Toshkentda Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi

Tadbirda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. 

Madaniyat
16-may, 15:35
Toshkentda Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi

Toshkent shahrida milliy estrada sanʼati asoschisi, Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, sanʼat muxlislarini qizgʻin tabrikladi.

– Bugun oʻziga xos sanʼat va madaniyat bayrami. Ushbu quvonchli voqea bilan siz, azizlarni, rahmatli Botir Zokirovning yaqinlari va muxlislarini, butun xalqimizni samimiy muborakbod etaman, - dedi Prezident.

Botir Zokirov 1936 yilda sanʼatkorlar oilasida tugʻilib, voyaga yetgan. 29 yoshida Oʻzbekiston xalq artisti unvoniga sazovor boʻlgan. 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” va 2021 yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan.

Botir Zokirov juda qisqa – 49 yil umr koʻrgan. Lekin shu yillar davomida oʻzidan rang-barang va boy ijodiy meros qoldirgan. Uning sehrli ovozi yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borib, xalqimiz qalbidan, sanʼatimizning oltin fondidan joy olgan. Dunyoning madaniyat poytaxtlarida oʻzbek sanʼatini zoʻr muvaffaqiyat bilan namoyish etgan.

Xonanda 1955 yilda, ayni kuchga toʻlgan paytida ogʻir dardga yoʻliqadi. Bir necha marta jarrohlik amaliyotlarini boshidan oʻtkazadi. Shifokorlar unga qoʻshiq aytishni taqiqlab qoʻyadi. Lekin shu ahvolda ham ijoddan, kuylashdan toʻxtamaydi. 

Botir Zokirov umr boʻyi yangilikka intilib yashardi. Sharq folklori va zamonaviy estrada sanʼatini uygʻunlashtirib, “Myuzik xoll” ijodiy jamoasini tashkil etgan, xonanda va kompozitor sifatida koʻplab isteʼdodli yoshlarga ustozlik qilgan. Respublikamizda xizmat koʻrsatgan “Yalla” ansamblining tashkil topishida Botir Zokirovning xizmatlari beqiyosdir.

Buyuk sanʼatkorning soʻnmas xotirasini eʼzozlash, ijodiy merosini oʻrganish boʻyicha koʻp ishlar qilinmoqda. Xususan, Prezident qarori qabul qilinib, 2021 yilda Botir Zokirovning 85 yillik tavallud ayyomi keng nishonlandi. Ulugʻ hofiz nomidagi milliy mukofot taʼsis etildi. U haqda ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli film va spektakllar yaratildi. Yaqinda Botir Zokirovning xotira kechasi mamlakatimiz jamoatchiligi hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan atoqli sanʼatkorlar ishtirokida katta shodiyona sifatida oʻtkazildi.

Botir Zokirov tahsil olgan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi joylashgan koʻchaga u kishining tabarruk nomi berildi. Ushbu konservatoriya huzurida Botir Zokirov nomidagi milliy estrada sanʼati instituti barpo etildi. Endi bu yerda haykal oʻrnatilishi majmuaga yanada koʻrk bagʻishladi.

– Bu haykal Botir Zokirov xotirasiga oʻrnatilgan ramziy bir timsoldir. Ayni paytda Yangi Oʻzbekistonda madaniyat va sanʼatni ravnaq toptirish yoʻlida olib borayotgan barcha islohotlarimiz va ularning amaliy natijalari bu ulugʻ ijodkorga eng munosib yodgorlik boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari. 

Botir Zokirov ijodiy fenomeni milliy sanʼatimiz tarixida butun bir davrni tashkil etishi taʼkidlandi. Uning boy merosini chuqur oʻrganish va xalqqa yetkazish ishlarini davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga alohida qaror tayyorlash topshirildi. Unda Toshkent shahrida sanʼatkorning memorial muzeyini barpo etish, estrada sanʼati boʻyicha Botir Zokirov nomidagi xalqaro koʻrik-tanlov va talabalar uchun davlat stipendiyasi joriy etish, badiiy film yaratish, Milliy estrada simfonik orkestri faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash kabi vazifalar koʻzda tutiladi.

© 2023 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+