Buxoro shahar hokimi sogʻligʻidagi muammo sabab lavozimidan ozod etildi
Jamol Nosirov uch yil avval, 2021 yil may oyida shahar hokimi lavozimiga tayinlangandi. Uning oʻrnini Qurbon Tursunov egalladi.

Jamol Nosirov sogʻligi yomonlashganligi munosabati bilan Buxoro shahar hokimi lavozimidan ozod etishni soʻrab, ariza bilan murojaat qildi. Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida u lavozimidan ozod etildi, deyiladi viloyat hokimligi xabarida.
Jamol Nosirov uch yil avval, 2021 yil may oyida shahar hokimi lavozimiga tayinlangandi.
Jalol Nosirov (1985 y. t.) Buxoroda tugʻilgan. Buxoro davlat universiteti bitiruvchisi (2005), shu yerda magistratura darajasini olgan (2008). 2017-2020 yillarda Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
U Oʻzbekiston madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida ham ishlagan.
Ayni vaqtga qadar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi issiqlik taʼminotini ekspluatatsiya qilish va rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi vazifasida ishlab kelgan Tursunov Qurbon Ibragimovich Buxoro shahar hokimi lavozimiga tasdiqlandi.