Malayziyaliklar bilan “Umra plyus” loyihasi amalga oshiriladi
Shavkat Mirziyoyev va Anvar Ibrohim ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara oʻtkazdilar.

Shavkat Mirziyoyev Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan ziyorat turizmi boʻyicha qoʻshma dasturlarni amalga oshirish, shu jumladan, “Umra plyus” loyihasini ilgari surish choralarini muhokama qildi.
Bugun malayziyalik mehmon Toshkentga yetib keldi. U Koʻksaroy qarorgohida rasmiy kutib olindi. Shavkat Mirziyoyev va Anvar Ibrohim ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara oʻtkazdilar.
– Malayziya nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosida katta salohiyatga ega boʻlgan, jadal oʻsib borayotgan davlatdir. Mamlakatingiz bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish asosiy maqsadimiz hisoblanadi, – dedi Oʻzbekiston prezidenti.
Muzokarada:
- Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash;
- xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish;
- gumanitar va taʼlim dasturlarini amalga oshirish;
- turizm va madaniy almashinuvni faollashtirish;
- savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlik qilish;
- Oʻzbekiston-Malayziya sanoat zonasini tashkil etish;
- suvni tejash texnologiyalarini joriy etish;
- meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash;
- "Halol" standartlari boʻyicha sertifikatlashtirish masalalari boʻyicha hamkorlik;
- axborot texnologiyalari, kambagʻallikni qisqartirish va transport bogʻliqligini kengaytirish sohasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, "Markaziy Osiyo + ASEAN" formatida tashqi ishlar vazirlari muloqotini tuzish taklifini koʻrib chiqish tashabbusi bildirildi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston prezidenti va Malayziya bosh vaziri koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonotni imzoladilar.
Maʼlumot oʻrnida, "Umra plyus" loyihasida Saudiya Arabistoniga ziyoratga otlangan sayyohlar avval Oʻzbekistonga kelib, Imom al-Buxoriyni ziyorat qiladilar.