Rossiya hukumatidagi yangi oʻzgarishlar nimadan darak beradi?
Ekspertlarning taxmin qilishicha, Belousov kabi iqtisodchining Mudofaa vaziri etib tayinlangani - urushning hali anchaga choʻzilishi mumkinligi, Putin aynan shunday ssenariyga tayyorlanayotganini anglatadi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi mamlakatni urush mashinasiga moslashishga majbur qilmoqda. Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning yangi maʼmuriyatining tarkibi shundan darak beradi. Avvaliga “uch kunda Kiyevni olish bilan yakunlanadi”, deya taxmin qilingan urush endi muntazam, “surunkali” tus olayotgan koʻrinadi.
Rossiyalik iqtisodchi Vladislav Inozemsevning taʼkidlashicha, “harbiy operatsiya” mamlakat iqtisodiy faoliyatining bir qismiga aylanmoqda. “Endi urush – xuddi byudjetni shakllantirish, Markaziy bank stavkalarini oʻzgartirish yoxud birja xabarlari kabi muntazam, kun tartibidagi masalaga aylanib qoladi”, deydi iqtisodchi.
Urush muntazam kun tartibida boʻladi
Rossiya Prezidentining yangi tayinlovlari yoki maʼmuriy-siyosiy “rokirovka”lari asosan huquqni muhofaza qilish va mudofaa tizimiga doxil ekanini koʻrish mumkin.
Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshligʻi Valeriy Gerasimov oʻz joyida qoldi. Biroq, 12 yil lavozimidan qoʻzgʻalmay oʻtirgan Sergey Shoygu Rossiya Mudofaa vaziri lavozimidan ketkazildi. Uni hozircha Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimi bilan “ovutishgan”. Shoyguning keyingi taqdiri nima boʻlishini vaqt koʻrsatadi. Zero, bu oʻzgarish Putinning Ukrainadagi urush natijalaridan norozi ekani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Rossiya Mudofaa vaziri lavozimiga iqtisodchi Andrey Belousov tayinlagani esa katta munozaralarga sabab boʻldi.
Aslini olganda Shoygu Mudofaa vaziri etib tayinlaganida ham shunday munozaralar tugʻilgan. Boisi – Shoygu umrida armiyada harbiy xizmat oʻtamagan shaxs. U – quruvchi va favqulodda holatlar boʻyicha mulozimlikda oʻzini koʻrsatib, Putinning ishonchini qozongan xolos. Shuning uchun Belousovning, yaʼni harbiy boʻlmagan shaxsning Mudofaa vaziri etib tayinlanishi Putin dunyoqarashidan kelib chiqilsa, unchalik ham kutilmagan holat emas.
Pul boʻlsa - urush ham boʻladi
Urushda jonli kuch –askarlar, strategiya va taktika, qurol-yarogʻ va harbiy texnika, tajriba hamda boshqaruv va eng asosiysi - pul muhim oʻrin tutadi. Pul boʻlmasa qolgan omillardan umidni uzsa ham boʻlaveradi. Askariy kuchlarning iloji topilgan – xuddi Stalin Ikkinchi jahon urushida millionlab askarlarni ayamasdan jangga tashlab, son jihatdan ustunlik yordamida natijaga erishgani kabi, Putin ham askarlarni ayab oʻtirgani yoʻq. “Askar ketsa ketsin, obroʻ ketmasin”, qabilida ish tutmoqda. Texnika va mikrochiplar muammosini esa “doʻstlari” - satellit davlatlar hamda Xitoy yordamida amallayapti. Omborlarda saqlanayotgan, bundan 40 yil oldin konservatsiyaga qoʻyilgan harbiy texnikalar ham taʼmirlanib, urushga tashlanmoqda, Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlardan qurol-yarogʻ sotib olinmoqda yoki ularni Rossiyada ishlab chiqarish hajmi koʻpaytirilmoqda.
Putinning yangi tayinlovlariga kelsak, bu bilan prezident to dunyodan koʻz yumgunicha boʻlgan muddatda urushni “hukumat faoliyatining muhim yoʻnalishi” etib belgilab qoʻydi.
«Hamma narsa holdan toydiruvchi urush bosqichiga oʻtkazildi. Bu esa, kim koʻproq harbiy resurslar hamda qurol-yarogʻ ishlab chiqarsa yoki sotib olish qudratiga ega boʻlsa, oʻsha taraf urushda yutadi, deganidir” deya munosabat bildirgan yana bir ekspert, Barselonadagi Pompeu Fabra Universiteti professori Ruben Yenikolopov.
Darhaqiqat, Gʻarb ekspertlarining taxmin qilishicha, Belousov kabi iqtisodchining Mudofaa vaziri etib tayinlangani - urushning hali anchaga choʻzilishi mumkinligi, Putin aynan shunday ssenariyga tayyorlanayotganini anglatadi. Rossiya siyosiy orbitasidagi satellit davlatlar, shuningdek, qudratli Xitoy tufayli Kreml urush uchun turli yoʻllar bilan mablagʻ topish, cheklovlarni hiyla bilan aylanib oʻtish hamda uzluksiz harbiy-moliyaviy-texnik taʼminotning uddasidan chiqmoqda. Buning ustiga, Putin yangi saylangan prezident sifatida ilk safarini Xitoyga uyushtirdi. Bu ham Rossiyaning hali-beri tinkasi qurimasligi, Putinning agressorlik ishtahasi pasaymasligi hamda Ukrainadagi urush hali ancha vaqtgacha xalqaro hamjamiyatni tashvishga solib turishiga bilvosita ishora boʻlishi mumkin.
“Pulning sarhisobi olinishi shart!”
Yangi mudofaa vaziri Andrey Belousov - “sof” iqtisodchi. Ilmiy faoliyatdan soʻng iqtisodiy prognozlash tizimiga oʻtgan. 2006-2008 yillarda Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirining oʻrinbosari, 2012-2013 yillarda shu vazirlik rahbari sifatida faoliyat yuritgan.
Keyin esa 2020 yilgacha Prezident yordamchisi, 2024 yil 7 maygacha, yaʼni Rossiya harbiylari birinchi rahbariga aylangunicha qadar Rossiya hukumati raisining birinchi oʻrinbosari sifatida xizmat qilgan.
Belousov kabi iqtisodchining, buning ustiga harbiy sohadan umuman uzoq boʻlgan mulozimning mudofaa vaziri etib tayinlanganiga Peskov rasman izoh berdi. Prezident matbuot kotibining aytishicha, bugun jang maydonida innnovatsiyalar uchun ochiq boʻlgan, islohot bilan bogʻliq tavsiya hamda qarorlarni sohaga yashin tezligida tatbiq eta oladigan mutaxassislar gʻalaba olib keladi. “Lekin bu qaror hozirgi koordinatalar tizimi oʻzgarib qoladi, degani emas” deya munosabat bildirgan Peskov.
Biroq muqobil talqinlarga koʻra, Belousovning mazkur lavozimga oʻtkazilgani Rossiya armiyasini moliyalashtirish borasida katta muammolar boshlanganidan darak beradi.
Maʼlumki, Ukrainaga urush boshlashdan avval Rossiya armiyasining tayyogarligi va qudratining oliy darajada ekanligiga hech kim shubha qilmas edi. Uni dunyodagi ikkinchi armiya deb tan olishardi. Shoygu boshliq generallar Putinni ham shunga ishontirishgan. Biroq Ukrainaga hujum boshlangach, armiyada korrupsiya, oʻgʻirlik, qoʻshib yozish, yolgʻon hisobotlar va koʻzboʻyamachilik koʻlami nihoyatda kengligi oshkor boʻlib qoldi. Minglab harbiy texnikalarni taʼmirlash va saqlash uchun hukumatdan milliardlab dollar olingan boʻlsada, aslida bu pullarning kichik qismi maqsadga muvofiq sarflangan xolos.
“Ishqilib liberal iqtisodchi boʻlmasin..”
Lekin Belousovning Mudofaa vazirligiga tayinlanishi urushning moliyaviy taʼminotini yaxshilaydi, deyish ham toʻgʻri emas.
Rossiya sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanovning fikricha, Belousov - konservativ mulozim, uning iqtisodiy qarashlari “gʻirt” sovetcha. Toʻgʻri, u ayni sharoitda urushga rejali iqtisodiyotni tatbiq etmaydi, biroq u iqtisodiyotni davlat boshqarib turishi kerak degan qarashlarda sobit. Unga qolsa, pul kerak boʻlsa, qoʻrqmasdan zarb etib, ishlatish kerak – inflyatsiya va narx oshishi, xalq farovonligining pasayib ketishi urushdek muammo oldida oxirgi masala. Qattiq monetar siyosat oʻtkazish ham shart emas, davlat tomonidan nazorat qilinsa kifoya!
Urushga qarshi ekspertlar esa Belousovning shunday dunyoqarashga egaligidan xursand. “Ishqilib liberal iqtisodchi boʻlmasin, aks holda urushni moliyalashtirishni yaxshilashi mumkin”, deya fikr bildirgan ayrim tahlilchilar.
Shu bilan birga, Belousovning yangi lavozimga tayinlanishi urush iqtisodiyotini koʻzlab amalga oshirilmagan boʻlishi ham mumkin. Hukumat boshligʻi Mishustin armiyaning hukumatga qarshi bosh koʻtarmasligiga ishonch hosil qilish (Prigojin isyonini eslang – tahr.), umuman Shoyguni hukumatdan yoʻqotish payida yurgandi. Mishustin shu maqsadiga erishgan xolos.
Putin urushni davom ettirmoqchimi?
Xotima sifatida shuni aytish mumkinki, Putinning keyingi prezidentlik muddati urush bilan chambarchas bogʻliq boʻladi. Yuqorida zikr etilgan jihatlar urushning hali anchaga choʻzilishi mumkinligi, Putin aynan shunday ssenariyga tayyorlanayotganini anglatadi. Gʻarbning mazkur urush moliyaviy ildizlarini qirqishga urinishlari - turli sanksiya va cheklovlar esa, afsuski, kutilgan samarani bermayapti. Rossiya siyosiy orbitasidagi satellit davlatlar, shuningdek, qudratli Xitoyning yordami tufayli Kreml urush uchun turli yoʻllar bilan mablagʻ topish, cheklovlarni hiyla bilan aylanib oʻtish hamda uzluksiz harbiy-moliyaviy-texnik taʼminotning uddasidan chiqmoqda.
Shuningdek, sobiq hukumat raisi Kasyanovning ishonch bilan aytishicha, Belusovning byurokrat ekani va sovetcha fikrlashi Putinga yoqadi, chunki uning oʻzi ham shunda fikrlaydi. Putin yangi vazirning “juda gʻayratli boʻlishi, Mudofaa vazirligida roʻy berayotgan jarayonlarni - jumladan, harbiy buyurtmalar, moliyaviy va xoʻjalik ishlari, taʼminot va toʻlovlar masalasida nazoratni qoʻlga olib, tartib oʻrnatishi”dan umid qilmoqda.
Xulosa qilib aytsak, ayni muhit saqlanib qolsa, Rossiyada harbiy-sanoat majmuasi butun mamlakat iqtisodiyotining lokomotiv kuchiga aylandi. Bu esa yana oʻsha qaygʻuli prognozni isbotlaydi: Moskva uzoq muddatli, holdan toydiruvchi urushga tayyorlanmoqda...
Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.