Prezident uch xorijiy delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi

Shavkat Mirziyoyev xalqaro forumga kelgan Turkiya vitse-prezidenti, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti bilan muloqot qildi. 

Siyosat
1-may, 19:47
Prezident uch xorijiy delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi

Shavkat Mirziyoyev 1 may kuni  uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga kelgan Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Suhbat avvalida Javdat Yilmaz davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari va koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Faol muloqotlar barcha darajalarda davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi, qoʻshma loyiha va korxonalar soni, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar koʻpaymoqda.

Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida energetika, konchilik, oziq-ovqat, toʻqimachilik va boshqa ustuvor tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining boʻlajak navbatdagi yigʻilishi kun tartibini tayyorlash, eng avvalo, kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli va madaniy-gumanitar almashinuv dasturini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev 1 may kuni, Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi majlisi arafasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida sheriklikning yuksak darajasiga erishilgani, yaqin va samarali hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda bankning mamlakatimizdagi loyihalari portfeli 4,4 milliard yevrodan oshgan. Ularda xususiy sektor ulushi 70 foizga yaqinlashdi.

Hamkorlik yoʻnalishlari va koʻlamini, eng avvalo, kichik va oʻrta biznes, xotin-qizlar tadbirkorligi, muqobil energetika, raqamli texnologiyalar kabi sohalarda kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston va YeTTB oʻrtasida yangi Sheriklik strategiyasi qabul qilindi.

Bankning faol koʻmagi va bevosita ishtirokida davlat korxonalarini xususiylashtirishga tayyorlash tadbirlari olib borilmoqda, bank-moliya sohasida yirik bitimlar amalga oshirildi, “yashil” energetika, transport infratuzilmasi, ekologiya, va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda meʼyoriy-huquqiy baza takomillashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari suv taʼminoti, energetika, yoʻl infratuzilmasi, “yashil” shaharlarni rivojlantirish borasida yangi loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.

Shuningdek, prezident Toshkent xalqaro investitsiya forumi dasturi doirasida OPEK Xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi prezidenti Abdulhamid Al-Xalifani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari OPEK jamgʻarmasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi muhim oʻrnini qayd etib, Oʻzbekistonda sanoat, infratuzilma, suv taʼminoti va boshqa sohalarda moliyalashtirilayotgan tadbirkorlik loyihalarini yuqori baholadi.

Forum davomida imzolangan qiymati 500 million dollarlik bitim doirasidagi loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi. Hujjatda turizm, logistika, farmatsevtika, ekologiya, xotin-qizlar tadbirkorligi va yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash kabi yangi yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirish nazarda tutilgan

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+