofatlarining kuchayishi – vaziyat naqadar beqaror va zaif ekanini yaqqol koʻrsatmoqda.

Jahon iqtisodiyotining oʻsish surʼatlari soʻnggi uch yil davomida pasaymoqda. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar bilan bogʻliq tendensiyalar ham kutilgan umidlarni oqlamayapti. 

“Albatta, biz bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini yaxshi tushunamiz. Biroq bir oʻzgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Hech bir mamlakat bu kabi oʻtkir muammolarni yakka holda hal eta olmaydi. Oʻzaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qoʻllab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni boʻlib qolaveradi”, - dedi Prezident.

Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar oʻsdi. Oʻtgan yil yakuni boʻyicha bu oʻsish 6 foizni tashkil qildi. Inflyatsiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi koʻrsatkichlari muttasil oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.

Oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablagʻlari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

Energetika sohasida “ACWA Power”, “Masdar”, “Total Eren”, “Voltalia”, “Ҫalɩk” va “Aksa”; kimyo sanoatida “Air Products”, “Indorama” va “Kamse”, togʻ-kon va metallurgiyada – “Orano” va “DANIELI”, avtomobilsozlik va elektrotexnika yoʻnalishlarida “BYD”, “Kia” va “Samsung”, qurilish sohasida “Koҫ” va “KNAUF” kabi dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300 dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirilgani va yuz minglab yangi ish oʻrinlari yaratilgani katta mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

Bugungi forum doirasida dunyoning ilgʻor kompaniyalari hisoblangan “Linde”, “Orascom”, “DataVolt”, “Bonafarm”, “PASHA holding” va boshqa sheriklar ishtirokida yangi yirik loyihalarga start beriladi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik va biznesni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qator aniq choralar ishlab chiqilgan.

Endilikda xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar boʻyicha soliqlardan uch yil muddatga ozod etiladi. 

Yaqinda xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi. 250 ta yirik korxonaning davlat ulushini va salkam 1000 ta koʻchmas mulk obʼektlarini sotish, 12 ta korxona aksiyalarini fond bozorlarida birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun yangi dastur ham ishga tushirildi.

Tadbirkorlar barqarorligi reytingi joriy etildi. Yuqori reytingga ega tadbirkorlik subʼektlari uchun soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi.

Davlatimiz rahbari sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida qator aniq takliflarni bildirdi.

Birinchidan, yangi tahrirdagi “Investitsiyalar toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishi taʼkidlandi. Ushbu hujjat Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq ishlab chiqildi.
 
Ikkinchidan, tez orada mamlakatimizda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi. Ushbu sud Oʻzbekiston sud-huquq tizimida alohida oʻringa ega boʻladi. 

Uchinchidan, yaqin vaqtda sanoat zonalari tizimida mutlaqo yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Sanoat zonalarini boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish amaliyoti kengaytiriladi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari boʻyicha cheklovlar ham bekor qilinadi. 

Xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25 yildan 49 yilgacha, yaʼni, ikki barobar uzaytiriladi. Bunda, qonunlar bilan kafolatlangan amaldagi imtiyoz va preferensiyalar toʻliq saqlab qolinadi.

Davlat rahbari iqtisodiyotda chuqur transformatsiya jarayonlari, qulay investitsiya va biznes muhiti hamda sanoatda yuqori qoʻshilgan qiymatni yaratish izchil davom ettirilishini taʼkidlab, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Birinchi yoʻnalish: “yashil” energetika. Energetika tarmogʻi samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbdir. Bu borada mamlakatimizda 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda.

Oʻzbekiston 2030 yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan.

Bugun forum doirasida investorlar uchun qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikistondagi gidroelektr stansiyalarini birgalikda qurish loyihalari taqdimoti oʻtkaziladi. Prezident ushbu yoʻnalishda barcha davlatlar yetakchi kompaniyalarini ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka taklif etdi.

Ikkinchi yoʻnalish: bank-moliya sohasi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda koʻplab xususiy banklar ochildi. Bozorimizga Yevropaning yetakchi banklari kirib keldi. Qator raqamli banklar oʻz faoliyatini amalga oshirmoqda.

Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Oʻzbekistonning yirik banklaridan biri boʻlgan “Asakabank”ni xususiylashtirish boʻyicha bitim imzolandi.

Uchinchi yoʻnalish: foydali qazilmalar. Oʻzbekiston – mineral resurslar va muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakatdir. 

Oʻtgan oyda Yevropa Ittifoqi bilan oʻta muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik oʻrnatildi. Amerika Qoʻshma Shtatlari va Buyuk Britaniya bilan ham shunday bitim ustida ish olib borilmoqda. 

Bu borada zamonaviy xalqaro tajriba asosida yangi tahrirdagi “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinadi. 

Toʻrtinchi yoʻnalish: mamlakatning IT transformatsiyasi. Bir yil ichida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobar oshdi. Kelajakda bu koʻrsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.

IT-park rezidentlari soni oʻn barobar koʻpayadi, kelgusida 100 ming yangi ishchi oʻrni yaratiladi. Bundan tashqari, uning bazasida xorijiy kompaniyalar uchun Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi yaratilmoqda.

Bu borada Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan “yashil” energiya asosida ishlaydigan “Maʼlumotlar markazi” barpo etilayotgani taʼkidlandi.

“Sizlarga muhim bir fikrni yetkazmoqchiman: har bir tashabbus, har bir loyihangiz boʻyicha davlatimiz, hukumatimiz aʼzolari sizlarga yelkadosh boʻlib, yoningizda turib, ularni toʻliq amalga oshirishda yaqindan yordam beradi.

Investitsiyalar – bu mamlakatimiz transformatsiyasining lokomotivi va iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveridir”, - dedi Prezident nutqining yakunida.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+