Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi maxfiy harbiy maʼlumotlar boʻyicha bitim maʼqullandi

Bitim loyihasi oʻzbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan boʻlib, muqaddima va 25 ta moddadan iborat. 

Siyosat
18-may, 15:50
Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi maxfiy harbiy maʼlumotlar boʻyicha bitim maʼqullandi

Oliy Majlis senatining navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan AQSh Mudofaa vazirligi oʻrtasida maxfiy harbiy maʼlumotlarni himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining loyihasi koʻrib chiqildi.

Bu bitim Vashingtonda 2023 yil 9 iyunda imzolangan.

Mazkur qonunni Xalqaro munosabatlar tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi tayyorlagan. Qoʻmita raisi Ravshanbek Alimov muhokamalar jarayonida soʻzga chiqib, AQShning Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgani va oʻtgan yillar davomida yurtimizning muhim hamkorlaridan biri boʻlib qolayotgani hamda ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar muttasil rivojlanib kelayotganini taʼkidladi.

Qoʻmita raisining aytishicha, Oʻzbekiston Prezidentining 2018 yil 15-17 may kunlari AQShga rasmiy tashrifi Oʻzbekiston-AQSh munosabatlari strategik rivojiga kuchli turtki boʻldi. Ikki davlat oʻrtasidagi sheriklikning muhim yoʻnalishlaridan biri, albatta, harbiy-texnikaviy sheriklik hisoblanadi. Jahondagi va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, mavjud harbiy tahdidlar - Oʻzbekiston Respublikasi Qurollik kuchlarining rivojlangan davlatlar, jumladan AQSh bilan harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirishini taqozo etmoqda. 

Shu jihatdan olib qaraganda, “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan AQSh Mudofaa vazirligi oʻrtasidagi maxfiy harbiy maʼlumotlarni himoya qilishning chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi bitimni ratifikatsiya qilish masalasi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. 

Ravshanbek Alimov Oʻzbekiston Respublikasi va AQSh oʻrtasidagi hamkorlik darajasi, shuningdek, mamlakatimizning xavfsizligi va mudofaa qobiliyatining kafolatlarini yaratish maqsadida ushbu bitimni ratifikatsiya qilishni maqsadga muvofiq, deb hisoblashini bildirdi. Bitimni ratifikatsiya qilish tegishli masalalarda maxfiy harbiy maʼlumotlarni oʻzaro manfaatli almashuv uchun zarur shart-sharoit yaratini taʼkidladi. 

Bitim loyihasi oʻzbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan boʻlib, muqaddima va 25 ta moddadan iborat. 

Muhokamada ushbu Bitimning ratifikatsiya qilinishi respublikamiz amaliy qonunchiligiga qandaydir oʻzgartirishlar kiritish va va byudjetdan tegishli qoʻshimcha mablagʻlar ajratishni talab qilmasligi, u Qoʻmita tomonidan chuqur oʻrganib chiqilgani va qoʻmita ushbu qonun hududlar manfaatiga zid emas, degan xulosaga kelgani maʼlum qilindi. 

Qonun senat aʼzolarida savollar tugʻdirmadi. Qonun loyihasini qabul qilishga qarshi va betaraflar boʻlmadi. Qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+