382 nafar mutasaddi ishdan olindi
Ular Sayxunobod tajribasining joylardagi ijrosiga sustkashlik bilan yondashgan.
Charm va ipak sanoatini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda Shavkat Mirziyoyev tuman darajasidagi 382 nafar masʼul ishdan olinganini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, aprel oyining oʻzida 365 ming aholi bandligi taʼminlangan va tadbirkorlikka jalb qilingan. Banklar oʻz mijozlarining muammolarini hal qilib, 115 ming kishining ishli boʻlishiga sharoit yaratgan. Mahallalarda 70 mingta mikroloyiha amalga oshirilgan. 465 ming gektar tomorqaga ekin ekilgan.
"Lekin ayrim hududlarda sustkashliklar ham bor. Masalan, oʻrganish oʻtkazilgan 7 ta tumanda oʻnlab tomorqalarda mahsulot ekilmagan. Sustkashlikka yoʻl qoʻygani uchun tuman darajasidagi 382 nafar masʼullar ishdan olingani maʼlum qilindi", deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Davlat rahbari bandlik va aholi daromadi masalasi birlamchi ahamiyatga ega ekanini yana bir bor taʼkidlab, barcha darajadagi rahbarlarni ogohlantirdi.
Sayxunobod tajribasi boʻyicha ishlarni tuman va mahalla kesimida sifatli tashkil etish, aholiga doimiy ish oʻrni va daromad manbai yaratish boʻyicha vazifalar koʻrsatib oʻtildi.