BMT Bosh assambleyasi Falastinni toʻlaqonli aʼzo sifatida qabul qilishga chaqirdi
Buning uchun Xavfsizlik kengashining roziligi, shuningdek, Bosh assambleyada ovozlarning uchdan ikki qismi talab etiladi.

BMT Bosh assambleya Xavfsizlik kengashini Falastinni BMTga qabul qilishga chaqirdi.
Bir necha daqiqalar oldin BMT Bosh assambleyasi BAA taqdim etgan rezolyutsiya loyihasini qabul qildi.
Rezolyutsiya Xavfsizlik kengashiga Falastinni BMTga toʻlaqonli aʼzo sifatida qabul qilishni tavsiya etadi. Shuningdek, rezolyutsiya falastinliklarga, jumladan, quyidagi “huquq va imtiyozlarni” berishni koʻzda tutadi:
2024 yil sentabr oyidan boshlab,
▪️ Falastin delegatsiyasi aʼzolari taklif va tuzatishlarni hozirgidek boshqa davlatlar orqali emas, bevosita mustaqil ilgari surishi;
▪️ aʼzo mamlakatlar orasidan alifbo boʻyicha tartibda joy egallashi;
▪️ Bosh assambleya bosh qoʻmitalari va plenar majlislariga mansabdor sifatida saylanishi.
Falastinni BMTga aʼzo sifatida qabul qilish uchun Xavfsizlik kengashining roziligi, shuningdek, Bosh assambleyada ovozlarning uchdan ikki qismi talab etiladi.
Eslatib oʻtamiz, 19 aprel kuni ham BMT Xavfsizlik kengashi ushbu masala boʻyicha Jazoir taqdim etgan rezolyutsiya loyihasini koʻrib chiqqan edi. Garchi Xavfsizlik kengashining 15 muvaqqat aʼzosidan 12 nafari (jumladan, doimiy aʼzolar Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va Xitoy ham) mazkur rezolyutsiyani yoqlab ovoz bergan boʻlsada, Kengashning yana bir doimiy aʼzosi AQSh veto qoʻygani bois rezolyutsiya rad etilgan edi.