Poytaxtda turli tadbirlar va badiiy kitoblar xaridi uchun pul ajratildi
64 ta umumtaʼlim maktabiga badiiy kitob sovgʻa qilish uchun Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Toshkent shahar boʻlimiga 2 mlrd. soʻm beriladi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori bilan 2024 yilning qoʻshimcha manbalarini xarajatlarga yoʻnaltirish belgilandi.
Unga koʻra, byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan Shayxontohurdagi 46-poliklinikaga oʻrnatilgan quyosh panellaridan kelib chiqqan qarzdorlikni qoplash uchun 840 million soʻm, "Besh tashabbus olimpiadasi", "Talabalar bahori", "Yoshlar oyligi", "Yoshlar haftaligi" tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2 mlrd. 697 mln. soʻm ajratiladi.
Bundan tashqari, poytaxtdagi 64 ta umumtaʼlim maktabiga 1000 donadan badiiy kitob sovgʻa qilish uchun Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Toshkent shahar boʻlimiga 2 mlrd. soʻm beriladi. "Mirzo Ulugʻbek vorislari" tanlovining Toshkent shahar bosqichida qatnashgan 19 nafar ishtirokchini BHMning oʻn baravari miqdorida bir martadan mukofotlash uchun 62,7 million soʻm berilishi koʻzda tutilgan.
Toshkent shahar hokimi yuqoridagi xarajatlar uchun 2024 yilda shakllangan byudjetning qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan pul taqsimlash boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
Biroz avval Xorazmda byudjet tashkilotlari uchun qariyb 15 milliard soʻm ajratilgani maʼlum boʻlgandi.