Bishkekda xorijliklar va mahalliy aholi oʻrtasida mojaro yuz berdi

Tez-tez inqilob uyushtirilib, hokimiyat agʻdarib tashlanishi bilan tarixda qolayotgan Qirgʻizistondagi navbatdagi notinchlik yana har xil gumon-shubhalarga sabab boʻldi. 

Tahlil
18-may, 20:50
Bishkekda xorijliklar va mahalliy aholi oʻrtasida mojaro yuz berdi

Shu yilning 17 maydan 18 mayga oʻtar kechasi Qirgʻiziston poytaxtida roʻy bergan notinchlik nafaqat qirgʻiz hukumati, balki tashqaridagi kuzatuvchilarni ham tashvishga soldi. Tez-tez inqilob uyushtirilib, hokimiyat agʻdarib tashlanishi bilan tarixda qolayotgan Qirgʻizistondagi navbatdagi notinchlik yana har xil gumon-shubhalarga sabab boʻldi.

Poytaxt Ichki ishlar boshqarmasining mazkur holat yuzasidan bergan ilk bayonotlari odamlarni biroz xotirjam torttirdi. Maʼlum boʻlishicha, shunchaki xorijlik talabalar va mahalliy aholi oʻrtasida maishiy mojaro bois namoyishlar kelib chiqqan xolos. Namoyishchilar 13 mayda roʻy bergan ushbu janjal sababchilari, yaʼni xorijlik talabalar goʻyoki adolatli jazolanmaganidan noroziliklarini izhor qilishgan.  Huquqni muhofaza qilish idoralarining maʼlum qilishicha, namoyishlarda 1000 ga yaqin kishi ishtirok etgan.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vazirligining xabar berishicha, Bishkekdagi tungi toʻpolon va namoyishlarda 29 kishi jarohatlangan. Ulardan 15 nafari shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi va Milliy gospitalga yetkazilgan, qolganlariga voqea joyida tibbiy yordam koʻrsatilgan.

Hindiston va Pokistonning Bishkekdagi elchixonalari talabalarga vaziyat yaxshilangunga qadar koʻchaga chiqmaslikni tavsiya qilmoqda. Pokistonning Qirgʻizistondagi elchixonasi mojaro natijasida oʻz fuqarolari orasida qurbonlar yoʻqligini maʼlum qildi.

Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlarida esa Qirgʻiziston fuqarolari va chet el fuqarolari orasida qurbonlar va jarohatlanganlar yoʻqligi aytiladi.

Bishkekda bir necha xorijlik mahalliy aholi vakillarini kaltaklashda gumonlanib qoʻlga olingan va jinoyat ishlari ochilgan.

Dastlabki signal

IIV xodimlariga mojaro haqidagi ilk xabar dastlab tungi soat 23.00 larga yaqin kelib tushgan. Ularga Bishkek shahridagi Budenniy koʻchasida joylashgan xorijlik (ilk maʼlumotlarga koʻra, pokistonlik yoki hindistonlik) talabalar istiqomat qiluvchi xostelda xorijliklar va mahalliy aholi oʻrtasida janjal va mushtlashuv kelib chiqqani haqida qoʻngʻiroq qilishgan. Keyinchalik bu mushtlashuv suratga olingan video internetda ijtimoiy tarmoqlar boʻylab tarqalgan.

Voqea joyiga militsionerlar yetib kelgan. Biroq mushtlashuv haqida xabar topgan aholi ham voqea joyida toʻplana boshlagan. Ular Qurmonjon Dodho koʻchasidan toki Ipak yoʻli shoh koʻchasigacha boʻlgan yoʻnalishni toʻsib qoʻyishgan. Militsiya ulardan tarqalishni talab qilgan. Biroq namoyishchilar buyruqqa itoat qilishni xohlamagan. Militsionerlar 50 ga yaqin fuqaroni tuman IIBlarga olib ketgan.

Biroq internet orqali voqeadan xabar topgan mahalliy aholi mojaro joyiga kelishda davom etgan va olomon koʻpaya boshlagan. Ommaviy tartibsizliklar xavfi tugʻilgan. Shu bois poytaxt IIBning barcha xodimlari oyoqqa turgʻazilgan. Qirgʻizlar xorijlik talabalar yashovchi yotoqxonalar oldida toʻplana boshlagani sababli, militsiya ularning barchasini oʻrab olib, qoʻriqlay boshlagan. IIV va Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining (MXDQ) xodimlari namoyishchilar bilan uchrashish uchun voqea joyiga yetib kelishgan.

Bu paytda esa ijtimoiy tarmoqlarda goʻyoki qirgʻizlarning xorijliklar hamda militsiya qoʻlida oʻlgani yoki kaltaklangani haqida yolgʻon maʼlumotlar koʻproq tarqala boshlagan.

Shu bois huquqni muhofaza qilish xodimlari qirgʻizistonliklarni yolgʻon maʼlumot tarqatmaslik va va buning uchun jinoiy javobgarlik borligi haqida ogohlantirishgan.

MXDQ raisining oʻrinbosari Timur Shabdanbekov, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Oktabr Urmambetov va poytaxt IIB boshligʻi Azamat Toktonaliyev namoyishchilar bilan muzokara boshlashga bir necha marta urinib koʻrishgan. Biroq gʻazabnok olomon ularni tinglashni istamagan. Ayrim namoyishchilar Kiyizbayeva koʻchasidagi xorijliklar yotoqxonasida marodyorlik qilib, talonchilik bilan shugʻullanishgan.

Vaziyat ogʻirlasha boshlagani tufayli Bishkek markaziga IIV Ichki qoʻshinlari suv otish mashinalari bilan birga yetib kelgan.

18 may soat tonggi 4 da Qirgʻiziston IIV Bishkekda vaziyat barqarorlshgani, koʻchalar tozalanib, transport harakati tiklangani va partul xodimlari xizmat oʻtay boshlagani haqida xabar berdi.

Qirgʻiziston Tez yordam xizmatining maʼlum qilishicha, namoyishchilar orasida qurbonlar va jarohatlanganlar qayd etilmagan. Tonggi soat 5 ga yaqin namoyishchilar tarqala boshlagan.

Zoʻriqish yoʻl ochgan dahliz

Garchi bu toʻqnashuv va namoyishlar maishiy sabablarga koʻra kelib chiqqani aytilayotgan boʻlsada, bu holat yetilib kelayotgan inqirozning shunchaki fasadi, goʻyoki aysbergning bizga koʻrinib turgan kichik qismi boʻlishi mumkin.

Ekspertlarning aytishicha, oxirgi paytlarda qirgʻizistonliklar orasida hayot tarzi va hukumat faoliyatidan norozilik kuchaya boshlagan.

Internet tarmoqlarida tarqatilayotgan ayrim xabar va videolavhalarda ham qirgʻizistonliklar oʻz noroziliklarini ochiq namoyish etishayotganiga guvoh boʻlish mumkin. Masalan, ayrim tadbirkorlar hukumatda korrupsiya urchib ketgani, soliqlar oshib borayotgani hamda hukumat aholining talablari va noroziliklariga quloq solmay qoʻyganidan shikoyat qilgan.

Bu noroziliklarda Oʻzbekiston nomi ham uchrab turadi. Zero, ayrim tadbirkorlarning iddao qilishicha, Qirgʻiziston oʻzbek tadbirkorlari va tovarlariga keng yoʻl ochib berib, toʻgʻri ish qilmayapti. Shunday videolavhalardan birida sotuvchi ayolning aytishicha, hozir Qirgʻiziston bozoridagi oddiy sovundan tortib, mashinalargacha, meva-sabzavotdan tortib, tekstil mahsulotlarigacha, hamma-hammasi Oʻzbekistonniki. Oʻzbekiston mahsulotlari mahalliy va hatto Xitoy tovarlarini ham siqib chiqarmoqda, chunki hukumatimiz rahbarlari ularni (oʻzbek tadbirkorlarini – tahr.) qoʻllab-quvvatlayapti, deydi sotuvchi ayol.

Qirgʻiziston bosh vaziri tadbirkorlar bilan uchrashuvda shunga oʻxshash eʼtirozlar asossiz ekanini aytgan. Uning ishontirishicha, agar qirgʻiz biznesi ishlab chiqaradigan mahsulot va xizmatlar sifat va narx boʻyicha oʻzbekistonnikidan yaxshi boʻlsa, hech kim qarshilik qilmaydi. “Agar sen yetishtirgan bodring sifat va narxda oʻzbeklarnikidan avlo boʻlsa, istasang Toshkentning qoq markazida sot, Oʻzbekiston ham qarshilik qilmaydi” degan bosh vazir. “Ammo xalqqa zarar qilib, oʻzimizdagi qimmat va sifatsiz tovarlarni himoya qilib, chegaramizni yopib qoʻya olmaymiz. Shunday ham Karimov paytida 30 yilga yaqin chegaralar qulflanib turgani har ikki davlatga ham ulkan zarar keltirdi”, deydi mulozim.

Qirgʻizistonlik oddiy aholi Oʻzbekiston bilan chegaralarni demarkatsiya va delimitatsiya qilish jarayonlarining natijalaridan ham norozi. Ularning iddao qilishicha, qirgʻiz hukumati goʻyoki qirgʻiz yerlari va suv omborni oʻzbeklarga berib yuborgani notoʻgʻri boʻlgan. Bunga javoban mamlakat prezidenti Sadirbek Japarov, “biz yerdan yutsak, yutdikki, yon berganimiz yoʻq. Hatto suv omborini ham birga boshqarishga kelishdik. Avval uning yoniga ham bora olmas edik. Hatto suv omborida suv sathi qancha boʻlishi, qachon va qancha hajmdagi suvni daryoga tashlash ham bizning ruxsatimiz bilan amalga oshadigan boʻldi. Buning nimasi yon bosish” degan prezident.

Shuningdek, Qumtor oltin koni, uran konlari, Xitoy bilan tuzilayotgan iqtisodiy-siyosiy shartnomalar ham qirgʻiz xalqida chuqur tashvish va shubhalarga sabab boʻlmoqda.

Buning ustiga, Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, Qirgʻiziston iqtisodiyoti (YaIM) 2022 yilda 9 foizga, 2023 yilda esa 6,2 foizga oʻsgan. Bu oʻsish ham asosan xizmat koʻrsatish sektori, xususan, Xitoydan Rossiyaga (!) tranzit savdo hajmiga asoslangan. YaIM tarkibida esa asosan eksport va isteʼmol punktlari ustuvor boʻlib qolmoqda. Mamlakat aholisi nisbatan oz (6,8 million kishi) boʻlganiga qaramasdan, YaIMning jon boshiga ulushi 2023 dollarni tashkil etyapti xolos.

Shu bilan birga, qirgʻizistonliklar orasida “hukumatda tanish-bilishchilik ildiz otmoqda” degan taxminlar asosidagi norozilik ham kuchayib bormoqda. Ular mamlakat prezidenti Sadir Japarov oʻz doʻsti Kamchibek Tashiyevni MXDQ raisi etib tayinlagani va hukumatning barcha muhim nuqtalarini, biznes yoʻnalishlarini oʻz tanishlari bilan birga egallab olib, oʻz hokimiyatini kuchaytirgan holda avtoritar hukmdorga, hatto diktatorga aylanib qolishda ayblaydi.

Lekin mustaqil siyosatchi Mars Sariyevning fikriga koʻra, “Japarov-Tashiyev tandemi” Qirgʻizistonda hokimiyat barqarorligini taʼminlovchi ijobiy omil.

Siyosatchining ishonishicha, Tashiyev - mamlakatning “janubiy klani”, Japarov esa - “shimol klani” vakili. Bunday uygʻunlik Qirgʻizistonning barcha hududlari manfaatini taʼminlash kafolati boʻlib xizmat qiladi.

Biroq har qanday avtoritar hukumat xalqqa soʻz erkinligi va erkin namoyishlar orqali oʻz fikrini izhor qilish huquqlarini berishdan manfaatdor emas. Bunday boshqaruvda “bosh yorilsa, doʻppi ichida qolsin” degan aqida ustuvor boʻladi.

Bunday shubhalarni tasdiqlagan holda, Gʻarb OAVlari 2020 yillardan boshlab, ayniqsa 2023 yil oxirilarida Qirgʻizistonda soʻz erkinligi boʻgʻila boshlaganini qayd etdi

Qirgʻizistonda ayrim mustaqil OAV ofislarida oʻtkazilgan tintuvlar, qamoqqa olingan jurnalist va blogerlar haqidagi xabarlar bois endi Qirgʻiziston - Gʻarb suyib takrorlab kelgan “demokratiya orolchasi” emasligidan darak bermoqda.

Hatto Qirgʻiziston 2022 yilda ilk marta Economist Intelligence Unit’ning demokratiya indekslari boʻyicha avtoritar davlatlar roʻyxatiga kiritildi

Porox bochkasiga uchqun yetishmayaptimi?

Shunchaki xorijlik talabalar bilan janjal natijasi, deya izohlanayotgan bu namoyishlar bejizga qirgʻiz hukumatini xavotirga solmagan. Zero aholi noroziligi ortib borayotgan bir sharoitda asil vaziyat ancha ogʻirroq boʻlishi mumkin. Arzimagan maishiy sababdan boshlangan noroziliklar hukumatni agʻdarish bilan yakunlangan davrlarni Qirgʻizistonning amaldagi hukumati unutgani yoʻq. Ulardan kerakli “saboq” chiqargan boʻlsa ajab emas.

Yon qoʻshni Qozogʻistonda benzin narxi oshganidan norozilik namoyishlari butun mamlakatni qamrab olib, katta shov-shuvlarga sabab boʻlgani, hatto prezident Qosimjoʻmart Toqayev Kollektiv xavfsizlik  shartnomasi davlatlaridan harbiy yordam soʻrashga majbur boʻlgani ham Qirgʻiziston hukumatining yodidan chiqqani yoʻq. 

Qolaversa, ayrim ulkan davlatlar ham “oʻz manfaat doirasida” deb hisoblovchi davlatlarda siyosiy-iqtisodiy barqarorlik hukmron boʻlishidan unchalik ham manfaatdor emas. Chunki bu sharoitda “buyuk davlatga” ehtiyoj sezilmaydi, uning taʼsir qilish dastaklari kuchsizlanishi mumkin. Bishkekda sodir boʻlgan mojaro kabi norozilik koʻrinishlari ham kelajakda shunday manfaatdor davlatlar uchun yaxshigina bahona boʻlib xizmat qilmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Lekin Gʻarb tahlilchilarining afsus bilan qayd etishicha, hozir Qirgʻizistonni boshqarayotgan siyosiy elita xalq noroziligini muzokaralar yoʻli bilan hal qilishga, bunday xavotirli signallar asosida oʻz faoliyati va yoʻnalishlarini korreksiya qilishga ragʻbati yoʻqligini oshkor qilib qoʻymoqda.

Tahlilchilarning xavotirlariga koʻra, Qirgʻiziston hukumati bir paytlar Markaziy Osiyo diktatorlari qoʻllagan “samarali” usul – xalqni kuch va qoʻrqitish vositasida ushlab turish yoʻlini tanlagan boʻlishi ehtimolga yaqin. Bunday yoʻl qanday oqibatlarga olib kelishini esa prognoz qilish ham shart emas. Qirgʻizistonga qoʻshni davlatlarning yaqin tarixiga birrov nazar tashlash kifoya.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+