Maktab oʻquvchilari "Bitiruv kechalari" oʻtkazishi taqiqlandi
"Soʻnggi qoʻngʻiroq"da maktab oʻquvchilari sonidan kelib chiqqan holda faqatgina 1-, 4-, 9-, 11-sinf oʻquvchilari jalb etiladi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi "Soʻnggi qoʻngʻiroq" tadbirlarini oʻtkazishga doir tavsiyalarni eʼlon qildi.
Unga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida "Soʻnggi qoʻngʻiroq" tadbirlari:
- joriy yilning 25 may kuni soat 8:00 dan 9:00 ga qadar tashkil etiladi;
- maktab oʻquvchilari sonidan kelib chiqqan holda faqatgina 1-, 4-, 9-, 11-sinf oʻquvchilari jalb etiladi;
- mahalla faollari, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlikda yongʻin va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilingan holda tashkil etiladi;
- faxriy oʻqituvchilar, ota-onalar, mahalla faollari, oʻrnak boʻladigan maktabning sobiq bitiruvchilari taklif etiladi;
- yil davomida namunali xulq va aʼlo baholarga oʻqib, eng yuqori reyting koʻrsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar ragʻbatlantiriladi;
- maktab hayotida faol ishtirok etayotgan, odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan oʻquvchilarning ota-onalariga "Eng faol ota", "Jonkuyar ona", "Masʼuliyatli ota-ona", "Aʼlochi oʻquvchi otasi", "Bilimli qiz onasi" nominatsiyalari boʻyicha tashakkurnomalar beriladi.
2023-2024-oʻquv yilini yakunlash va "Soʻnggi qoʻngʻiroq" tadbirlarini oʻtkazish davomida quyidagilar taqiqlanadi:
- turli restoran va kafelar, xonadonlarda "Bitiruv oqshomlari"ni oʻtkazish, bosqichli nazorat imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyalarini oʻtkazishda, taʼlim muassasalarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash borasida oʻquvchi va bitiruvchilar hamda ularning ota-onalaridan turli xil pul mablagʻlarini yigʻish;
- bitiruv tadbirlarida oʻquvchilardan qimmatbaho sovgʻalar uchun pul yigʻish, bitiruv kechalariga atab qimmat kiyimlar olish, yengil avtomashinalarda sayr tashkil etish.
- oʻquvchilarning guruh-guruh boʻlib xiyobonlar, istirohat bogʻlari, choʻmilish havzalariga borishi.