"Boʻzatov-FEST" tanlovining super-final bosqichi boshlandi

Soʻnggi natijalar esa bugun kechgacha aniqlanadi va tanlovning Boʻzatov tumanida oʻtkaziladigan yopilish marosimida eʼlon qilinadi.

Madaniyat
15-may, 17:20
"Boʻzatov-FEST" tanlovining super-final bosqichi boshlandi

10 maydan buyon Nukusda oʻtkazib kelinayotgan Yoshlar ovozi "Boʻzatov-FEST" tanlovi bugun super-final bosqichiga yetib keldi. Tanlovning bu bosqichida 4 ta yoʻnalish va 3 ta yosh toifasi boʻyicha finalga qadar yetib kelgan 158 nafar ishtirokchidan 69 tasi ishtirok etmoqda. 

Shunday super-finalchilardan biri Toshkent shahridan Sardor Shavkatov (Estrada yoʻnalishi 23-30 yosh toifasida). U tanlovning super-final bosqichida Botir Zokirovning "Raʼno" qoʻshigʻi bilan qatnashdi. Ammo ishtirokchining soʻzlariga koʻra, super-finalda bu qoʻshiqni emas boshqasini kuylashni rejalashtirgan edi.

“Men oʻzi sahnaga chiqishimdan oldin, fikrimni oʻzgartiryapman doim. Oʻzi finalga ham, super finalga ham boshqa qoʻshiq tayyorlab kelgan edim. Mana hozir ham asli boshqa qoʻshiq tayyorlagan edim, lekin sahnaga chiqib birdan "Raʼno" ni aytgim kelib qoldi va shu qoʻshiqning minusini qoʻyib berishlarini aytdim. Bu qoʻshiq koʻnglimga juda yaqin. Uni anchadan beri tayyorlab kelgan boʻlsam ham birorta tanlovda aytmagan edim. Lekin baribir bu qoʻshiqni qayerdadir aytishimni bilardim. Mana shu konkursga nasib etgan ekan”.

Baxshichilik yoʻnalishi boʻyicha 10-15 yosh toifasida super-finalga oʻtgan Asilbek Sunnatov ham bu bosqich uchun bir emas, ikkita doston tayyorlab, sahnaga chiqishdan avval, qaysi birini ijro etishi haqida qaror qabul qilgan. U finalda Alpomish dostonidan parcha kuylaganda, hakamlar hayʼati unga ovozi  hozir mutatsiya jarayonida ekanligi uchun ehtiyot qilishi kerakligini va kuylashdan tashqari bir nechta cholgʻu asboblarini ham oʻrganishini maslahat berishgan edi. 

Tanlovga Navoiy viloyatidan kelgan Asilbek tengdoshlari kabi birinchi oʻrinni olish istagida. Agar u yutsa, ota-onasini hajga yubormoqchi ekanligini aytdi.

Super-final jarayonlari hali davom etmoqda. Soʻnggi natijalar esa bugun kechgacha aniqlanadi va ertaga tanlovning Boʻzatov tumanida oʻtkaziladigan yopilish marosimida eʼlon qilinadi. Unda 69 ta super-finalchilardan, 12 tasi 1-oʻrin, 12 tasi 2-oʻrin, yana 12 tasi 3-oʻrinni qoʻlga kiritishadi. 

Odinaxon Dehqonova

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+