Fargʻonada bolani yukxonaga solib jazolagan shaxsga qarshi ish ochildi
IIB xabariga koʻra, bola oʻgʻrilari boʻyicha xabarlar asosga ega emas.

Fargʻona viloyati hududida bola oʻgʻrilari aniqlangani toʻgʻrisidagi turli xabarlar tarqaldi. Viloyat IIB maʼlumotiga koʻra, bu asosga ega emas.
2024 yilning 14 may kuni Qoʻqon shahar Obodyurt koʻchasida yashovchi voyaga yetmagan M.M. ushbu mahallada turar joyga ega boʻlgan qoʻshnisi M.A.ga tegishli uyning devor va oynasiga tosh otib sindirgan. Buni koʻrgan M.A. voyaga yetmagan shaxsni qoʻrqitib qoʻyish maqsadida oʻziga tegishli boʻlgan “Neksiya 2” rusumli avtomashinasining yukxonasiga solib avtomashinani harakatlantirgan paytda M.M.ning onasi V.T. koʻchaga chiqib, mashinani toʻxtatib, farzandini mashinadan tushirib olgan hamda oʻrtada oʻzaro janjal kelib chiqqan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.A.ga nisbatan MJtKning 183-moddasi tartibida hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga yuborish chorasi koʻrilgan.
Bosh prokuratura xabariga koʻra, Qoʻqonda sodir boʻlgan holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olindi.
Voyaga yetmagan bolani onasining murojaatiga asosan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zoʻrlik ishlatib, gʻayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi taʼminlandi.
Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlandi.
Qoʻqon shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan tergov haraktlari olib borilmoqda.