Prezident Singapur, Qirgʻiziston va arab davlatlari delegatsiyalarini qabul qildi

Jumladan, Qambarota GES-1 va “Xitoy – Qirgʻiziston - Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish loyihalari muhokama qilindi. 

Siyosat
2-may, 18:30
Prezident Singapur, Qirgʻiziston va arab davlatlari delegatsiyalarini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni qator davlat delegatsiyalari bilan uchrashuv oʻtkazdi. 

Jumladan, prezident Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Singapur Respublikasi Parlamenti Spikeri Sia Kian Pengni qabul qildi.

Suhbat avvalida parlament rahbari mamlakatimiz yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va forum yuksak darajada tashkil etilganini eʼtirof etdi.

Oʻtgan bir yilda Oʻzbekiston-Singapur munosabatlarida ulkan natijalarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikkita davlat tashrifi muvaffaqiyatli oʻtkazildi, tovar ayirboshlash hajmi, qoʻshma loyihalar soni, shu jumladan toʻqimachilik va kimyo, qishloq xoʻjaligi, logistika va boshqa tarmoqlarda izchil oshib bormoqda.

Kadrlar tayyorlash, investitsiyalar, turizm va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

2 may kuni Toshkent investitsiya forumi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarovni qabul qildi.

Suhbat avvalida Aqilbek Japarov Oʻzbekiston yetakchisiga Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarovning samimiy salomini yetkazdi.

Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Qambarota GES-1 va “Xitoy – Qirgʻiziston - Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish loyihalarining amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida koʻp qirrali sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashish uchun mamlakatimizga kelgan Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida vazir Oʻzbekiston yetakchisiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, Oʻzbekistonda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda qoʻshma loyihalar portfeli 30 milliard dollardan oshdi.

Mamlakatimizda energetika tarmogʻini rivojlantirishga eng koʻp investitsiya kiritgan “ACWA Power” kompaniyasi bilan samarali hamkorlik qilinayotgani taʼkidlandi.

Bu galgi forum doirasida “yashil” energetika, infratuzilma, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalarida 18 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha bitimlar imzolanadi.

Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi va boshqa yoʻnalishlarda yangi loyihalarni ilgari surish zarurligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Birlashgan Arab Amirliklari iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Al Marriy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida vazir davlatimiz rahbariga BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Bosh vaziri Shayx Muhammad Ol Maktum, vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon va Abu-Dabi Valiahdi Shayx Holid Ol Nahayonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning qoʻshma loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va ilgari surishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sheriklik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi, qoʻshma korxonalar va toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar soni oshib bormoqda. Ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetdi.

Energetika, transport, logistika, qishloq xoʻjaligi, suv taʼminoti va boshqa sohalarda yirik loyihalarni tezlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+