Mirziyoyev “Coca Cola” rahbari va BMT bosh kotibi oʻrinbosarini qabul qildi

Bugun Samarqand viloyatida “Coca Cola”ning yangi korxonasi ishga tushirildi. 2025 yilda Namangan viloyatida beshinchi zavod foydalanishga topshiriladi.

Jamiyat
15-may, 19:02
Mirziyoyev “Coca Cola” rahbari va BMT bosh kotibi oʻrinbosarini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni “Coca Cola” kompaniyasi raisi va bosh direktori Jeyms Kuinsini qabul qildi. Uchrashuvda “Anadolu Group” kompaniyasi raisi Tunjay Oʻzilxon ham ishtirok etdi.

“Coca Cola” alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri boʻlib, faoliyati 200 dan ortiq mamlakat bozorini qamrab oladi, 200 dan ziyod brend va 950 dan ortiq ishlab chiqarish korxonasiga ega.

Kompaniyaning Oʻzbekistondagi eksklyuziv hamkori – “Coca Cola İçecek” Turkiyaning “Anadolu Group” tarkibiga kiradi. Hozirgi kunda mamlakatimizda kompaniyaning Toshkent, Urganch va Namangan viloyatidagi 3 ta zavodi faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvda oziq-ovqat sohasidagi, shu jumladan "yashil" yechimlarni, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha hamkorlikning ijobiy surʼati qayd etildi. Bugun Samarqand viloyatida yangi korxona ishga tushirildi. 2025 yilda Namangan viloyatida beshinchi zavod foydalanishga topshiriladi.

Innovatsion faoliyat va tadqiqotlarni rivojlantirish, muhandislar va soha mutaxassislarini tayyorlash muhimligi taʼkidlandi. Investitsiya dasturini yanada kengaytirish, mahsulot turlarini koʻpaytirish, materiallar va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

15 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari boʻyicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan BMT Bosh kotibining oʻrinbosari – Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Vladimir Voronkov davlatimiz rahbariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekistonning BMT institutlari va tuzilmalari bilan, eng avvalo, terrorizm va boshqa transmilliy xatar va tahdidlarga qarshi kurash sohasidagi amaliy hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlagani uchun mamlakatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, Vladimir Voronkov Mintaqaviy ekspertlar kengashini tashkil etish tashabbusi amalga oshirilgani uchun Oʻzbekiston tomoniga alohida minnatdorlik bildirdi. Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan ushbu noyob mexanizmning birinchi yigʻilishi muvaffaqiyatli yakunlangani taʼkidlandi.

BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, shuningdek, Oʻzbekistonning mojarolar hududlaridan fuqarolarni qaytarish, ularni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiya qilish, jumladan, bunda mahalla institutining keng imkoniyatlari va salohiyatidan foydalanish boʻyicha saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Oʻzbekiston va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi oʻrtasidagi hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini nazarda tutuvchi 2024–2025 yillarga moʻljallangan yangilangan "yoʻl xaritasi" imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yoshlarni ekstremizm va terrorizm gʻoyalarining buzgʻunchi taʼsiridan himoya qilish, kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirish va BMT institutlarida yosh mutaxassislar uchun stajirovkalar tashkil etishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Afgʻoniston masalasi yuzasidan fikr almashildi. Bu mamlakatdagi vaziyatga xalqaro eʼtiborni kuchaytirish, afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatishni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari istiqbolli loyihalarni tezlashtirilgan holda amalga oshirish boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishni topshirdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+