TIV oʻzbekistonliklar halok boʻlgan YTH boʻyicha bayonot berdi
Samara viloyatida ichida 68 oʻzbekistonlik boʻlgan avtobus agʻdarilib ketgandi.
Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Samara viloyatida oʻzbekistonliklar ishtirokida yuz bergan YTH boʻyicha maʼlumot berdi.
"Oʻzbekistonning Moskvadagi Elchixonasi 2024 yil 8 aprel kuni Samara viloyatida sodir boʻlgan baxtsiz hodisa natijasida halok boʻlgan fuqarolarning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Hodisa Samara viloyatidagi Ural-Muxanovo trassasida sodir boʻlgan. Chimkent-Nijniy Novgorod yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan avtobus yoʻldan chiqib ketib, agʻdarilib ketgan. Hodisa vaqtida avtobusda 66 yoʻlovchi boʻlgan. Oqibatda ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻldi, 20 ga yaqin kishi jarohat oldi va tibbiyot muassasalariga joylashtirildi", deyiladi xabarda.
Zarur yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchisi va Qozon shahridagi Bosh konsullik xodimlari voqea joyiga yetib borishgan.
Bu borada diplomatlar Rossiya Federatsiyasining Samara viloyatidagi tegishli tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Vaziyat alohida nazorat ostida ekani maʼlum qilingan.
Eslatib oʻtamiz, 8 aprel kuni Samarada ichida 68 nafar oʻzbekistonlik boʻlgan avtobus agʻdarildi. Oqibatda ikki kishi vafot etgan, 26 kishi jabrlangan.