Tarixiy milliy qahramonlar haqida turkum filmlar yaratiladi

Prezident Milliy estrada instituti va Kinochilar saroyi faoliyati bilan tanishdi. 

Madaniyat
16-may, 18:53
Tarixiy milliy qahramonlar haqida turkum filmlar yaratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada instituti faoliyati bilan tanishdi.

Bu taʼlim maskani davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 dekabrdagi qarori asosida, Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi doirasida tashkil etilgan edi. Madaniy va ilmiy merosdan foydalanib, milliy estrada sanʼatini rivojlantirish, mohir ijrochilar va pedagoglar tayyorlash, zamonaviy kuy-qoʻshiqlar yaratish institutning asosiy vazifalaridir.  

Oʻtgan yili institut uchun 500 oʻrinli yangi bino qurib, foydalanishga topshirildi. Bu yerda oʻqish va ijod uchun barcha sharoit yaratilgan. Auditoriyalar zarur musiqa anjomlari va texnikalar bilan jihozlangan. 

Institutda estrada vokal sanʼati, cholgʻu ijrochiligi, texnogen sanʼat, bastakorlik sanʼati, sanʼatshunoslik, dirijyorlik kabi yoʻnalishlarda mutaxassislar  tayyorlanmoqda. Bugungi kunda 479 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga professor-oʻqituvchilar, xalq artistlari dars beradi.

Prezidentimiz dars jarayonlarini kuzatdi, oʻqituvchi va talabalar bilan muloqot qildi.

- Avvalo, mana shunday dargoh bilan sizlarni, butun sanʼatsevar yoshlarimizni tabriklayman. Biz bu ishlarni nima uchun qilyapmiz? Sanʼatimizning buyuk merosini, yoshlarimizning nimalarga qodirligini dunyoga tarannum etish uchun. Institutga milliy sanʼatimizda fenomen boʻlgan Botir Zokirov nomini berganimiz ham bejiz emas. Bu yerda uning munosib izdoshlarini tarbiyalashni, isteʼdodini yuzaga chiqarishni maqsad qilganmiz, - dedi davlatimiz rahbari.

Oʻquv yurti kutubxonasida sakkiz mingdan ortiq adabiyot va notalar jamlangan. Milliy estrada boʻyicha ilmiy, amaliy va ijodiy izlanishlar olib borish uchun tadqiqot markazi ham tashkil etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kinochilar saroyini borib koʻrdi.

Ushbu maskan 2021 yil mukammal taʼmirlanib, sharoitlari yangilandi. Katta-kichik zallar, yozgi kinoteatr va xonalar zamonaviy jihozlandi. Bugun bu yerda jami 3 ming nafar tomoshabinni qabul qilish imkoni mavjud.

Davlatimiz rahbari dastlab Oʻzbekiston kino sanʼati muzeyini koʻzdan kechirdi. Muzey 1972 yilda tashkil etilgan boʻlib, ilgari muzey-arxiv sifatida faoliyat yuritgan. Unda ellik mingdan ortiq tarixiy buyum, libos, rasm va kinotasmalar bor.

Endilikda muzey Kinochilar saroyiga koʻchirilib, koʻrgazmaga qoʻyildi. Birinchi qavatda oʻzbek kinosining tarixi va asoschilari, soʻnggi yillardagi yutuqlariga bagʻishlangan. Ikkinchi qavatda tarixiy filmlardagi liboslar, atoqli kinoijodkorlar hayoti va faoliyati aks ettirilgan. Ahamiyatlisi, kino koʻrish istagida kelgan borki, shu tarix bilan tanishib oʻtadi.

Shavkat Mirziyoyev shu yerda rejissyor va aktyorlar, kinoshunoslar, soha mutasaddilari bilan suhbatlashdi.

- Soʻnggi yillarda milliy kinomiz qayta “uygʻondi”, desak toʻgʻri boʻladi. Yuqori saviyali, zamonaviy sifatli filmlar paydo boʻldi. Buning uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman. Shu bilan birga, kinematografiyani rivojlantirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak, degan savol meni oʻylantiradi. Agar tariximizni dunyoga tarannum etmoqchi boʻlsak, xalqimizning milliy gʻururini koʻtarmoqchi boʻlsak, buni birinchi navbatda kino yordamida amalga oshirishimiz kerak, - dedi davlatimiz rahbari. 

Muloqotda Prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Tirik tarix” turkumidagi filmlar loyihasi taqdimot qilindi.

Bu 2024-2030 yillarga moʻljallangan strategik dastur boʻlib, eng qadimgi oʻtmishimizdan tortib, yaqin tarixgacha boʻlgan juda katta davrni qamrab oladi. Yaratilajak filmlarning mavzusi keng va rang-barang.

Jumladan, miloddan avvalgi VI asrda yashagan milliy qahramonimiz Shiroq haqida, milliy davlatchiligimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan Alp Er Toʻnga, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar haqida, shu paytgacha yetarli oʻrganilmagan shayboniylar haqida, qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz va boshqa mashhur adiblar haqida, buyuk allomalarimiz va milliy istiqlol kurashchilari haqida hikoya qilinishi koʻzda tutilgan.

Loyihada chet ellik hamkorlar, xususan, Ispaniya, Germaniya, Vengriya, Rossiya, Belarus, Turkiya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Ozarboyjon, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston kabi davlatlarning kino sanʼati ustalari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

– Albatta, bu dastur va gʻoyalarni amalga oshirish uchun koʻp moddiy imkoniyat talab etilishini, yuzlab isteʼdodli mutaxassislar zarurligini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Qanchalik qiyin boʻlmasin, biz tom maʼnodagi ulkan, tarixiy bu loyihaning moliyaviy masalalarini hal qilamiz. Nega deganda, ushbu dastur shonli oʻtmishimizni chuqur anglab, shu asosda kelajakka ishonch bilan dadil qadam qoʻyishga, yoshlarni chinakam vatanparvar insonlar qilib tarbiyalab, Uchinchi Renessansni barpo etishga katta turtki boʻladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muloqotda kinoijodkorlar mazkur turkum filmlar va sohani rivojlantirish yuzasidan takliflarini bildirdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+